Mavzu yuzasidan maqola Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari bank xizmatlarini tahlil qilib, mavjud muammolar boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.
Hozirgi kunda 33 ta bank, jumladan davlat ulushi mavjud boʻlgan 12 ta bank isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning 85%i davlat ulushi mavjud banklar hissasiga toʻgʻri keladi.
Tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat koʻrsatuvchi bank filiallari soni 876 taga, mini-banklar 4177 taga yetdi.
Ekspertlarning tahliliga koʻra, sohadagi asosiy muammo va kamchiliklar quyidagilar:
bank sohasida davlat ulushining yuqoriligi (bank aktivlarining 80% davlat ulushi mavjud banklarga tegishli);
infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi sababli toʻlov kartalaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklanganligi va bankomatlar sonining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlaridagi oʻrtacha koʻrsatkichdan pastligi (har 100 000 kishiga 48 ta bankomat);
kreditlashda jismoniy shaxslarni qamrab olish darajasining pastligi (kreditlarning faqat 19%i jismoniy shaxslarning ulushiga toʻgʻri keladi, dunyo mamlakatlarida esa oʻrtacha 40%).
Muammolarni bartaraf etish uchun ekspertlar raqamli bank va fintech kompaniyalari kirishiga yanada koʻproq imkoniyat yaratish, hamda banklarda xizmat koʻrsatish shoxobchalarini kengaytirish kerakligini qayd etishgan.
Shuningdek muammoning yechimi sifatida bank xizmatlari koʻrsatishning muqobil usullarini joriy etish bilan isteʼmolchilarga qulaylik yaratish va bank xizmati tranzaksiya vaqti, narxini kamaytirish hamda mijozlar uchun firibgarlik xavfini kamaytirish takliflarini berilgan.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, raqamli bank va fintech kompaniyalari sonini oshirish, online banking xizmatlarini takomillashtirish yo‘llari bilan moliyaviy xizmatlar sohasini yanada rivojlantirishga erishish mumkin.
Natijada qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni oshirish, mamlakat iqtisodiyotini rivojnaltirish bilan birga kambag‘allikni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning 31 ta tijorat banki uchun “Bank faollik indeksi"ni yangilagan edi.
Indeksga koʻra, 17 ta yirik banklar uchun tuzilgan reytingda “Kapital bank” yuqori oʻrinni egalladi. Oʻzbekistondagi 14 ta kichik banklar orasida “Universalbank” ikkinchi chorakda eng faol boʻldi.