.1. Psixologiya fanining predmeti 2. Psixologiyaning fan sifatida rivojlanishi 3. Psixik hodisalar va ularning shakllari 4. Psixologik nazariyalarning yo‘nalishlari 5. Hozirgi zamon psixologiya fani va uning fanlar tizimida tutgan o‘rni 6. Psixologiya fanining taraqqiyot tarixi va rivojlanish bosqichi. 7. O‘zbekistonda psixologiya fanining rivojlanish tarixi.
. Psixologiya fanining predmeti.
Har bir fan boshqa fanlardan o‘z predmeti bilan farq qiladi. Boshqa fanlardan farqli ravishda, psixologiya fanining predmeti, u bahs yurituvchi hodisalarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash va tushunish qiyinroq. Buning sababi psixik hodisalarning o‘zgaruvchanligi, odamni qurshab turgan tashqi olamdagi hodisalardan farq qilishida. Psixologiyaning predmeti psixika deb atalmish turli hodisalar (idrok, xotira, tafakkur, iroda va huquq) bo‘lib, ular voqelikdagi haqiqiy hodisa va fanlarga qarama-qarshi qo‘yib kelingan. Psixologiyaning predmeti bo‘lgan munosabat uning nomida aks ettirilgan. «Psixologiya» so‘zi ikki (grekcha so‘z «psyuxe» «jon, ruh», «logos» «ta’limot») birikmasidan iborat bo‘lib, «ruh, jon» haqidagi ta’limot degan ma’noni anglatadi. Psixik hodisalarning barchasi «psixika», «odam psixikasi», «kishining ichki dunyosi», «ruhiy hayoti» kabi nomlar bilan ataladi.
Psixologiya rivojlanish tarixida psixologik bilimlarning to‘planishi ikki yo‘nalishda amalga oshgan: Hayotiy psixologiyaning rivojlanishi; Ilmiy psixologiyaning rivojlanishi. Psixik jarayonlar, psixik xususiyatlar, psixik holatlar haqidagi bilimlar hali yuzaga kelmagan juda qadim zamonlardayoq hayotiy tajriba asosida yuzaga kelgan. Bu bilimlar turli amaliy faoliyat, hamkorlik, o‘zaro munosabatlar jarayonida shakllanib avloddan-avlodga o‘tib, tilda, xalq ijodiyotida, maqollarda, san‘at asarlarida o‘z ifodasini topgan. Masalan, odam xotira jarayonlari haqida ilmiy bilimga ega bo‘lmasa ham biror matnni takror-takror o‘qishi uni yaxshi esga olib qolishga yordam berishini bilgan. Bunday bilimlar keng tarqalgan bo‘lib, ular atrofidagi odamlarning xulq-atvorini tushunishda, kishi o‘z faoliyatini tashqi olamga, voqelikka to‘g‘ri, mos tashkil qilishga xizmat qilgan. Ammo psixologiyadagi hayotiy bilimlarning ostida haqiqat, qonuniyat yotadi deb bo‘lmaydi. Ikkinchidan ko‘pchilik hayotiy bilimlardan turli kasblarga doir amaliy faoliyatda (pedagogika, tibbiyot, ishlab chiqarishda) foydalanib bo‘lmaydi. Bu sohalarda ob’ektiv va ishonchli bilimlar talab qilinadi. Bunday bilimlar ilmiy bilimlardir.