7-bob. Elektron platforma orqali malaka oshirish 83. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishni ta’minlash uchun elektron platformadan foydalanilishi mumkin.
84. Elektron platforma barcha xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir ma’lumotlar o‘zida jamlab borilishini ta’minlaydi.
85. Elektron platformaning tuzilishi, elektron platformaga xalq ta’limi xodimlari haqidagi ma’lumotlarni kiritish, qayta ishlash va foydalanish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
Elektron platformada xalq ta’limi xodimlarining elektron portfoliosi shakllantiriladi.
86. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari o‘quv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi o‘quv modullarini mustaqil o‘zlashtirish bo‘yicha interaktiv o‘quv majmualari ham elektron platformaga joylashtiriladi.
87. Ta’lim oluvchi xodim uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari o‘quv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi har bir o‘quv modulini o‘qib o‘zlashtiradi, o‘quv moduli bo‘yicha nazorat ishlarini bajaradi va elektron platforma tomonidan baholanadi (kredit ballari qo‘yiladi).
88. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari o‘quv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi har bir o‘quv modulini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan va nazorat topshiriqlarini bajargan xodimning barcha kredit ballari jamlanadi hamda unga kursni muvaffaqiyatli tugatganligi haqida davlat namunasidagi elektron generatsiya qilingan va elektron imzo yoki uning muqobil shakldagi hujjatni tasdiqlovchi vositalar (QR-kod, shtrix kod) bilan tasdiqlangan hujjat (sertifikat) shakllantiriladi.
89. Har bir o‘quv moduli yoki kursni muvaffaqiyatli o‘zlashtirganlik haqidagi ma’lumotlar xodimlarning elektron portfoliosida aks ettiriladi.
8-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish natijalarini jamlash va baholash 90. Har bir xalq ta’limi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonida to‘plagan kredit ballari elektron platforma tomonidan qo‘shib chiqiladi va natijasi uning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi, shuningdek, buyurtmachi — xalq ta’limi hududiy boshqaruv organlari e’tiboriga havola qilinadi.
91. Belgilangan me’yordan kam bo‘lmagan kredit ballari to‘plagan xodimlarga joriy yil uchun uzluksiz kasbiy rivojlantirishni muvaffaqiyatli amalga oshirgani to‘g‘risida sertifikat shakllantiriladi va xodimning shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi.
92. Har oyning 1-kunida xalq ta’limi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlanishi holati elektron platforma tomonidan monitoring qilinadi va natijalari hududlar, tuman (shahar)lar hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlari bo‘yicha shakllantiriladi.
93. Monitoring natijalari uzluksiz kasbiy rivojlantirishni boshqarish va mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.
94. Monitoring natijasida o‘tgan oyda malaka oshirish kurslarini tugatgan har bir xodim haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan va elektron imzo yoki uning muqobil shakldagi hujjatni tasdiqlovchi vositalar (QR-kod, shtrix kod) bilan tasdiqlanadigan ro‘yxat shakllantiriladi.
Mazkur ro‘yxat xalq ta’limi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlanishi holati haqida ma’lumot beruvchi asosiy manba hisoblanadi.