3-§. Bitumlar va qatronlarni eritish (qaynatish) ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 286. Bitum va qatronlarni eritish qozonlarini yangi qurilayotgan imoratlar, binolar va yonuvchi qurilish materiallaridan kamida 50 m masofada joylashgan maxsus ajratilgan joylarda o‘rnatish kerak.
Qozonlarni binolarning chordoq xonalariga hamda qoplamalarning ustiga (yonmaydigan qoplamalar bundan mustasno) o‘rnatish taqiqlanadi.
287. Yog‘ingarchiliklaridan himoyalash va qozonda alangalangan massani o‘chirish uchun har bir qozon zich yopiladigan yonmaydigan qopqoq bilan ta’minlanishi, bitum qaynab ketganda o‘t yoqish kamerasiga to‘kilishidan himoyalovchi moslama bilan jihozlanishi lozim.
288. Qozonni o‘rnatganda uning o‘t yoqish kamerasi ustidagi cheti qarama-qarshi tomondagi chetidan 5-6 sm ga balandroq bo‘lishi zarur. Qozonning o‘t yoqish kamerasi yonmaydigan materialdan yasalgan qopqoq bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
289. Ishlar yakunlangandan keyin qozonlarning o‘t yoqish kameralaridagi olov o‘chirilishi va ustiga suv sepilishi kerak.
290. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inni o‘chirish maqsadida bitum eritish joyi hajmi 0,5 m3 ga teng bo‘lgan quruq qumli qutilar, 2 ta belkurak va o‘t o‘chirgichlar (ko‘piklik yoki kukunli) bilan ta’minlanishi zarur.
291. Gaz ballonlaridagi gaz yordamida ishlatilganda ko‘chma qozonlarni shamollatiladigan metall shkaflarda ikkitadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, qozondan kamida 20 m masofada joylashtirish kerak.
Metall shkaflar doimo qulflangan holatda turishi zarur.
292. Bitumni eritish yoki isitish vaqtida qozonlarni qarovsiz qoldirish taqiqlanadi.
293. Bitum va qatronlarni erituvchi suyuklik (rastvoritel) bilan eritish taqiqlanadi.
294. Qizdirilgan bitumni erituvchi suyuklik bilan aralashtirishda bitumni suyuqlika qo‘shish lozim. Aralashtirish faqat yog‘ochli qorg‘ich bilan amalga oshirilishi kerak.
295. Qizdirilgan bitumni erituvchi suyuklik bilan aralashtirishda 50 m radiusda ochiq alangadan foydalanish taqiqlanadi.