So‘rov va suhbat metodi.
So‘rash va suhbat metodi psixik hodisalarning asosan ichki, sub’ektiv tomonini tekshirish uchun qo‘llaniladi.
Bu metodda tadqiqotlar taxminan quyidagicha o‘tkaziladi. Tadqiqotchi psixik hayot hodisalarining birontasini, masalan, odamda shodlik hissi sub’ektiv ravishda qanday kechishini, poetik ijodiyot jarayoni qanday borishini, irodaga bog‘liq harakatlarda qaror qabul qilish jarayoni qanday ro‘y berishini, biron masalani echganda tafakkur jarayoni qanday borishini va shunga o‘xshash hodisalarni tekshirishni oldindan vazifa qilib qo‘yadi, tadqiqotchi suhbat vaqtida tekshiriluvchi kishiga beradigan savollarni oldindan belgilab oladi. Savollar shunday tartib bilan tanlab olinadiki, tekshiriluvchi kishida qaysi kechinmalar va ong jarayonlarini o‘rganish kerak bo‘lsa, u o‘z javoblarida xuddi o‘sha kechinmalarni va o‘sha ong jarayonlarini oydinlashtirib bersin.
Tekshirishning qanday borishiga va tekshiriluvchi kishining individual hususiyatlariga qarab, suhbat vaqtida savollarni o‘zgartirish, to‘ldirish, boshqacha qilib berish mumkin. Bu vaqtda tadqiqotchi tekshiriluvchi kishini kuzatib, masalan, nutqining hususiyatlarini, mimikasini va shunga o‘xshash xislatlarini qayd qilib turadi.
Beriladigan savollarga tekshiriluvchi kishi tegishli javob qaytaradi. Tekshiriladigan hodisaga va savollarning xarakteriga qarab, tekshiriluvchi kishi ichki kechinmalarini mukammal tasvirlab yoki so‘z bilan istagancha hisobot berib, javob qaytarishi mumkin, ba’zan tekshiriluvchi kishi faqat «ha» yoki «yo‘q» deb javob qaytarishi lozim bo‘lib qoladigan tadqiqot davomida tekshiruvchining barcha savollari va tekshiriluvchining barcha javoblari ipidan ignasigacha o‘zgartirilmasdan to‘la yozib olinadi, protokolda mukammal qayd qilinadi. Iloji bo‘lsa, tekshiriluvchi kishining javoblari magnetofon lentasiga yozib olinadi. Tekshiriladigan bir necha kishi bilan, ba’zan esa o‘nlarcha va yuzlarcha kishilar bilan muayyan bir temada savol-javob va suhbat qilinadi. SHu tariqa rejadagi dastlabki material sistemaga solinadi, statistik jihatdan ishlab chiqiladi, analiz qilinadi, klassifikatsiyaga solinib, xulosa chiqariladi.
So‘rash va suhbat metodi o‘z-o‘zini kuzatish metodi bilan tashqi kuzatish metodining qo‘shilishidan iborat.
Bu erda o‘z-o‘zini kuzatish shunda namoyon bo‘ladiki, tadqiqotchi tekshiriluvchi kishiga savollar berib, uning o‘z ichki ongini chuqurroq bilib olishga majbur etadi. Tekshiriluvchi kishi tadqiqotchining topshiriqlariga muvofiq va tadqiqotchining yordami bilan (savollar ustalik bilan berilganda) o‘zining ichki holatlarini ochib tashlab, tavsiya etadi va nutqida ifodalaydi, so‘zlar bilan javob qaytaradi.
Tashqi kuzatish shunda namoyon bo‘ladiki tadqiqotchi ong jarayonlarini o‘zi ustida emas, balki boshqa kishilar ustida tekshiradi. Psixik hayot hodisalaridan bittasini tekshirish uchun bir kishi bilan emas, balki bir necha kishi, ba’zan esa ko‘plab kishilar so‘rash va so‘zlash metodi bilan tekshirilgani uchun ob’ektiv xulosa chiqariladi. Tekshiriluvchi kishilardan birontasining so‘z bilan qaytargan javoblarini boshqalarining qaytargan javoblariga solishtirib, taqqoslab, tekshirish mumkin.
Suhbat metodining kamchiliklari haqida gapirganda, odatda, bu metoddan foydalanishda tadqiqotchining ta’siri bo‘lishi mumkin deb aytadilar. Tadqiqotchining ta’siri bo‘lishi mumkinligini, albatta, hisobga olish va tekshirishning boshlaridayoq bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Buning uchun savollar shunday berilishi kerakki, ularda qanday bo‘lmasin muayyan javobga ishora ham qolmasin. Bundan tashqari, savollar shunday berilishi kerakki, tekshiriluvchi kishining bir savolga qaytargan javoblarini boshqa savolga qaytarilgan javoblar bilan nazorat qilish mumkin bo‘lsin.
Suhbatni o‘ziga xos tergovga aylantirib yubormaslik kerak. Suhbat samimiy, bemalol bo‘lishi, tekshiriluvchi kishilarning psixik holatiga zo‘r kelmasligi kerak.
Suhbat odam psixik hayotining bevosita kuzatish va eksperimentda aniqlab bo‘lmaydigan protsess va hollari haqida ma’lumot olishga yordam beradigan birdan-bir metoddir, deyish mumkin. Masalan, kosmosga parvoz qilish vaqtida odamning psixik faoliyat hususiyatlari haqida bilim olmoq uchun tadqiqotchi kosmonavtlarning o‘zi bilan suhbat qilishi kerak.
Suhbat metodi shaxsning individual hususiyatlarini (e’tiqodlari, havaslari, jamoaga munosabati, o‘z vazifalarini tushunish) tekshirishda, shaxsning hayoti va faoliyatidagi mahsus voqealar, qahramonlik, ijodiy maqom va shunga o‘xshashlarni tekshirishda qo‘llaniladi.
Bu metod o‘qitish va tarbiyalashning psixik asoslarini tekshirishda, masalan, bolalarning kitobxonlikka havasini, ayrim darslarga munosabatini tekshirishda, o‘quvchilarning uyga berilgan topshiriqlarni bajarishda xotirada qoldirish usullarini, ayrim o‘quvchilarning darslarni sust o‘zlashtirish sabablarini aniqlashda qo‘llaniladi.
Hozir suhbat metodi psixologiyada juda keng qo‘llaniladi, jumladan pedagogik psixologiya, mehnat psixologiyasi, ijodiyot psixologiyasi, kosmik psixologiyada suhbat metodidan foydalaniladi.
Biografiya metodi. Odam psixikasini tekshirish uchun ayrim kishilarning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar, ayniqsa ularning o‘zlari bergan ma’lumotlar (avtobiografiya, kundalik daftarlar, memuarlar, xatlar), shuningdek, boshqa kishilar yozib olgan biografiya ma’lumotlari (biografiyalar, esdaliklar, xatlar, xarakteristikalar va shunga o‘xshashlar) katta ahamiyatga egadir.
Bu ma’lumotlar psixik faoliyat: namoyon bo‘lishining kuzatish va eksperiment yo‘li bilan tekshirib bo‘lmaydigan turlarini, masalan, ijodiy xayol – poeziya, muzika, texnika va boshqa shu kabi sohalardagi ijodiyot yuksak jarayonlarini, ilmiy kashfiyotlarda namoyon bo‘ladigan tafakkur faoliyati yuksak jarayonlarini, kuchli iroda va ma’naviy yuksak sifatlarning alohida ifodasi bo‘lgan qahramonlikni, shuningdek, geniallik, talantlilik va zo‘r qobiliyat kabi xislatlarni ochishga yordam beradi. Odam ongi namoyon bo‘lishining ana shunday turlari to‘g‘risida eng atoqli kishilar bayon qilgan fikrlariga qarab, yoki o‘sha shaxslarga yaqin yurgan kishilarning guvohliklariga qarab ko‘pgina fikr yuritish mumkin.
Bundan tashqari, biografiyaga doir ma’lumotlar odamning individual kamolotida tarbiya, shuningdek, kishining faoliyati va o‘zi ustida ishlashi qanday o‘rin tutgani va qanday ahamiyat kasb etganini ham bilishga yordam beradi.
Faoliyat samaralarini tekshirish. Odamning faoliyat sohalarini, uning mehnat natijalarini tekshirish psixikani bilish uchun muhim vositadir. Odamning kuch va qobiliyatlari u yaratadigan narsalarda gavdalanadi.
Odamzod faoliyatining samaralarini tekshirganimizda biz, shu samaralarni barpo etgan kishilar qanday qilib fikr qilganliklarini, his qilganliklarini, nimaga intilganliklarini, ularning irodasi naqadar kuchli bo‘lganliklarini, ularda qanday mahorat va malakalar bo‘lganligini bilib olamiz. Masalan, biror uy-joyga diqqat bilan qarar ekanmiz, shu uyni qurgan kishilarning konstruksiya-texnika qobiliyatlari qanday bo‘lgani, ularning estetik didi, ma’naviy sifatlari, halolligi, mas’uliyat sezishi va shunga o‘xshashlar haqida fikr yurita olamiz. Ayrim kishilarning, ma’lum bir davr kishilarining, muayyan yoshdagi kishilarning psixikasini ularning faoliyat samaralariga qarab bilsa bo‘ladi.
Kishilarning mehnat va ijodiyot samaralari ularning psixikasini bilish uchun juda muhim manbalardir.
Bu metod turli yoshdagi bolalar psixikasining hususiyatlarini tekshirishda muvaffaqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Masalan, bolalarning o‘zi chizgan rasmlaridan, yasagan qo‘g‘irchoqlaridan ularning nazar doirasi naqadar kengligini, tasavvurlarining xarakterini va hajmini, tafakkur hususiyatlarini, qiziqish-havaslarini va shunga - o‘xshashlarni bilish mumkin.
O‘quvchilarning bajargan ishlarini tahlil qilish pedagogning darsdagi materialni o‘quvchilarning o‘zlashtirish va zarur malaka hosil qilish hususiyatlarini, shuningdek bolalarning qobiliyat va havaslarini tekshirib bilib olishiga yordam beradi.
Kishilar psixikasini bilib olish uchun badiiy adabiyotning ham katta ahamiyati bor.
Dostları ilə paylaş: |