Pirimqul Qodirovning “Yulduzli Tunlar” Asaridagi Qahramon Obrazlar tavsifi.
San'atning boshqa turlari kabi badiiy adabiyot ham hayotni undagi insonlarning ruhiy holati, o'y-fikrlarini aks ettiradi. Hayot hamisha insonlarning tirikchiligi, mehnat faoliyati, kurashi, his-tuyg'ulari, kechinmalaridan iborat. Adabiyotning tasvir mavzuyi, avvalambor, insondir. Inson tasviri yo'q, u ko'zda tutilmagan joyda badiiy adabiyot ham bo'lmaydi. Shunga ko'ra adabiyotshunoslik ilmida markaziy o'rinni egallovchi tushuncha ham obraz qahramon tushunchasidir.Obraz - timsol tushunchasining keng va tor ma'nolari mavjud. Keng ma'nodagi timsol tushunchasi ijodkorning fikr-tuyg'ulari singdirilgan hayot manzarasini anglatsa, tor ma'noda badiiy asarda aks ettirilgan inson siymosini ifodalaydi. Badiiy obraz esa voqelikni faqat sanʼatga xos usulda oʻzlashtirib va oʻzgartirib xarakterlovchi estetik kategoriya. Shuningdek, badiiy asarda ijodiy qayta yaratilgan har qanday voqea ham Obraz deb yuritiladi. Obrazda obyektiv anglash bilan subyektiv ijodiy tafakkur qorishib ketadi. Badiiy Obrazning oʻziga xos xususiyatlari real voqelikka va fikrlash jarayoniga boʻlgan munosabatda aniq namoyon boʻladi. Obraz vokelikning badiiy inʼikosi sifatida real mavjud obyektning hissiy aniq, tayin zamon va makonda davom etgan, moddiy tugal, oʻzicha yetuk xususiyatlariga ega boʻladi. Badiiy obrazni real obyekt bilan chalkashtirmaslik kerak; u shartlilik, ramziylik xususiyati bilan real voqelikdan farq qiladi va asarning ichki «illyuziyali» olamini tashkil qiladi. Obraz voqelikning oddiy inʼikosi boʻlmay, balki uni umumlashtirib, alohida, oʻtkinchi, tasodifiy hodisaning eng mohiyatli, oʻzgarmas, muqim, adabiy jihatlarini ochib beradi. “Yulduzli tunlar“ - oʻzbek yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub tarixiy roman. Asarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqida soʻz yuritiladi. Muallif mazkur roman ustida oʻn yil davomida ish olib borgan.„Yulduzli tunlar“ga „Boburnoma“ hamda „Humoyunnoma“ asarlari asos boʻlgan. Bu asar dunyoga mashhur o'zbek hukmdori, atoqli shoir, o'z davrining qomusiy bilimlari bilimdoni Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag'ishlangan asar bo’lib, zamonaviy o'zbek romanchiligining yetuk namunasi hisoblanadi.O'zbekiston Xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov ushbu roman o'zining talabalik yillaridagi Amir Temur va Bobur Mirzo shaxslariga ixlosmandligi hosilasi ekanini aytgan.
Muhokama va Natijalar
"Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin. “Yulduzli tunlar” ana shu majoziy kemalardan biri tarzida yuzaga keldi. Uni 1972-yilda ilk bor yozib nashrga topshirganimda tog‘day bir yuk yelkamdan tushganday bo‘lgan edi. Lekin mustabid tuzum tazyiqi ostida roman olti yil chop etilmay yotdi. Bu yillar davomida o‘sha zalvarli yukni yana yelkamda ko‘tarib yurganday bo‘ldim. Bobur mirzo temuriylar sulolasini halokatdan qutqarib, asrdan-asrga, mamlakatdan-mamlakatga olib o‘tganligi, bu ulug‘ sulola Hind zaminida yana uch yuz yildan ortiq davr surganligi o‘sha yillardayoq dilimda hayrat va iftixor tuyg‘usini uyg‘otgan edi", deb yozadi adib roman so'zboshisida. Bu asar Movarounnahrdek ulkan saltanatning parchalanib ketishi, Temuriylar sulolasining inqirozi, hokimiyatga erishish ilinjida taxt talashib, bir-birlariga qilich ko'targan og'a-ini, tog‘a-jiyanlarning fojiaviy qismati aks ettirilgan. Roman voqealari orqali o‘quvchi tarixda Temuriylar o‘rtasidagi nizolar, fitna, fisq-u fasod tufayli yuzaga kelgan qonli urushlar, ayovsiz xunrezliklar oqibatida behad qonxo'r beklar zulmidan sillasi butkul qurigan xalqning g‘oyat nochor ahvoli va uyushqoqlikdan bexabar Temuriylarni Shayboniyxon qanchalar oson mahv etgani bilan tanishadi. Roman ikki qismdan iboratligi, birinchi qismda Movarounnahr voqealari, ikkinchi qismda Afg’oniston, Xuroson va Hindistonda bo’lgan hodisalar aks etishini Bobur shaxsiyati birlashtiradi. Syujet, kompozitsiya va qahramon hayotining bunday dedektiv xususiyati qiziqarli va nishob ekanligi uning o’ziga xos, ziddiyatli dialoglar, nafis, halokatli tasvirlar va psixologik monologlarni kashf qiladi. Avvalgi muvaffaqiyatsizlik va keyingi muvaffaqiyatlarning sabablari yorqin ko’rsatiladi. Adib 80-yillarda „Yulduzli tunlar“ romanining mantiqiy davomi sanalmish, Boburning farzandi Humoyun va nabirasi Akbar Jaloliddin Muhammad hayoti haqida hikoya qiluvchi „Avlodlar dovoni“romanini yozgan.„Yulduzli tunlar“ dunyoning bir necha tiliga, jumladan, rus,qoraqalpoq, qirgʻiz, qozoq, urdu, turkman, hind hamda bengal tillariga tarjima qilingan. Zahiriddin Muhammad Bobur 14 fevral 1483-yildaAndijonda tugʻilgan va Amir Temurning beshinchi avlodi, Fargʻona hukmdori Umarshayxning eng katta o’g’il farzandi edi. Boburning onasi - Qutlug‘ Nigorxonim o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Bobur otasi Umarshayxning erta o’limi tufayli 12 yoshda taxtga chiqdi. Boburning birgina maqsadi bobosi Amir Temur barpo etgan davlatni qayta tiklash va u bu yo’lda avvalo ko’hna shahar Samarqandni bosib olishga harakat qila boshladi. Samarqandni qo’lga kiritish yo’lida olib borilgan bir nechta janglardan so’ngina Bobur Samarqandni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.
“Bobur o‘z diniy e’tiqodini e’zozlab, mashoyix va dindorlarni izzat-u ehtirom qilsa-da, ularni o‘z siyosiy muammolariga doxil bo‘lishlariga imkon bermas va firqaparastlik xususidagi maslahatlarni qabul etmasdi. U, shuningdek, mazhab, tabaqa va boshqa ixtilofli masalalarning saroyda tarqalishiga izn bermasdi. Garchi Bobur taqvoli musulmon bo‘lsa ham, mazhabiy «junun»ga moyil emas edi. Ha, hukmdor hind va afg‘on amir - lari salohiyatiga u qadar e’timodi bo‘lmasa-da, ularga doim munosib muomala qilib, do‘stona munosabatda bo‘lardi... Bobur nainki mamlakatda siyosiy ahvolni o‘zgartirdi, balki saltanatni g‘arbiy viloyatlar bilan birlashtirdi. Kushon rojaliklaridan keyin Afg‘oniston va Hindistonning o‘zaro aloqalari uzilgan va sobiq “Turk sultonlari” hukmronligida chegaralar qarovsiz holga tushgan edi. Bobur esa Afg‘oniston va Hindiston o‘rtasida o‘z saltanatini barpo qilib, so‘ng o‘rtadagi shimoliy va janubiy chegaralarini mustahkamladi. Qachonlardir jang-u jadal maydoni bu sarzamin savdo-tijorat hamda madaniy-ma’rifiy markazga aylandi»1 Asar faqatgina Bobur hayotiga bag’ishlanmay balki oddiy qora xalqning kechmishlarini ham tasvirlab bera olgan, shuni hisobga olib asar quvalik oddiy dehqon farzandi bo’lgan Tohir va Robiyaning sevgi qissasi bilan boshlanadi. Quvaga yov bostirib kelayotgani xabari berilganda xalq sarosimaga tushadi ammo jangchilar dushmanlarga hech narsa qila olishmasliklarini anglab Tohir hamda do’stlari kelishib tunda hech kim yo’qligidan foydalanib Quvaga kirish yo’lidagi Quvasoy ko’prigini arralab, qanotlarining ancha joyini sindirib tashlashadi. Tongga yaqin dushman askarlarining ba’zilari ko’prikdan siyrak saf bilan o’tib ketishadi ammo ulardan keyin kelayotgan saflari juda qalin bo’lganligi tufayli ko’prik sinib ketib ko’p sonli jangchilar va tuyalar soyda oqib ketadi. Ko’prik hodisasi sabab dushman tomon ko’p talafot ko’radi va sulh taklif qilishga majbur bo’ladi. Ne- ne beklarning qo’lidan kelmagan xaloskorlik qalblari vatanparvarlik ruhi bilan yo’g’rilgan tavakkalchi yigitlarning qo’lidan kelgani hammani hayratga soladi va haqiqiy qahramonlik nimaligini, yurtga, tug’ilib o’sgan makonga bo’lgan muhabbat qanday bo’lishini oddiy tuyulgani bilan katta jasorat talab qiladigan fidoiylik bilan ko’rsatib berishadi. Umarshayx vafotidan keyingi toj-u taxt tashvishlari Boburni tinimsiz fikrlashga va izlanishga majbur qildi. Mana shunday og’ir sharoitda ham u zo’ravon beklardam biri Ahmad Tanbalning Xonzoda begim bilan turmush qurmoq istagiga qarshi chiqdi, chunki Tanbal yomon beklardan bo’lib Boburga qarshi tomonda ot surar, ichki nizolarni keltirib chiqarar edi lekin Bobur Tanbalga rad javobini bersa ichki kurashlarni avj olishi va ba’zi beklarning unga qarshi bo’lib qolishini bilib turib ham o’z opasi Xonzoda begimning istagiga qarshi borolmadi va opasini bekning tajovuzidan qutqarib qoldi, chunki Begimning ko’ngli boshqa birovda edi. Bu yerda biz Boburning nafaqat jismonan balki ma’nan ham yetuk inson ekanligiga amin bo’lamiz. U opasi bo’mish Xonzoda begimning xohishiga qarshi borolmaydi chunki bu yerda ko’ngil ishi turganini u ich-ichidan his qila oladi va yagona egachisining baxtli bo’lishini har nedan ko’p xohlardi. Asar davomida Xonzoda begim tomonidan ko’rsatilgan ko’plab qahramonliklarga duch kelishimiz mumkin. Ulardan biri, Bobur Samarqandda hayot va o’lim orasida behush bo’lib yotgan paytida bundan xabar topgan Andijon qal’a himoyachilarining bir qismi fitnachilar tomonga o’tib ketadi, aynan shu paytda Andijonga yov bostirib kelayotganini ko’rgan Xonzoda begim erkakcha to’n va bo’rk kiyib, beliga kamar bog’lab, xanjar osib hayot- mamotlari qil ustida turgan qal’a himoyachilariga ko’makka boradi. Bu harakati bilan u xatto ko’p yigitlarning qo’lidan kelmaydigan qahramonlikka qo’l urib oz sonli jangchilar bilan qal’ani himoya qilishga urinadi. Xonzoda begimni biz To’marisga qiyoslasak bo’ladi, chunki har bir o’zbekda Amir Temur,Mirzo Ulug’bek, Bobur Mirzo, Alisher Navoiy, To’maris, Bibixonimlarning qoni oqmoqda ekan, har bir o’zbek o’g’il va qizlari o’z yurti uchun Xonzoda begim kabi jonini garovga qo’yib bo’lsa ham o’z yurtini himoya qilishga tayyordirlar. Asar davomida Xonzoda begim inisi Boburni va oila a’zolarini himoya qilib Samarqanddan sog’-salomat chiqib olishlari uchun o’z orzulari va baxtini qurbon qiladi va yovuz shoh bo’mish Shayboniyxonga turmushga chiqadi. “Yulduzli yunlar” asari bunday qahramonliklarga juda boy asardir. Lekin ulardan eng ta’sirli qahramonlik Xonzoda begimning o’g’li bo’lgan Hurramshoh tomonidan ko’rsatilgan bo’lib hali 10 ga ham kirmasdan tog’asi Bobur uchun o’z jonini xatarga qo’yib jangga kiradi va bir daydi o’q tufayli vafot etadi. Bobur garchi bobosi Amir Temur davlatini qayta birlashtirolmagan bo’lsada Hindistonda tinch va osuda hayot tarzili davlatni tuzishga muvaffaq bo’ladi. Bu haqida ko’plab atoqli olimlar va yozuvchilar o’z fikrlarini bildirib o’tishgan: Rumer Goden: “Bobur bunyod etgan davlat garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan boʻlsa-da, u oʻz saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga koʻtarildi. Oʻz mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan idora qildi. Bu oʻlkani 332 yil davomida mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi”.
Xulosa
Adib asarning oxirini ham ta’sirli qahramonliklar bilan yakunlagan. Asarning oxirida Bobur o’g’li Humoyunni dardini o’ziga oladi va shu kundan boshlab Humoyun tuzala boshlaydi, ammo Boburning ahvoli kundan-kunga yomonlashib boradi. Ko’plab tabiblar Humoyunning dardiga davo topa olishmaydi va uning tuzlishi uchun eng qadrli narsa bag’ishlansagina dardiga davo topilishini takidlashganda, Bobur hech o’ylab o’tirmasdan o’glining dardini o’ziga oladi va mana shu kasallikdan vafot etadi.