4. Talaffuz va nutq sur’ati. O’qituvchi uchun talaffuzning aniq bo’lishi muhim kasbiy sifat bo’lib,
o’qituvchi nutqining o’quvchilar tomonidan to’g’ri qabul qilinishiga hizmat qiladi.
Diktsiya – bu so’z, bo’g’in va tovushlarni to’g’ri, aniq va tushunarli talaffuz qilish
demakdir.
Talaffuzning aniqligi nutq a’zolari, ya’ni lablar, til, jag’lar, tish, qattiq va
yumshoq tanglay, kekirdaq, hiqildoq, ovoz paychalarining uyg’un va izchil
faoliyatiga bog’liq. Nutq tovushlarini hosil qilishda til, lablar, yumshoq tanglay,
kichik tilcha, pastki jag’ faol ishtirok etadi. SHuning uchun ham ularni mashq
qildirish mumkin.
Agar nutqdan kamchiliklar tug’ma, bo’lsa o’quv mashg’ulotlari yordam
bermaydi. Unga tibbiy jarrohlik yo’li bilan ta’sir ko’rsatishga to’g’ri keladi.
Masalan: til ostidagi tugunchani jarrohlik yo’li bilan to’g’rilash, tishlarni mahsus
moslama yordamida to’g’rilash, u yoki bu tovushni talaffuz qilish jarayonida
tilning holatini to’g’rilash uchun mahsus zondlardan foydalanish va sh.k.
Talaffuzdagi noorganik, ya’ni tug’ma bo’lmagan kamchiliklar uyda yoki
maktabda bolaning nutqiga e’tiborsizlikning natijasidir. Talaffuzda ko’p uchrab
turadigan diffekt tez gapirish natijasida paydo bo’ladigani bo’lib, bunda so’zlar
huddi bir-biriga mingashib chiqayotganga o’hshaydi. Tushunarsiz nutq,
tovushlarning tishlar orasidan o’tib chiqishi natijasida paydo bo’ladi, bunda so’z
ohiridagi unlilar yoki so’z orasidagi ba’zi tovushlar tushirib qoldiriladi. Ba’zilar
yuqori lablarini osiltirib gapirganlarida portlovchi va shovqinli undoshlar to’g’ri
talaffuz etilmay chiqadi. Diktsiyani rivojlantirish avvalo artikulyatsiyaga – nutq
organlarining harakatiga bog’liq. Buning uchun mahsus artikulyatsion
gimnastikadan foydalanish kerak. Bu gimnastikaga, birinchidan, nutq apparatini
mashq qildirish, ikkinchidan, har bir unli va undosh tovushlarni to’g’ri talaffuz
qilishga qaratilgan mashqlar kiradi.
Tabiiyki, nutqda allaqachon ildiz otgan noto’g’ri talaffuz malakalarini tezda
yo’qotib bo’lmaydi. Buning uchun qattiq mehnat qilish, sabr-matonat bilan
muntazam mashq qilib borish kerak.