Ichki sekretsiya bezlarining ahamiyati.
Ichki sekretsiya bezlari odam tanasining turli qismlarida joylashgan bo‘lib, ularda ishlab chiqariladigan suyuqlik gormon deb ataladi. Bezlarda ishlab chiqariladigan gormon bevosita bezning to‘qimasidan o‘tayotgan qon va limfaga quyiladi. Ichki sekretsiya bezlarida ishlab chiqariladigan gormonlar nihoyatda oz miqdorda, ya'ni grammning milliard qismiga teng. Ammo shunga qaramay, ular odam organizmidagi barcha moddalar almashinuvi jarayonlarida, to‘qima va a'zolar funksiyasining boshqarilishida, bolalar hamda o‘smirlar organizmining o‘sishi va rivojlanvshida, ular balog‘atga yetishida, odam nasl qoldirishida muhim ahamiyatga ega. Ichki sekretsiya bezlarining hammasi birga qo‘shilgan holda organizmning endokrin tizimini tashkil etadi. Bu bezlar odam tanasining turli qismlarida joylashgan bo‘lsa ham, ularning funksiyasi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Shuning uchun odam organizmining endokrin tizimini orkestrga o‘xshatish mumkin, ya'ni har qaysi bezning ish faoliyati boshqa bezlarning funksiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu bog‘liqlikni gipofiz bezi boshqaradi, ya'ni uni "orkestr"ning dirijyoriga o‘xshatish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |