Page 321
bo‘lib, u doimiy ravishda pedagogik bilimlarni oshirib borish, yangiliklardan xabardor
bo‘lish, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish asosida rivojlanib boradi. Yosh,
shuningdek, taʼlim muassasasida bir necha yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan
o‘qituvchilarning pedagogik mahoratga ega bo‘lishlari o‘zini kasbiy jihatdan
takomillashtirish yo‘lida bir qator shartlarga amal qilishi hisobiga taʼminlanadi.
Jumladan, mustaqil o‘qib-o‘rganish, yaʼni pedagogika olamida ro‘y berayotgan
yangiliklar haqida maʼlumotlarni beruvchi ilmiy adabiyotlar, Internet materiallari,
bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan xabarlar, shuningdek, ilg‘or
texnologiyalar bilan tanishib borish, ularda ilgari surilayotgan g‘oyalarni o‘qib tahlil
qilish va umumlashtirish, xulosalash asosida mustaqil loyihalarni tayyorlash bo‘yicha
o‘z ustida doimiy izlanish olib borishi kerak. Respublikamiz misolida oladigan bo‘lsak,
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidagi Bosh ilmiy-metodik markaz qoshida
tashkil etilgan Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
tarmoq hamda mintaqaviy markazlarida kasbiy malakalarini oshirish, xalq taʼlimi tizimi
bo‘yicha esa Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufida bo‘lgan Abdulla Avloniy nomidagi
malaka oshirish instituti hamda Respublika taʼlim markazlarida o‘z malaka va
ko‘nikmalarini oshirib borish, doimiy ravishda ilmiy anjumanlar – nazariy va amaliy
konferensiya va seminarlar, pedagogik o‘qish hamda treninglarda faol ishtirok etish,
O‘zbekiston va rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalarida
ularning ish tajribalarini o‘rganish yoki stajirovka o‘tash orqali amalga oshiriladi.
Yuqoridagi kabi talablar asosida pedagogik mahoratga ega bo‘lish taʼlim-tarbiya
samaradorligini taʼminlash garovi bo‘libgina qolmay, ayni vaqtda o‘qituvchining
jamoadagi obro‘-eʼtiborini ham oshiradi, o‘quvchilarda unga nisbatan hurmat hissi
shakllanib boradi. Kasbiy mahoratni oshirish yo‘lida amaliy harakatlarni tashkil etish –
pedagogik faoliyatda yo‘l qo‘yilgan yoki qo‘yilayotgan xatolardan holi bo‘lish,
o‘quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar bilan munosabatda muvaffaqiyatlarga
erishish imkoniyatini yaratadi.
O‘z davrlarida Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher
Navoiy, Yan Amos Komenskiy, Lev Tolstoy, Abdulla Avloniy va boshqalar o‘z
asarlarida o‘qituvchilik kasbi, uning mashaqqatlari, shuningdek, o‘qituvchi shaxsida aks
etishi zarur bo‘lgan sifatlar xususidagi qarashlarni yoritish orqali o‘zlari ham pedagogik
madaniyatga ega ekanliklarini namoyon etganlar. Binobarin, pedagogik jarayonning
mohiyatini anglamagan, bolaga nisbatan chuqur hurmatda bo‘lmagan shaxs taʼlim-
tarbiya samaradorligi va inson kamolotini taʼminlovchi fikrga ega bo‘lmaydi. Ularning
pedagogik madaniyatlari zamirida bolani tushuna olish, unga nisbatan insonparvar
munosabatda bo‘lish, vaziyatni to‘g‘ri baholash, yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan
ziddiyatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda pedagogik jarayonda o‘quvchilar ongiga
singdirilayotgan ezgu g‘oyalarning hayotda mavjudligini taʼminlash yo‘lida qudratli
vosita ekanligiga ishonch hosil qildira olishda o‘z aksini topadi.