Реdagogik ta’lim tizimida modulli o‘qitishning joriy etilishi malakali pedagok kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirishga yordam beradi. Har qanday tizimga joriy etilgan yangilikning samarasi uning ishtirokchilari tomonidan puxta o‘zlashtirib olingan taqdirdagina o‘zining natijasini berishi mumkin. Shu bois pedagogik ta’limni modulli o‘qitish asosida tashkil etish samaradorligini oshirish maqsadida uning monitoringini tashkil etish mavjud subyektiv va obyektiv muammo va kamchiliklarni hal qilish imkoniyatini yaratadi. Modulli o‘qitish XX asrning 60-yillarida paydo bo‘ldi va ingliz tilli mamlakatlarda tez tarqaldi. Modulli o‘qitish nazariyasida modul tushunchasi qandaydir bir tizimining aniq funksional vazifasini bajaradigan (yukini ko‘taradigan) mustaqil biror bir qismini bildiradi. Modul deganda, ma’lum o‘quv predmeti bo‘yicha aniq maqsadni ko‘zda tutib, ob’ektlarning muhim jihatlarini mantiqan tugal va mukammal holda yorituvchi o‘quv materialining didaktik birligini tushunamiz.
Modulli ta’lim – bu bilimlarni nazorat qilish bilan hamohanglashgan, qandaydir mantiqiy yaxlitlik va tugallanganlikka ega o‘quv axborotidagi mantiqiy belgilangan qism.
Ta’limiy modul – unga tegishli metodik materiallar bilan birgalikdagi o‘quv kursining mazmunli qismi.
O‘quv moduli – har bir o‘quv topshiriqlarini bajarish vaqti, nazorat va hisobga olish usullari, o‘quv materiallari (paragraf, mavzu, bo‘lim, fan, integrallashgan kurs)ni o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatmalar. Ko‘proq oddiy va o‘ziga xos tarzda o‘quv moduli uni o‘rganishning ko‘proq oqilona shakl va metodlari bilan birgalikda odatiy o‘quv dasturlari mavzu(bo‘lim)larini aks ettiradi.
Modulli o‘qitishning mohiyati shundani iboratki, ta’lim oluvchi (talaba) o‘ziga taqdim etilgan individual o‘quv dasturi asosida mustaqil ish olib boradi. Bu o‘quv dasturida harakatlarning rejasi, axborotlar bloki, o‘qitish natijalariga erishish bo‘yicha metodik tavsiyanomalar bo‘lishi kerak. O‘qituvchi bu sharoitda nazorat qilishi, maslahat berish, axborotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish vazifalarini bajaradi.