Qadimgi Xitoyda majburiyatlarning shartnomalardan kelib chiqadigan turi keng tarqalgan. Huquqiy manbalarda shartnomalarning xilma-xil turlari eslab o`tilgan. Dastlabki shartnomalardan biri ayirboshlash bo`lib, u asta-sekin o`z o`rnini oldi-sotdi shartnomasiga bo`shatib borgan. Yerni olish-sotish bilan bog`liq shartnomalar keng tarqalgan. Manbalarning xabar berishicha, milodning I asrida ayollar va davlat qullari ham yerlarni olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin bo`lgan. Hadya shartnomasiham juda ko`p uchraydigan shartnomalardan edi. Yerlarni, qullarni, aravalarni, qurol-yarog` va boshqa mulklarni hadya qilish tez-tez bo`lib turadigan hodisa edi. Chjango davrida qarz shartnomasi bo`lganligi ma’lum, sudxo`rlik rivojlangan. Qarz shartnomasi qarzdorlik tilxati bilan rasmiylashtirilgan. To`lov muddatini kechiktirish, garovga qo`yish, yozma majburiyatlar berish hollari ham ma’lum. Qarz shartnomasining rivojlanishi qarzdorlik qulchiligining paydo bo`lishiga olib kelgan. Miloddan avvalgi V-III asrlarda yerni ijaraga berish shartnomasi ayniqsa tez-tez tug`ilib turgan. Bundan keyingi vaqtlarda shuningdek shaxsiy ijara shartnomasi keng tarqalgan edi. Ularning shartlari asosan odat huquqi bilan tartibga solingan.
Nikoh-oila va meros
Qadimgi Xitoyda oila patriarxal xarakterga ega bo`lgan. Miloddan avvalgi 356-350 yillarda Shan Yan kuchli markazlashgan hokimiyat tashkil etish yo`lida to`siq hisoblangan nufuzli katta oilalarning, oilaviy urug`-aymoqlarning ajralib chiqishlariga qarshi kurashib, ularni majburiy suratda bo`lib yuborishga karatilgan siyosat yurgizgan.
Li szining V kitobida nikoh yoshining o`ziga xos quyi va yuqori chegarasi: erkaklar uchun 16 yoshdan 30 yoshgacha, ayollar uchun 14 yoshdan 20 yoshgacha qilib belgilangan.
Xotinning nikohni bekor qilish huquqi juda cheklangan.