V bo‘lim. Yuqori darajada yong‘in xavfi mavjud ishlarni amalga oshirishni tashkil etish 19-bob. Olovli ishlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 1-§. Umumiy qoidalar 219. Quyidagilar payvandlash va boshqa olovli ishlarni (keyingi o‘rinlarda — olovli ishlar) bajarish joylari bo‘lishi mumkin:
a) doimiy — ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan sexlarda, ustaxonalarda yoki ochiq maydonchalarda tashkil etiladigan;
b) vaqtinchalik — bunday ishlarni amalga oshirishga mo‘ljallanmagan va maxsus jihozlanmagan tashkilot va turar joy binolari va inshootlarida (shu jumladan, qurilayotgan va foydalanilayotgan), shuningdek, ularning hududida (ochiq maydonchalarida) qurilmalarni ta’mirlash va qurilish tuzilmalarini o‘rnatish maqsadida bajariladigan.
220. Vaqtinchalik joylarda (qurilish maydonchalari va xususiy uylardan tashqari) olovli ishlarni bajarish uchun tashkilot rahbari yoki yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxs tomonidan ushbu Qoidalarga 11-ilovaga muvofiq shaklda olovli ishni o‘tkazish uchun naryad-ruxsatnomasi rasmiylashtiriladi.
221. Qurilish maydonchalarida va yong‘in xavfi bo‘lmagan joylarda faqat texnika xavfsizligi qoidalarini va ushbu Qoidalarning talablarini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga olovli ishlarni naryad-ruxsatnomasini rasmiylashtirmasdan bajarishga ruxsat beriladi. Yozma ruxsat olmasdan olovli ishlarni mustaqil bajarishga ruxsat berilgan mutaxassislar ro‘yxati obyekt rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
222. Doimiy olovli ishlar amalga oshiriladigan joylar tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan belgilanadi.
223. Olovli ishlar bajariladigan joyni yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan (o‘t o‘chirgich yoki qum bilan to‘ldirilgan quti, belkurak va suv to‘ldirilgan chelak) ta’minlash lozim. Agar payvandlash ishlari amalga oshirilayotgan joy yaqinida ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklari mavjud bo‘lsa, unda ushbu ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklariga yong‘inni o‘chirish yeng va dastaklari ulangan (foydalanishga tayyor) holatda bo‘lishi zarur.
224. Binolar, inshootlar yoki boshqa joylarda olovli ishlar olib borilishida, ushbu joylarning yonida yoki ostida bo‘lgan yonadigan konstruksiyalar metall to‘siqlar bilan yoki suv to‘kilgan holda yonishdan ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak, shuningdek, uchqunlarning tarqalishiga va ularning yonuvchan qismlari tushishi kerak bo‘lmagan joy va qavatga tushishiga qarshi choralar ko‘rilishi kerak.
225. Olovli ishlar tugagandan so‘ng ishni bajaruvchi ushbu ishlar amalga oshirilgan joyni, shuningdek, olovli ishlar ta’siri etishi kerak bo‘lmagan joylar va qavatlarni sinchkovlik bilan tekshirishi, yonuvchan konstruksiyalarga suv quyishi va yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarni bartaraf qilishi shart.
226. Obyekt rahbari yoki binodagi yong‘in xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs vaqtincha olovli ishlar o‘tkaziladigan joy ish tugaganidan keyin 3 — 5 soat ichida tekshirilishini ta’minlashi kerak.
227. Yong‘in va portlash xavfi mavjud joylarda payvandlash, gazli kesish, benzinli kesish va chilangarlik ishlari faqat portlovchi va yong‘in xavfi mavjud mahsulotlar, uskunalar va binolar yaxshilab tozalangach, portlovchi chang va moddalar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda ularning bug‘lari to‘liq tozalagandan so‘ng amalga oshirilishi kerak. Xona doimiy ravishda shamollatilishi va gaz analizatorlari yordamida ekspress-tahlillarni o‘tkazish orqali havo muhitining holati nazorat qilinishi kerak.
228. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar saqlagan idishlarni (tsisternalar, baklar va boshqalarni) payvandlashdan oldin tozalash, kaustik sodali issiq suv bilan yuvish, bug‘lash, quritish va havo muhitini laboratoriya tahlilidan yoki ko‘chma gaz analizatorlari yordamida tekshirish (ekspress usul) hamda shamollatish kerak. Payvandlash ishlari ushbu idishlarning tuynuklari, lyuklari va tiqinlari ochiq holatda, shuningdek, ko‘chma shamollatish orqali amalga oshirilishi kerak.
229. Vaqtinchalik olovli ishlar o‘tkaziladigan joylar va payvandlash moslamalari, gaz ballonlari va yonadigan suyuqlik bilan to‘ldirilgan konteynerlar o‘rnatilgan joylar kamida 5 m radiusda yonuvchi materiallardan tozalangan bo‘lishi kerak.
230. Olovli ishlarni bajarayotganda quyidagilar taqiqlanadi:
a) nosoz bo‘lgan apparatlarda ishga kirishish;
b) yangi bo‘yalgan konstruksiyalar va buyumlarni to‘liq qurimagunga qadar payvandlash, kesish yoki kavsharlash;
v) olovli ishlarni bajarishda yog‘-moy, benzin, kerosin boshqa yonuvchi suyuqliklar izlari qolgan kiyim va qo‘lqoplardan foydalanish;
g) payvandlash joylarida kiyim, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda boshqa yonuvchi materiallarni saqlash;
d) o‘quvchilarga, shuningdek, malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan xodimlarga mustaqil ravishda ishlashga ruxsat berish;
e) siqilgan, suyultirilgan va erigan gazlar ballonlariga elektr simlari tegib turishiga imkon berish;
j) yonuvchan va zaharli moddalar bilan to‘ldirilgan, shuningdek, bosim ostida yoki elektr kuchlanishida bo‘lgan qurilmalar va apparatlarda ish olib borish;
z) tomga gidroizolatsiya va bug‘ izolatsiyasini, yonuvchan va qiyin yonuvchan isitish panellarni o‘rnatish, pol qoplamalarini yopishtirish va yonuvchan loklar, yelimlar, mastikalar va boshqa yonuvchan materiallardan foydalangan holda binolarni pardozlash ishlari bilan bir vaqtda olovli ishlarni bajarish;
i) yonuvchan va qiyin yonadigan issiqlik saqlovchi materiallari bilan qoplangan yengil metall konstruksiyalardan yasalgan binolarda (xonalarda) olovli ishlarni bajarish;
k) xonada bolalar bo‘lganda olovli ishlarni bajarish.