16-modda. Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar aniqlanganligi to‘g‘risida vasiylik va homiylik organlariga ma’lumotlar taqdim etish
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar aniqlanganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mazkur shaxslar aniqlangan kundan e’tiboran yetti ish kuni ichida ular haqidagi ma’lumotlarni yozma shaklda vasiylik va homiylik organlariga yuboradi.
(16-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan bolalar aniqlangan hollarda, vasiylik va homiylik organi bunday ma’lumotlar olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ularning turmush va ta’minot sharoitlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazishi shart.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 149-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 59 va 60-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 26-maydagi 110-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik organiga ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi haqida”gi nizom.
17-modda. Yashash joyi O‘zbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat bo‘lgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining majburiyatlari
Yashash joyi O‘zbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat bo‘lgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar aniqlangan taqdirda vasiylik va homiylik organlari:
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar aniqlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat reyestriga kiritish uchun ular haqiqatda turgan joydagi tuman, shahar hokimligiga taqdim etadi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxs aniqlanganligi haqida uning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organidan mazkur shaxsning ota-onasi yoki boshqa qarindoshlari, turar joyi va boshqa mol-mulki bor-yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni oladi;
ularni yashash joyiga qaytarishga ko‘maklashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yashash joyi O‘zbekiston Respublikasining boshqa viloyatlari, tumanlari, shaharlari yoki boshqa mamlakat bo‘lgan vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar aniqlanganda vasiylik va homiylik organlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Dostları ilə paylaş: |