5.4. O’qitish va o’rganish jarayonlari tavsifi, o’quv jarayonida ularning o’zaro bog’liqligi Inson faoliyatining hamma asosiy turlari (mehnat, fan, san’at, o‘yin, sport) uning tevarak-atrof olamni va o‘z-o‘zini bilish bilan bog‘langan. O‘qish tevarak-atrofdagi olamni bilishning maxsus tashkil etilgan va o‘qituvchi rahbarlik qiladigan alohida turidir. Bu jarayonning mohiyati – bilim, ko‘nikma va malakalar hosil qilish, o‘quv fanlari mazmunini o‘zlashtirib olish va bilish kuchlarini rivojlantirishdir.
O‘rgatuvchi kishilarning faoliyati o‘rgatuvchi faoliyat yoki o‘qitish deb o‘qiydiganlarning faoliyati esa o‘quv faoliyati yoki o‘qish deb ataladi.
O‘rgatuvchilik faoliyati yoki o‘qitish, o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini boshqarishdan iborat bo‘ladi va ularni mashg‘ulotlar uchun uyushtirishda, ularning diqqati, tafakkuri, hatti-harakati va hokazolariga rahbarlik qilishda, ular oldiga ularning faoliyatini tobora murakkablashtirilgan vazifalarni izchillik bilan qo‘yib borishda, ularni tekshirib borish va hokazolarda o‘z ifodasini topadi.
O‘quv faoliyati yoki o‘qish bilim, ko‘nikma va malakalarni egallab olishning murakkab jaryoni bo‘lib, o‘quvchilarning intellektual, irodaviy va jismoniy kuch-g‘ayratini talab etadi. Hamda ularning rivojlanishini rag‘batlantiradi. O‘qituvchining oqilona biror maqsadga qaratilgan rahbarligi va o‘quvchilarning esa faol ongli ishtirokisiz, ta’lim jarayonida ijobiy natijalar bo‘lishi mumkin emas. Ta’lim jarayonining bu ikki tomoni (o‘qitish va o‘qih) bir maqsad: ta’limning xilma-xil vositalari va metodlaridan foydalangan holda o‘quv-tarbiyaviy materialni egallab olish maqsadi bilan birlashgandir.
5.5. O‘quvchilarning bilish faoliyati va uning tuzilishi O‘qitish o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchining o‘quv materiallarini rejali ravishda bilib olish jarayonidir. Bu jarayonni bilish bosqichidan iborat bo‘lgan tarkibiy qismlarga ajratish mumkin. O‘quvchi bilmaslikdan bilish, uddasidan chiqa olmaslikdan uddulay olish, malakalar hosil qilish yo‘lidan borib, bu bosqichlardan o‘tishi kerak.
O‘qitish jarayoni 4 ta asosiy yearkibiy qismlardan tashkil topgan:
1) o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan materialni idrok etish;
2) uni fahmlab olish, tushunchalarning hosil bo‘lishi;
3) bilimlarni mustahkamlash va takomillashtirish, ko‘nikma va malakalarning hosil bo‘lishi;
4) hosil qilingan ko‘nikma va malakalarni amalda qo‘llash.
Har bir tarkibiy qism uchun o‘quvchilarning muayyan xarakterdagi bilish faoliyati xarakterlidir. Bu faoliyat o‘qituvchi tomonidan alohida rahbarlikni talab etadi.