VI bo‘lim. Obyektlar uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari 25-bob. Odamlar kunu tun bo‘ladigan obyektlarga va turar joylarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 324. Shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablardan tashqari yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida, yotoqxonalarning yashash xonalarida, joylashtirish vositalari nomerlarida yong‘in, portlash va yong‘in-portlash xavfi bo‘lgan modda va materiallar ishlatiladigan va saqlanadigan turli ishlab chiqarish va omborxonalarni tashkil etish taqiqlanadi, shu jumladan, ulardan foydalanish maqsadlari o‘zgarganda ham (ijaraga berilishida ham).
325. Yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida 10 L gacha bo‘lgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni yopiq idishda saqlashga (foydalanishga) ruxsat beriladi. 3 L dan ortiq bo‘lgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar yonmaydigan va sinmaydigan idishlarda saqlanish lozim.
326. Yonuvchi gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarining evakuatsiya yo‘llarida, tsokol qavatlarida, yerto‘la va chordoqlarida saqlashga ruxsat berilmaydi.
327. Oshxonadagi va boshqa maishiy gaz uskunalarini gaz bilan ta’minlaydigan gaz ballonli qurilmalar (alohida ballonlar) gaz ta’minoti tashkilotlarining loyihalariga (chizmalariga) muvofiq o‘rnatilishi hamda ulardan Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari talablariga asosan foydalanish lozim.
328. Dala hovli uylaridan uzoq vaqt foydalanilmaganda, ularning elektr ta’minoti o‘chirilishi va gaz ballonlarining jo‘mraklari (klapanlari) mustahkam yopilishi kerak.
329. Tashrif buyuruvchilar uchun vaqtinchalik yashashga mo‘ljallangan joylashtirish vositalarida, yong‘in xavfsizligi qoidalari aks ettirilgan eslatmalar (yo‘riqnomalar) ushbu Qoidalarga 12-ilovaga muvofiq bir nechta tillarda ishlab chiqilishi lozim.
330. Joylashtirish vositalarida tashrif buyuruvchilar yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan (imzo qo‘ydirish orqali) tanishtirilishi kerak.
Tashrif buyuruvchilarni yong‘in xavfsizligi qoidalari bilan videoroliklar orqali tanishtirish yo‘lga qo‘yilgan taqdirda, imzo qo‘ydirish talab etilmaydi.
331. Joylashtirish vositalari nomerlarida (“elektron qulf” tizimi bilan jihozlangan nomerlar bundan mustasno) isitish moslamalaridan (suv qaynatish va elektr isitish moslamasi, elektr choynaklar, dazmol va boshqalardan) foydalanish taqiqlanadi.
Ushbu ishlar uchun ma’muriyat tomonidan alohida xona ajratilishi lozim.
332. Joylashtirish vositalarining yashashga mo‘ljallangan qavatlarida omborxona, ofis va boshqalarni joylashtirishga ruxsat etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang. 333. Tungi vaqtda odamlar bo‘ladigan ijtimoiy obyektlarda (maktab-internat, bolalar uylari, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qariyalar uylari, shifoxonalar, sanatoriy, yozgi dam olish oromgohlari va boshqalar) xodimlarning kunu tunlik navbatchiligi tashkil etilishi lozim. Navbatchilikda turgan xodimda doimo barcha evakuatsiya eshiklari qulflarining kalitlar to‘plami bo‘lishi, kalitlarning ikkinchi to‘plami navbatchililar xonasida saqlanishi lozim.
(333-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son) To‘plamlardagi har bir kalitda qaysi eshikdagi qulfga taalluqliligi yuzasidan yozuvlari bo‘lishi kerak.
Tungi vaqtdagi navbatchi (qorovul) shahar telefon tarmog‘iga ulangan telefon apparati mavjud bo‘lgan xonada bo‘lishi kerak, ularga uxlash va obyekt hududini tark etishga ruxsat etilmaydi.
Bino qavatlarining yo‘laklarida, xollarda va boshqa evakuatsiya yo‘llarida jihozlarni joylashtirish taqiqlanadi.
334. Har bir yakka tartibdagi va ko‘p kvartirali uylarning turar joylarida o‘t o‘chirgich bo‘lishi tavsiya etiladi.