BOB YUZASIDAN XULOSA Yuqoridagilardan kelib chiqib, shunday xulosaga kelish mumkinki, insondagi barcha sifatlar asosan tarbiya orqali shakllanadi va rivojlanadi. Tarbiyaviy jarayonni modellashtirishda o‘qituvchi bilimli, raqobatbardosh etuk kadrlarni tarbiyalash uchun javobgar shaxs ekanligini unutmasligi kerak. Ushbu vazifalar tarbiya texnologiyalari maqsadlaridan kelib chiqib belgilanadi.
SHu bilan birga tarbiya mazmunining asosiy yo‘nalishlari bo‘lmish, axloqiy, aqliy, jismoniy, ekologik, iqtisodiy, huquqiy va siyosiy tarbiyaning g‘oya va maqsadlari o‘qituvchi tomonidan modellashtirilib, bajariladigan vazifalar belgilab olinadi va amalga oshiriladi.
Tarbiya texnologiyalarining samaradorligini oldindan ko‘ra bilish yoki loyihalashtirishda va tadqiq etishda modellashtirishdan foydalanish to‘g‘risidagi muammo “pedagogik modellashtirish” nomini olgan.
2-BOB TA`LIM MUASSALARIDA TARBIYA TEXNOLOGIYALARINI QO‘LLASH, OLIB BORILADIGAN ISHLAR MAZMUNI VA TAHLILI
2.1. Ijtimoiy tarbiya texnologiyalarini qo‘llashda pedagogik vositalardan foydalanish
Tarbiyalanuvchilarning harakati faol bo‘lishi, ular bilan olib boriladigan tarbiyaviy faoliyat funksiyalari esa doimo almashinib, yangilanib turilishi lozim. SHuning uchun ham tarbiyalanuvchilarning faoliyati ustidan rahbarlik qilishda, o‘qituvchi pedagogik mahoratning boy tajribalariga ega bo‘lishi zarur. So‘nggi yillarda pedagogika fanida tarbiyaviy faoliyatni to‘g‘ri tashkil etishda etakchi yondashuv sifatida turli pedagogik vositalar va metodlar qo‘llanilmoqda. Mazkur faoliyatni mukammal yo‘naltirish uchun quyidagi pedagogik vositalar va metodlardan foydalanish mumkin:
Pedagogik talab jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor, ijtimoiy qoidalar, an’ana va urf-odatlarning muayyan me’yorlarini bajarish uchun o‘quvchiga qo‘yiladigan talablar majmui tushuniladi. Talab ijtimoiy xulq-atvor me’yorlarining yig‘indisi, real masala yoki biror-bir hatti-harakatlarning bajarilishi to‘g‘risidagi aniq ko‘rsatma sifatida ifodalanishi mumkin. Ushbu talablar bajarilish shartiga ko‘ra bevosita yoki bilvosita bo‘ladi. Bevosita ko‘rsatma yoki yo‘riqnomalar axloq me’yorlariga so‘zsiz bo‘ysunish ko‘rinishiga ega bo‘lishi lozim. Bilvosita talablar esa, iltimos, maslahat, imo-ishora ko‘rinishida taqdim etilib, bajarilishi, o‘quvchilarning o‘zlariga havola etiladi. Barkamol, har jihatdan kamolotga erishgan jamoada ko‘pincha bilvosita talablardan foydalaniladi.