Psixolingvistika nutqiy faoliyat haqidagi fan


Lisoniy shok yoki aldoqchi so‘zlar



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə41/46
tarix13.05.2023
ölçüsü0,82 Mb.
#113110
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46
Психолингвистика Мажмуа2021

Lisoniy shok yoki aldoqchi so‘zlar 
Madaniyatlararo muloqotda madaniy shokka o‘xshash bo‘lgan lingvistik shok hodisasi ham kuzatiladi. Masalan, turk tilida düşmek “yiqilmoq”ni, o‘zbek tilida tushmoq “yuqoridan, balandlikdan pastga tomon yo‘nalmoq; biron transportdan tushmoq va h.k.” yoki zor “juda qiyin”, zo‘r “juda yaxshi” ma’nolarni ifodalaydi. Koreys tilida oppa akani, o‘zbek tilida bunga qarama-qarshi ma’nodagi so‘zni anglatadi. Tillararo bunday omonimiya hodisasi “tarjimonning aldoqchi do‘stlari” muammosi sifatida tasvirlanadi.
Xullas, madaniyatlararo kommunikatsiya turlarining barchasiga xos bo‘lgan 
umumiy xususiyat muloqot ishtirokchilari tomonidan madaniyat farqlarini 
tushunib yetmaslikdir. Gap shundaki, aksariyat kishilar o‘zlarining dunyoni 
tushunishlari, hayot tarzlari va yashash yo‘llarini to‘g‘ri deb hisoblashadi. O‘zlari 
tanish bo‘lgan qadriyatlarni hammabop va barcha uchun tushunarli deb 
o‘ylashadi. Qachonki boshqa madaniyat vakillari bilan to‘qnashganlarida o‘zlari 
to‘g‘ri deb hisoblab kelgan qoliplar ish bermaganida muvaffaqiyatsizlik sababi 
haqida o‘ylay boshlashadi.
15-MA`RUZA: BADIIY MATNNING PSIXOLINGVISTIK TAHLILI
Tilshunoslikda matnni psixolingvistik jihatdan o‘rganish ham o‘ziga xos tarixiga ega. Ayniqsa, tilshunoslar I.Lisakova, A.A.Leontev, N.S.Evchik, A.Shtern, T.A.Drozdovalarning bu boradagi tadqiqotlari diqqatga sazovor.34 Bu yo‘nalishdagi ishlarda matnning yaralishi va tushunilishi (persepsiyasi) bilan bog‘liq jarayonlar, ya’ni inson psixologiyasi va matn yaratish qobiliyati o‘rtasidagi bog‘liqligi masalalari ko‘rib chiqiladi. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda ishlar yuzaga kelmoqda. Xususan, I.Azimovaning nomzodlik dissertasiyasida psixolingvistikadagi matnning mazmuniy persepsiyasiga oid umumnazariy qarashlar sharhi berilgan, matnni tushunishga ta’sir etuvchi lingvistik va ekstralingvistik omillarni psixolingvistik tajribalar asosida aniqlanib, matnni tushunish jarayonining darajalari ko‘rsatilgan, shuningdek, ishda matnning mazmuniy persepsiyasidagi birliklar aniqlanib, ularning formal-semantik xususiyatlari tahlil qilingan.
Psixolingvistik tadqiqotlardan maʼlumki, insonning til qobiliyati toʻrt xil kognitiv malakaning oʻzaro bogʻliqligida rivojlanadi: eshitib tushunish, fikrini ogʻzaki bayon qilish, oʻqib tushunish, fikrini yozma bayon qilish. Eshitib tushunish va gapirish ogʻzaki nutq shakli bilan bogʻliq, oʻqib tushunish va yozish esa tilning yozma shakli bilan. Eshitib tushunish va oʻqib tushunish psixologik tomondan nutqni qabul qilish jarayoni, gapirish va yozish esa nutq yaratish jarayonidir. Mazkur malakalarning har biri insonning turli aʼzolari yordamida yuzaga chiqar ekan, ularning har biri oʻzaro bogʻliqligi bilan birga, bir-biridan farqli ekanligiga eʼtibor qaratish zarur. Xususan, nutqni eshitib tushunish inson bosh miyasining chakka qismida joylashgan neyronlar taʼsirlanishi asosida amalga oshadi; oʻqib tushunish bosh miyaning ensa qismidagi neyronlar yordamida; gapirish bosh miyaning peshona boʻlimidagi nutq aʼzolarini harakatlantiruvchi neyronlar yordamida; yozish esa bosh miyaning peshona boʻlimidagi qoʻlni harakatlantiruvchi neyronlar yordamida amalga oshiriladi. Bir qarashda mazkur farqlar muhim emasday tuyuladi, chunki asosda semantik tizim bitta boʻladi, semantik tizim qolgan hammasini boshqaradiganday tasavvur qilamiz, chunki sogʻlom odamda mazkur toʻrt malakaning jiddiy farqi sezilmaydi. Koʻp kitob oʻqigan odam yaxshi gapiradi, yaxshi yozadi deb qaraladi, bunday boʻlmasa u istisno sifatida eʼtiborga olinmaydi. Mazkur yondashuvga neyrolingvistik tadqiqotlar chek qoʻygan. Nutqiy patologiyasi bor bemorlar kuzatilganda, ularning gapirishi va tushunishida farq borligi aniqlangan. Masalan, Broka afaziyasiga chalingan bemorlar gapni nisbatan yaxshi tushunadi, biroq yaxshi gapira olmaydi, ularning nutqi telegrafik xarakterda boʻladi. Shuningdek, afaziyaga chalingan kishi bir narsaning nomini ogʻzaki aytganda boshqacha, yozma yozib berganda boshqacha aytish holatlari kuzatilgan. Masalan, B.Rapp va A.Karamatsa bir bemor rasmni yozma va ogʻzaki nomlashda ikki xil natija koʻrsatganligini qayd etganlar . Jumladan, bemorga choʻtkaning rasmi koʻrsatilganida bemor yozma javobda “choʻtka” deb yozgan boʻlsa-da, ogʻzaki javobda “taroq” degan. Shuningdek, piyoz rasmi koʻrsatilganda yozma “piyoz”, ogʻzaki “banan”, boyoʻgʻli rasmi koʻrsatilganda yozma “boyoʻgʻli” ogʻzaki “toshbaqa” javoblarini bergan. Bu kabi tajribalar natijalari umumlashtirilib soʻzning inson ongida aks etish modeli yaratilgan. A.Ellis va A.Yang muallifligidagi ushbu modelь markazida semantik tizim turadi. Unda ikkita qabul qiluvchi tizim: koʻrish tahlil tizimi va eshitish tahlil tizimi; ikkita chiquvchi tizim: fonema va grafema darajasi mavjud.



Eshitish tahlil tizimi orqali nutq tovushlari qabul qilinib olar ekan, u audio-kirish leksikonidagi mavjud soʻzlar bilan solishtiriladi va soʻz nutqiy oqimdan ajratib, soʻz sifatida anglanadi, mazkur shaklga bogʻlangan maʼno faollashadi. Mohiyatan olganda biz nutqni turli chastotalarga ega tovush toʻlqinlari sifatida qabul qilamiz. Mazkur toʻlqinlar insonning quloq pardasini turli chastotalarda tebratadi. Bu tebranishlar insonning eshitish tizimi orqali bosh miyaga uzatiladi. Biz eshitib tanigan soʻz – bu bir xilda takrorlangan toʻlqin chastotalari demak. Uning maʼnosi esa oʻsha toʻlqin chastotalari guruhi qabul qilinganda inson turgan vaziyat bilan bogʻliq holda shakllangan boʻladi. Shu zaylda insonda audio-kirish leksikoni shakllanadi. 


Matnni oʻqiganimizda esa biz tekislikda aks etgan turli chiziqlar majmuini qabul qilamiz, ular grafema deb ataladi. Mazkur grafemalarga maʼlum til tizimidagi fonemalar shartli ravishda bogʻlangan boʻladi. Insonda oʻqish tajribasi ortib borar ekan, u soʻzlarni harflab emas, butun qabul qilish darajasiga chiqadi. Bunda soʻzning boshidagi va oxiridagi harf muhim boʻladi. Grafemalarning maʼlum kombinatsiyalari koʻp takrorlanishi ortidan insonda vizual kirish leksikoni shakllanadi. 
Shifokorlarning yozuvi xunuk degan stereotip mavjud. Ular yozgan retseptni nima uchun bemor yoki oddiy sotuvchi oʻqiy olmaydi, lekin dorixonadagi farmatsevt oʻqishda qiynalmaydi? Shifokor retseptda dorilarning nomini yozadi. Dorilarning nomi soʻz sifatida bizning lugʻatimizda faol qoʻllanuvchi soʻzlar sirasiga kirmaydi. Odatda, biz u dorining nomiga birinchi marta duch kelamiz, yaʼni bizning vizual kirish leksikonimizda dorining nomi birlik sifatida mavjud emas. Farmatsevtning vizual leksikonida esa u soʻz bor, shuning uchun shifokorning yozuvi qanchalik tushunarsiz boʻlmasin, farmatsevt oʻzi tanigan ayrim harflar kombinatsiyasidan gap aynan qaysi dori haqida ketayotganligini anglay oladi. 
Inson soʻzlar ekan uning nutq apparati ishlaydi. Uni ishlatishni inson chaqaloqligida turli tovushlarni chiqarib sinab koʻrish orqali oʻrganadi. Bola talaffuzda avval tovush, keyin boʻgʻin, keyin soʻzga oʻtishi ham nutq apparatini boshqarishni sekin-sekin, oddiydan murakkabga tomon oʻzlashtirishini dalillaydi. Oʻzbek bolalarining aksariyati non emas nanna deyishi bola hali nutq apparatini toʻliq boshqara olmayotganini bildiradi. Xususan, o – lablangan unli, uni talaffuz qilish lablanmagan unli boʻlgan a unlisiga nisbatan koʻproq harakat talab qiladi. Soʻzni undosh bilan tugatish oʻpkadan ogʻiz boʻshligʻi orqali chiqayotgan havo oqimini toʻxtatish demak. Unli bilan tugatish esa qoʻshimcha harakat talab qilmaydi. Shuning uchun bola soʻzlarni avval nutq apparatini boshqarishni oʻrgangan darajasida talaffuz qiladi va bu odatda kattalarning talaffuzi bilan bir xil boʻlmaydi. Bola oʻzi talaffuz qilgan soʻzni eshitadi va kattalarniki bilan solishtira olgani uchun oʻz xatosini anglaydi, oʻz talaffuzi ustida ishlashi ortidan soʻzlarning toʻgʻri talaffuzini oʻzlashtiradi. Soʻzni talaffuz etish murakkab jarayon. Masalan, shu non soʻzini olaylik: oʻpkadan chiqayotgan havo oqimi ovoz paychalari, ogʻiz boʻshligʻi va burun boʻshligʻiga taqsimlanib, tilning old qismini tanglayga tekkizib ogʻiz boʻshligʻidagi havo oqimini toʻsib, n undoshini talaffuz qilish, keyin tilni pastga tushirib, tilning orqa qismidagi muskullarni, lablarni harakatlantiruvchi muskullarni qisqartirish bilan o unlisini talaffuz qilish, keyin tilni yana avvalgi joyiga qaytarib n undoshini talaffuz qilish demakdir. Har bir muskul qisqarishi uchun bosh miyadan alohida signallar joʻnatiladi. Maʼlum soʻz qayta-qayta talaffuz qilinar ekan, uning talaffuzi uchun ishlaydagan muskullarga joʻnatiladigan signallarni boshqaruvchi neyronlar oʻrtasida aloqa mustahkamlanib boradi. Shu asosda insonda ogʻzaki chiqish leksikoni shakllanadi. Grafemik chiqish leksikonining shakllanishida ham shu kabi tamoyilga amal qilinadi, faqat unda qoʻlning harakatini nazorat qiluvchi neyronlar guruhi ishlaydi. 
Matnning bir parchasi (ayni vaziyatda matndagi bir soʻz) taʼsirida yuzaga kelgan assotsiatsiya tushunishning boshlangʻich darajasida ongda hosil boʻladi va matn mazmuni toʻligʻicha qabul qilinganda u chetga chiqishi kerak. Masalan, kishi “yuragim...xaritasin tuzib berdim” jumlasini eshitish jarayonida xarita soʻzini alohida qabul qilganda dunyo xaritasi tushunchasi unga assotsiatsiya boʻlishi mumkin. Ammo xarita soʻzini qoʻshiq matni ichida u bogʻlangan yurak soʻzi bilan birga qabul qilar ekan, uning koʻchma maʼnoda qoʻllanganini xulosa qiladi va dunyo xaritasi tushunchasi tushunish jarayonida boshqa ishtirok etmasligi kerak. Keltirilgan misolda dunyo xaritasi tushunchasi klipga orqa fongacha yetib borganligidan bilish mumkinki, xaritasi soʻzining matn ichidagi maʼnosi retsipiyent tomonidan qabul qilinmagan, balki alohida soʻz sifatida qolib ketgan. Mazkur holatlar bizga tushunish jarayonidagi tafsilotlar haqida maʼlumot beradi. Ona tili oʻqituvchisining matnni tushunish jarayonidan toʻliq xabardor boʻlishi, undagi har bir darajada qanday lisoniy birliklar ishlashini bilishi bolaning tushunishiga toʻgʻri baho berish va uning tushunish qobiliyatini oʻstirishga xizmat qiladi. 
Matnni oʻqib tushunish murakkab psixolingvistik jarayon boʻlib, grafemalarni tanish, soʻzni oʻqish, soʻzning lugʻaviy maʼnosini, kontekstual maʼnosini anglash, sintaktik strukturani toʻgʻri hal etish (yaʼni soʻzlarning oʻzaro munosabati, qaysi soʻz gapdagi asosiy tushunchani, qaysilari unga tobe tushunchalarni ifodalayotganini anglash), shuningdek, matn mazmuniy bloklarining oʻzaro bogʻlanishini tushunish kabi darajalardan iborat boʻladi . Mazkur darajalar matnni tushunish, uning mazmuniy proyektsiyasini ongda hosil qilgunga qadar kechadigan jarayonlar boʻlib, matnni oʻqib chiqqan har bir oʻquvchi mazkur darajalardan oʻtib matnni toʻliq tushunadi deb boʻlmaydi. Har bir oʻquvchining qabul qilish qobiliyati har xil boʻlgani uchun matnni bir xilda oʻqib chiqqanlar tushunishning har xil darajasida turgan boʻladi. Oʻqituvchi ushbu darajalarni yaxshi bilsa, savollar yordamida oʻquvchining qaysi darajada turganini aniqlashi, matnni yaxshiroq tushunishi uchun yoʻnalish berishi mumkin boʻladi. Ona tili darsliklaridagi matn bilan ishlash mashqlari ham mazkur nazariy maʼlumotga asoslanishi lozim. Masalan, matnni tushunishning dastlabki darajasi assotsiativ daraja boʻlsa, unda oʻquvchida matn mavzusi, matn uslubi va matndagi soʻzlarga assotsiatsiyalar yuzaga keladi. Keyingi daraja bu leksik-morfologik daraja boʻlib, bunda oʻquvchi matndagi soʻzlarni va ularning maʼnosini tushunadi. Uchinchi daraja kontekstual daraja boʻlib, unda soʻzlarning kontekstual maʼnolari anglashiladi. Fikrimizcha, matn bilan bogʻliq mashqlarda aynan shu uchinchi darajaga koʻproq urgʻu berilishi kerak, chunki unda soʻzlarning matn ichida qanday maʼnoda kelayotgani anglashiladi, demakki, soʻzlar alohida birlik darajasidan matn mazmunining tarkibiy qismi darajasiga koʻtariladi. Oʻquvchiga matnda maʼlum tushunchani ifodalayotgan soʻzlarni va soʻz birikmalarini topish, matndagi jumlani oʻz soʻzlari bilan ifoda etish kabi topshiriqlar soʻzning kontekstual maʼnosiga yaxshiroq eʼtibor berishga undaydi. Shu kabi mashqlar asosida bolada matnni diqqat bilan oʻqish koʻnikmasi shakllanib boradi. 
Ogʻzaki nutq
Inson hayotining dastlabki vaqtidanoq muloqot ehtiyoji sabab tilni oʻzlashtiradi, gapirishga harakat qiladi. Yillar davomida tajriba asosida ogʻzaki nutq oʻzlashtiriladi. 
Jonli suhbatdan tashqari biror nutq soʻzlash talab qilingan vaziyatda jamiyatimizda odatda, bir xil gaplar aytilganiga guvoh boʻlamiz. Toʻyda tabrik aytilganda “Baxt tilayman, doim baxtli boʻling” kabi jumlalar, biror kino yoki hodisaga munosabat soʻralganda aksariyat soʻzlovchilar “menga yoqdi, shunday kinolar koʻpaysin” deb javob beradi. Bunday nutqlarda tahlil, xulosa emas, faqat munosabat aks etadi. Mazkur munosabat ham yo salbiy, yo ijobiy boʻladi. Vaholangki, hodisani har kim oʻz ongi, hayotiy tajribasidan kelib chiqib qabul qiladi va har kimning oʻz talqini boʻladi. Oʻrta taʼlimda bolaning ogʻzaki nutqi biror fandan oʻtilgan maʼlum mavzuni gapirib berishda koʻriladi. Bunda bolaning mavzuni bilish-bilmasligi baholanadi, ogʻzaki nutq mahorati alohida eʼtiborga olinmaydi. Ona tili darslarida ogʻzaki nutq uchun alohida mashgʻulotlar ishlab chiqilishi zarur. Bunda birinchi navbatda bolaning oʻz fikrini lisoniy vositalar yordamida toʻgʻri ifodalash, mavjud lugʻat boyligidan oqilona foydalanish, bir mavzudan chetga chiqmay gapirish, nutqni toʻgʻri strukturalashtirish, yaʼni mavzuga kirish, asosiy fikrni aytish va xulosalash; aytadigan gapi eshituvchiga qanday taʼsir qilishini oldindan baholay olish, tinglovchining diqqatini ushlab turish kabi koʻnikmalar shakllantirilib, takomillashtirilib borilishi zarur. Bu kabi mashgʻulotlarda faqat monologik nutq bilan cheklanmasdan, suhbat, bahslar tashkil etish, bahsda oʻz fikrini bayon qilish va boshqalarning fikrini tinglash, ularga munosabat bildirish kabi koʻnikmalar shakllantirilishi kerak. Inson ongining ishlashi tajribaga asoslanadi. Shuning uchun bolada qaysi koʻnikma hosil boʻlishi maqsad qilinsa, darslarda oʻsha boʻyicha mashqlar muntazam tashkil qilinish kerak. 
Yozma nutq
Oʻrta taʼlimda qoʻllanadigan yozma nutq shakllari asosan, bayon, diktant va inshodan iborat. Bayon va inshoda boladan ijodiylik talab qilinar ekan, u faqat badiiylik nuqtai nazaridan baholanadi. Mavzular ham asosan badiiy uslubga mos holda tanlanadi. Maʼlumki, badiiy matn uchun badiiy tafakkur zarur, badiiy tafakkurning asosida insonning individual hayotiy tajribasi yotadi, yaʼni maʼlum ruhiy holat hayotda kuzatilgan maʼlum predmet yo hodisa bilan assotsiatsiyalanadi. Tabiiyki, professional yozuvchi va maktab oʻquvchisining oʻrtasida yosh jihatdan, hayotiy tajriba jihatidan katta farq bor. Yozuvchi qoʻllagan jumla va obrazlar har doim ham maktab oʻquvchisi uchun tushunarli boʻlmasligi mumkin. Til taʼlimidagi bu nomutanosiblik oʻquvchi til malakasining rivojlanishiga salbiy taʼsir etadi. Natijada, bola oʻz mustaqil fikrini oʻz soʻzlarini bayon qilmay, odatda eshitgan tayyor jumlalardan foydalanishga harakat qiladi. Shu bilan bogʻliq holda bola yozishga boʻlgan ragʻbatini yoʻqotib qoʻyishi yoki umuman paydo qilmasligi mumkin. Yozma nutqni rivojlantirish uchun tanlangan mashgʻulot mavzulari dars berilayotgan vaqt uchun dolzarb va oʻquvchi uchun qiziq boʻlishi kerak. Shunday mavzu tanlanishi kerakki, bola oʻsha haqida fikr bildirish istagi kuchli boʻlsin. U xoh kecha boʻlib oʻtgan futbol matchi boʻlsin yoki mashhur serial boʻlsin. Mazkur masalalarga boʻlgan qiziqishdan bolaning kognitiv rivojlanishini taʼminlash uchun samarali foydalanish mumkin. 
Shuningdek, turli mavzu va uslubdagi matnlar yuzasidan yozma topshiriqlar bajarish oʻquvchining yozma nutq haqidagi bilimi tasavvurlarini kengaytiradi. Bunday topshiriqlar matndan maʼlum kommunikativ vazifada qoʻllangan soʻz va soʻz birikmalarini topish, ularning nima uchun qoʻllanganligiga izoh berish, matn ichidan matnning bir butunligini taʼminlab turishga xizmat qiladigan vositalarni aniqlash, matn va uning boshqa muallif tomonidan yozilgan bayonini qiyoslash kabi mashqlar yozma nutqning charxlanishiga xizmat qiladi. 
Yuqoridagilarni xulosalab shuni aytish mumkinki, har qanday dars psixolingvistik jarayondir, chunki bola unda til vositasida berilgan maʼlumotni dekodlaydi yoki oʻz bilimini ifodalash uchun kodlaydi. Insonning har qanday kognitiv koʻnikmasi tajriba asosida shakllanadi. Mazkur xulosa sunʼiy ong yaratishga urinishning dastlabki paytida vujudga kelgan. Olimlar hatto shaxmat oʻynashday oʻta mantiqiy jarayonda ham tajriba hal qiluvchi ahamiyatga egaligini qayd etganlar. Boshqacha aytganda, qoidani yodlash har doim ham uni amalda samarali qoʻllashni taʼminlaydi degani emas. Insonning til malakalarini qanday namoyon qilishi vaziyat, tinglovchi, ruhiy holat, kayfiyat, taassub kabi omillar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq ekan, nutq jarayonida bu omillarni va ularning taʼsirini farqlay olish nutqning nazorat qilinishini qoidalarga nisbatan yaxshiroq taʼminlaydi. Shuning uchun ham oʻrta taʼlimda ona tili darslari eshitib va oʻqib tushunish, ogʻzaki va yozma nutq koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilishi kerak.

Test savollari








Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin