22-bob. Yonuvchi suyuqliklardan foydalanib kavsharlash ishlarini, qatron va mastika, bitum eritish (qaynatish) ishlarini amalga oshirishga quyiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 1-§. Yonuvchi suyuqliklardan foydalanib metall kesish ishlarini amalga oshirishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 272. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlari uchun ish joyi elektr payvandlash ishlarida bo‘lgani kabi tashkil etiladi. Bunda yengil alangalanadigan va yonuvchi suyuqlikni to‘kib yuborish mumkin emasligiga va ular to‘g‘ri saqlanishiga, kesish va yonuvchi suyuqlik solingan kichik bakdan foydalanilishiga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
273. Yonuvchi suyuqliklar yordamida kesish ishlari bajarilayotgan joyda faqat bir smena ehtiyojlariga yetadigan miqdordagi yoqilg‘i saqlanishi mumkin. Yonilg‘i olovli ishlar olib borilayotgan joydan kamida 10 m masofada soz holatdagi, sinmaydigan, zich yopiladigan maxsus idishda saqlanishi zarur.
274. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlari uchun tarkibida begona aralashmalar va suv mavjud bo‘lmagan yonuvchi suyuqlikdan foydalanish lozim. Yonilg‘i bilan bak hajmining 3/4 qismidan ortiq to‘ldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
275. Yonilg‘i solinadigan bak soz va germetik zich yopiladigan bo‘lishi lozim. Bakda manometr hamda bakdagi bosim 5 atmosferadan ortiq ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan saqlovchi klapan bo‘lishi lozim. Suv yordamida 10 atmosfera bosimida sinalmagan, yonuvchi suyuqliklar sirqib chiqayotgan yoki nasosi nosoz bo‘lgan baklardan foydalanish taqiqlanadi.
276. Ish joyida quyilgan yonuvchi suyuqlikni o‘t oldirib, rezakning to‘g‘irlovchi qismini qizdirish taqiqlanadi.
277. Yonilg‘i solingan bak kislorod solingan ballonlardan va ochiq alanga manbalaridan kamida 5 m masofada, kesuvchining ish joyidan esa — kamida 3 m masofada o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Bunda bakni ish jarayonida olov va uchqun tegmaydigan holatda joylashtirish lozim.
278. Benzin va kerosin yordamida kesish ishlarini olib borishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) yonuvchi suyuqlik solingan bakdagi havo bosimi rezakdagi kislorodning ishchi bosimidan yuqori bo‘lgan holatda kesish ishlarini bajarish;
b) rezakning bug‘latkichini to‘q qizil ranggacha qizdirib yuborish hamda ish bajarish vaqtida rezakni tik holatda, golovkasi bilan tepa tomon ilib qo‘yish;
v) rezakka kislorod va yonuvchi suyuqlikni uzatuvchi shlanglarni siqib qo‘yish, burab yuborish yoki buklab qo‘yish;
g) rezakka benzin yoki kerosin uzatish uchun kislorod shlangidan foydalanish.