2-Mavzu Qadimgi Sharqda asotiriy tasavvurlar va falsafiy bilimlarning paydo bo’lishi.
Qadimgi Misr va Bobil falsafasi. Eramizdan avvalgi to’rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki yo’nalishda borgan. Birinchi yo’nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan bog’liq ekanini, ikkinchi yo’nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog’liq bo’lganini ko’rsatadi.
Birinchi holda, asosan, tabiiy bilimlarga tayanilgan, kundalik hayotda duch kelinadigan voqea-hodisalar aniq dalillar asosida tahlil etilgan, o’rganilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarilgan. Bu - o’sha davr uchun tabiiy hol edi, ya’ni u - davrning inson ongida aks etishi, kundalik turmush hodisalarining oddiy bir tarzda ifodalanishi edi. Aynan ana shu hol tabiiy bilimlar rivojiga, garchand sodda tarzda bo’lsa-da, aksariyat hodisalarning falsafiy asosda izohlanishiga sabab bo’lgan.
Ikkinchi holatda esa, hali tabiat kuchlarining qarshisida nihoyatda ojiz bo’lgan odamzod, albatta, tevarak atrofdagi voqea-hodisalarni mifologik izohlashi tabiiy bir hol edi. Shu bilan birga, odamning mavjudlik xossalarini va olam qonuniyatlarini ilmiy tushunish ko’nikmasi hali shakllanib ulgurmagan o’sha qadim zamonlarda, afsona hamda rivoyatlarga asoslanib fikr yuritmaslikning imkoni ham yo’q edi. Bu - o’sha davrlardan qolgan yozma manbalarda, xususan, «Xo’jayinning o’z quli bilan hayotining mazmuni haqida suhbati», «Arfist qo’shig’i», «O’z hayotidan hafsalasi pir bo’lgan kishining o’z joni bilan suhbati» kabi bitiklarda yaqqol namoyon bo’lgan. ularda hayotning, umrning mazmuni, o’sha davrdagi odamlarga xos tuyg’ular bayon qilingan.
Qadimgi Misr va Bobilda shakllangan falsafaning eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, ularda, bir tomondan, xudolarga ishonch, ilohiy kuchlarning tabiat va jamiyatga ko’rsatadigan ta’sirini mutloqlashtirish xususiyati ustuvor bo’lgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, afsona va rivoyatlar tarzida bo’lsa-da, dunyoviy bilimlar, ilmiy qarashlar ham asta-sekin shakllana boshlagan. umuman, bunday xususiyatni, qadim zamondagi barcha sivilizatsiyalarga xos deyish mumkin.
O’sha davrda eng qadimgi Sharq xalqlaridan biri yahudiylarning milliy mafkurasi — iudaviylik shakllana boshlagan. Bu din, asosan, ana shu millatga mansub kishilar o’rtasida yoyilgan bo’lib, eramizdan avvalgi ikki minginchi yillar boshida Falastinda vujudga kelgan. «Zabur» va «Tavrot» kabi muqaddas kitoblar bu dinning asosiy manbalaridan hisoblanadi.
Yahudiylik yahudiy va Falastin xalqlarining ba’zi e’tiqodlarini o’zida aks ettirgan dindir. Eramizdan avvalgi X-VI asrlarda yahudiylik monoteistik (yakka xudolikka ishonish) dinga aylanib, olamni yaratuvchi Yahve xudosiga e’tiqod qilish uning asosiy tamoyili hisoblangan. Bu dinda Muso alayhissalom — payg’ambar, «Tavrot» xudo tomonidan unga yuborilgan ilohiy kitob ekani, qiyomat kunida barcha birdek tirilishi, jannat va do’zaxning mavjudligi, gunohkorlar jazosiz qolmasligi, savobli ishlarni qilganlar u dunyoda rag’batlantirilishlari haqidagi qarashlar ilgari surilgan.
Ko’p yillik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, yahudiylik Sharq xalqlaridan biri — yahudiylarning milliy dini bo’lgani bois, ana shu qit’ada yashovchi boshqa xalqlarga xos bo’lgan ko’pgina diniy qarashlari bilan ham bir qadar mushtarakliklarga ega. Chunonchi, uning zardo’shtiylik bilan o’xshash jihatlari ham yo’q emas. Masalan, «Tavrot» va «Avesto»dagi aksariyat qonunlar, diniy-falsafiy kategoriyalar o’rtasida yaqinlik ko’zga tashlanadi. Umuman olganda esa, barcha dinlar orasida ilohiy qadriyatlarni mutloqlashtirish, xudo g’oyasini muqaddaslashtirish, bu dunyo va u dunyo bilan bog’liq qarashlarga ko’proq e’tibor berish kabi o’xshash jihatlar uchraydi.