PsixologiyaTilshunoslik Xullas, zamonaviy tilshunoslik tobora kengayib, taraqqiy etib bormoqda. Buning asosini, shubhasiz, tilshunoslik va boshqa fanlar o‘rtasidagi aloqadorlik ta’minlaydi. Psixolingvistika ham ana shunday jarayonning mahsulidir.
Matn psixolingvistik yondashuvlar talqinida.Matnning antropotsentrik mohiyati psixologiya va lingvistika sohalari kesishuvi natijasida yuzaga kelgan psixolingvistikada ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Psixolingvistik tadqiqotlarda matnning matn tuzuvchi – matn – retsipientdan iborat uchlik96 nuqtai nazaridan tadqiq etilishi unda shaxs omilining rolini chuqur o‘rganishni taqozo etadi.
Ma’lumki, psixolingvistika sohasi XX asrning 50-yillarida psixologiya va tilshunoslik fanlarining hamkorligi natijasida yuzaga kelgan. Psixolingvistikaning asosiy tadqiq obyekti nutqiy faoliyat sub’ekti bo‘lgan shaxs, til sohibi hisoblanadi. Rus tilshunosligida mazkur soha rivojiga katta hissa qo‘shgan A.A.Zalevskaya psixolingvistikaning vazifasi haqida yozar ekan, “tilning amal qilishini psixik fenomen sifatida tavsiflash va tushuntirish” ushbu sohaning asosiy maqsadi bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi97.
Psixolingvistikaga doir ko‘plab tadqiqotlar yaratgan rus tilshunosi va psixologi V.P.Belyanin “Osnovы psixologicheskoy diagnostiki (modeli mira v literature)” nomli asarida matnga lingvistik va psixologik yondashuv haqidagi o‘z konsepsiyasini yaratdi. Olimning mazkur kitobdan o‘rin olgan, matn haqidagi qarashlarini aks ettirgan 6 banddan iborat fikrlarini to‘liq keltirishni lozim, deb hisoblaymiz. Zero, ular tilshunosligimizda hali shakllanib ulgurmagan matnning psixolingvistik tadqiq tamoyillari uchun juda muhimdir.
1. V.P.Belyaninning fikriga ko‘ra, nutq ortida nafaqat til tizimi, balki psixologiya ham turadi. (Ayonki, bunda olim nutq yaratilishi jarayonini nazarda tutgan).
2. Har xil matn ortida har xil psixologiya turadi. (Bunda V.P.Belyanin matn tuzuvchining matnda aks etuvchi sub’ektiv xususiyatlarini nazarda tutgan).
3. Badiiy matn tuzilishi aksentuallashgan ong tuzilishiga muvofiqdir. (Bunda Belyanin ong psixik tuzilishining matn tuzilishiga ta’sirini nazarda tutadi. Uning bu fikri keyingi bandda yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi).
4. Hissiy-mazmuniy dominanta98badiiy matnning semantik, morfologik, sintaktik xususiyatlari, shuningdek, uning uslubiyati namoyon bo‘lishida asosiy rolni bajaradi.
5. Matn voqelik – ong – olam manzarasi – til – matn tuzuvchi – retsipient – matn proeksiyasidan iborat tizim unsuri hisoblanadi. (V.P.Belyanin ushbu bandda matn yaratilishi va idrokining barcha lisoniy va nolisoniy omillarini qayd etgan).
6. Retsipientning badiiy asar haqidagi o‘z talqini bo‘lishi mumkin. Bu talqin matn bilan birga retsipientning psixologiyasiga ham bog‘liq bo‘ladi99. (Bu bandda V.P.Belyanin matn idrokining xususiy hodisa ekanligini ta’kidlagan).
Nazarimizda, V.P.Belyanin tomonidan keltirilgan ushbu qarashlar faqat badiiy matnni emas, boshqa uslubdagi matnlarni ham psixolingvistik tahlil qilish uchun asos bo‘la oladi. Xususan, 5-bandda bayon etilgan matnning obyektiv voqelik, ong, olam manzarasi, nutq yaratilishi va uning idroki bilan bog‘liq bo‘lgan serqirra va murakkab hodisa ekanligi haqidagi qarashlar matnning psixolingvistik mohiyatini yaqqol namoyon etadi.
Psixolingvistik tahlilda lisoniy ong masalasi ham markaziy o‘rinlardan birini egallaydi. “Lisoniy ong tashqi faoliyatni til belgilari vositasida rejalashtirish va boshqarishdan iborat bo‘lgan ichki jarayondir”100. U, xususan, muloqotning eng oliy birligi bo‘lgan matn yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Matnning psixolingvistik tadqiqida eng muhim bo‘lgan obyektlardan biri til sohibi – matn tuzuvchi va retsipient faoliyatidir. Ma’lumki, matn inson tomonidan inson uchun yaratiladi. Bu matn yaratilishi va uning idrokidan iborat faoliyat zanjirining antropotsentrik xususiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Psixolingvistik tahlilda muallif-retsipient munosabatlarida amal qiluvchi lisoniy va nolisoniy omillar borki, ularni o‘zaro uyg‘unlikda tadqiq etish kutilgan natijalarni olishga imkon yaratadi.
Tilshunoslikda matn mohiyati, unga xos bo‘lgan asosiy belgilar haqida mavjud bo‘lgan fikrlar101 matnni psixolingvistik aspektda o‘rgangan tadqiqotchilar tomonidan ham e’tirof etiladi. Jumladan, yaxlitlik, informativlik, bog‘lanishlik kabi xususiyatlar matnning asosiy belgilari ekanligi bir qator psixolingvistlarning ishlarida ham qayd etib o‘tilgan102. SHu bilan birga, ushbu tadqiqotchilar matnning psixolingvistik o‘ziga xosligi haqida ayrim qarashlarni ham ilgari surdilar. Jumladan, matnni psixolingvistik aspektda o‘rgangan YU.A.Sorokin uning bog‘lanishlik va yaxlitlikdan iborat belgilariga quyidagi tarzda yondashadi: “Matn yaxlitligi psixologik nuqtai nazardan retsipient va matnning o‘zaro munosabati jarayonida yuzaga keluvchi yashirin proeksion (konseptual) holatdir, shuningdek, bog‘lanishlik til / nutq qurilishi unsurlari barobarida uning qurilish unsurlari bo‘lmagan qismlarning o‘zaro hamkorligi natijasi hamdir103. YAna bir tilshunos A.I.Novikovning fikriga ko‘ra esa matn yaxlitligi faqat uning mazmuniy tuzilishiga xosdir104. A.I.Novikovning ushbu xulosasi psixologik va kognitiv nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘lsa-da, matnning tashqi tuzilishi – sintaktik-struktur jihatini e’tiborga olmaganligi bilan munozaralidir. Zero, matn yaxlitligini uning ichki tuzilishigina ta’minlamaydi.
A.I.Novikov matnning psixolingvistik belgilari qatorida axborot siqiqligi (kompressivnost)ni ham qayd etadi105. Axborot verbal shaklining siqiqligi N.A.Jinkinning har bir matnni bitta gap shakliga keltirish mumkinligi haqidagi g‘oyasiga asoslangan.
A.I.Novikov yuqorida qayd etilgan maqolasida matnni tahlil qilishning yangi bir yo‘nalishi haqidagi qarashlarini ham bayon etgan. Uning fikricha, psixolingvistik va kognitiv tilshunoslikda til turli nuqtai nazarga ko‘ra tahlil qilinsa-da, ular bir nuqtada kesishadi. U mana shu nuqtani “lingvopsixologiya” deb atashni taklif qiladi106.
Matnni psixolingvistik tahlil etish haqidagi ayrim tadqiqotlarda uning kreollashtirilganlik, shakliy uzilish hamda interpretativlik xususiyatlari ham e’tiborga olinishi lozimligi ta’kidlanadi107.
Kreollashtirilganlik (rus tilida: kreolizovannost) kreol108 so‘zidan hosil qilingan bo‘lib, retsipientga ta’sir o‘tkazish maqsadida verbal hamda noverbal shakllarning uyg‘unlashtirilishi tushuniladi. Rus tilshunosi M.B.Voroshilovaning ma’lumotiga ko‘ra, bu tushuncha psixolingvistikaga YU.A.Sorokin hamda E.F.Tarasovalar tomonidan kiritilgan109. Kreollashtirish natijasida “verbal va noverbal unsurlar yagona vizual, tuzilmaviy, mazmuniy va funksional yaxlitlikni hosil qiladi”110. Bunday matnlar sirasiga tadqiqotchi reklama matnlari, kinomatnlarni kiritadi.
Biz ruscha kreolizovannыy tekst terminini o‘zbek tilida uyg‘un matn termini bilan ifodalash ma’qul, deb o‘ylaymiz, chunki bunday matnlarda bir necha nolisoniy va lisoniy faktlarning uyg‘unlashuvidan iborat jarayon hosil bo‘ladi. Fikrimizcha, uyg‘un matnlar nafaqat psixolingvistikada, balki lingvokulturologiyada ham o‘rganilishi lozim. Sababi – uyg‘un matnlarda turli madaniy-semiotik maydonlar o‘zaro aloqaga kirishadi. Masalan, g‘azallar to‘plamidan iborat kitoblarda ko‘pincha CH.Ahmarov miniatyuralari ham beriladi. Bunda she’riy matn mazmuni hamda suratlardagi tasvir o‘zaro uyg‘unlashadi. Bunday usulni ertaklar to‘plamida ham ko‘rish mumkin. Reklama matnlari ham uyg‘un matnga tipik misol bo‘la oladi. Teleekranda namoyish etiladigan reklamalarda uch turdagi madaniy-semiotik maydon: tasvir, musiqa va matn uyg‘unlashuvini kuzatish mumkin. Kinomatnlarda ham og‘zaki matn, tasvir va musiqa uyg‘unligi tomoshabin ruhiyatiga ta’sir etuvchi asosiy omillar hisoblanadi.
YUqorida aytilganidek, bu kabi matnlar funksional yaxlitlikni hosil qiladi. Psixolingvistikada retsipientlarning ana shu yaxlitlikni qabul qilish qobiliyatlari tadqiq qilinadi.
Psixolingvistikaga doir adabiyotlarda qayd etilgan shakliy uzilish (rus tilida: skvajnost) ham matnga oid qiziqarli hodisalardan biridir. Ma’lumki, matnda ketma-ket kelgan jumlalar mazmunan o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Ana shu bog‘liqlik kutilmaganda uzilib qolishi mumkin. O‘.Hoshimovning “O‘zbek ishi” deb nomlangan hikoyasidan olingan quyidagi parchada mana shu hodisani ko‘rish mumkin: Yo‘q, Jumanov Koryaginga emas, deraza tomon intildi. Soqchi eshikdan kirguncha bir hatlab deraza rahiga cho‘kkalab oldi. SHu alpozda bir soniya, atigi bir soniya Koryaginga qaradi. Hozirgina ko‘zlarida yonib turgan g‘azab ifodasi o‘rnida shu qadar chuqur, unsiz nafrat, nochorlik, iztirob... shu qadar teran hayrat bor ediki, Koryaginning yuragi orqaga tortib ketdi. – Jumanov! – Vasiliy Stepanovich deraza tomon talpindi. – Jumanov ...