2. Bosh miya va psixik funksiyalar Po’st ostidagi soha va po’st ostidagi tugunlar differensiallashmagan va umumiy sezuvchanlik markazidir. Emosiya va instinktlarimiz shu soha bilan chambarchas bog’liqdir. Harakatlarimizni idora etish uchun po’st ostidagi tugunlardan targ’il jismning ahamiyati ayniqsa kattadir. Targ’il jism zararlanganda, odatda, harakat kuchayadi, ammo poyma-poy bo’ladi.
3. Periferiyadagi nerv sistemasi Periferiyadagi nerv sistemasi markaziy nerv sistemasi bilan chambarchas bog’liq bo’lib, undan ajralmasdir. Periferiyadagi nerv sistemasi nervlardan tuzilgan: bu nervlar markaziy nerv sistemasidan chiqib va butun organizmga tarmoqlanib, organizmning har bir qismini bosh miya va orqa miya bilan bog’laydi. Bosh miyadan 12 juft nerv, orqa miyadan 31 juft nerv chiqadi (2- rasm).
Periferiyadagi nerv tolalari orqa miya bilan bosh miyaning ichki qismlariga kiradi. Ular bosh miyaning hamma qismlari bilan, jumladan, bosh miya po’sti bilan bog’lanadi.
Periferiyadagi nervlar bosh miya bilan orqa miyadan chiqqanda hiyla yo’g’on (ba’zilari juda ham yo’g’on) bo’ladi. Lekin bu nervlar organizmga yoyilib ketganda, ko’pgina juda ingichka ip va tolalarga bo’linadi, chekka tarmoqlar deb shularni aytiladi.
I.P.Pavlov ta’limotiga ko’ra, periferiyadagi nerv analizatorning bir qismini, ya’ni uning reseptor qismini (chekka tarmoqlarini) va o’tkazuvchi yo’lni tashkil etadi.
Periferiyadagi nervlar ikki xilga, ya’ni sezuvchi va harakatlantiruvchi nervlarga bo’linadi.
Sezuvchi nervlar chekka tarmoqlarning qo’zg’atilishi natijasida hosil bo’lgan qo’zg’alishni markazga, ya’ni orqa miya bilan bosh miyaga o’tkazadi. Tevarak-atrofimizdagi voqye’likni ana shu nervlar yordami bilan sezamiz va idrok qilamiz. Bu nervlar reseptor (sezuvchi), markazga intiluvchi yoki afferent nervlar deb ham ataladi.
Harakatlantiruvchi (yoki motor) nervlar markazdan muskul va bezlarga impuls o’tkazadi. Shu nervlar yordami bilan muskullarimiz harakatga keladi, xilma-xil ish-harakatlar qilinadi, turli bezlar (masalan, so’lak bezlari) ning faoliyati ham shu nervlar yordami bilan idora etiladi. Bu nervlar markazdan qochuvchi yoki efferent nervlar deb ham ataladi.
Harakatlantiruvchi nervlar ayrim organlarning va muskul ayrim qismlari harakatini idora etadi.