II bo‘lim. Yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qo‘yiladigan umumiy talablar 5-bob. Hududlarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsiziligi talablari 17. Aholi yashash punktlari va tashkilotlarning hududlari hamda tashkilotlarga, turar joylarga, dala hovlilarga va boshqa qurilmalarga tutash qismlari o‘z vaqtida yonuvchi chiqindilar, axlatlar, qadoqlar, xazonlar, quruq o‘tlar va boshqa yonuvchi buyumlardan tozalanishi kerak.
Yonuvchi chiqindilar, axlatlar va shu kabi boshqa buyumlarni maxsus ajratilgan maydonlardagi yonmaydigan materialdan ishlangan konteynerlarga yoki qutilarga yig‘ish va keyinchalik hududdan olib ketish lozim.
18. Bino va inshootlarning yong‘inga qarshi oraliqlarida turli buyumlarni, asbob-uskunalarni, qadoqlarni va transport vositalarini saqlash hamda bino va inshootlarni qurish (o‘rnatish) taqiqlanadi.
19. Hudud va xonalarning joylashtirilishi, binolarning olovga bardoshlilik darajasi, ularning orasidagi yong‘inga qarshi masofalar, xonalardan chiqish eshiklari amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga mos kelishi va yong‘in xavfsizligi ta’minlangan holatda saqlanishi kerak.
20. Binolarga, inshootlarga, ochiq omborlarga, suv ta’minoti manbalariga, statsionar o‘t o‘chirish narvonlariga va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalariga olib boruvchi yo‘llarni, tor ko‘chalarni va o‘tish joylarini to‘sib va yopib qo‘yish taqiqlanadi.
Yo‘llar va tor ko‘chalar qishda qordan va muzlardan tozalanishi kerak.
21. Yo‘llar va tor ko‘chalarni ta’mirlash uchun yopilishi yoki yong‘in o‘chirish avtomobillarining erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa sabablar haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga darhol xabar berilishi hamda ushbu joylarga to‘sib qo‘yilgan yo‘l qismini eng yaqin aylanib o‘tish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilishi yoki yo‘lning ta’mirlanayotgan qismidan o‘tish imkoni yaratilishi kerak.
22. Vaqtinchalik qurilmalar, do‘konlar, kiosklar va shu kabilarni boshqa bino va inshootlardan kamida 15 m masofada (agarda boshqa normalar bilan kattaroq yong‘inga qarshi oraliq masofa talab etilmasa) yoki yong‘inga qarshi devorlar oldiga joylashtirish lozim.
Sanoat korxonalarining hududida (qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan hududlardan tashqari) vaqtinchalik yonuvchan bino va inshootlarni, shu jumladan, vagon va konteynerlarni qurish (o‘rnatish) taqiqlanadi.
23. Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan va “Chekish joyi” belgisi o‘rnatilgan joylardan tashqari, chekish taqiqlanadi.
24. Yoqib yuborish yo‘li bilan zararsizlantirishga ruxsat etilgan chiqindilarni yoqish muassasa xodimlarining nazorati ostida va shamolsiz ob-havoda maxsus ajratilgan joylarda amalga oshiriladi.
25. Yong‘inga qarshi suv manbalarini, tashqi yong‘in narvonlarini, bino va inshootlarga kirish joylarini tezda topish uchun tashkilotlar hududi yetarli darajada tashqi yoritish chiroqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
26. Turar joylar, dala hovlilar va tashkilotlarning hududidagi ochiq maydonlarda ichida yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bo‘lgan idishlarni hamda siqilgan va suyultirilgan gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni qoldirish taqiqlanadi.
27. Ishlab chiqarish korxonalari, shifoxonalar, sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalarining hududiga kirish joylarida mavjud va qurilayotgan bino va inshootlar, hududga kirish joylari, hudud ichidagi yo‘llar va yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalari ko‘rsatilgan sxemalar osib qo‘yilishi kerak. Sxemalar quyosh nuriga, qor va yomg‘irga chidamli materiallardan ishlanishi lozim. Darvozalar, shlagbaumlar va hududga kirishni cheklaydigan boshqa qurilmalar mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lsa, ularni qo‘lda ochish imkoni bo‘lishi kerak.
28. Obyektlar (yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlardan tashqari), dala hovlilar va turar joylar hududida quyidagilar bajarilgan taqdirda ovqat tayyorlash uchun maxsus moslamalar joylashtirilishi mumkin:
a) yonish maydoncha tashqarisiga tarqalishining oldini olish choralari ko‘rilganda;
b) yonish jarayoni doimiy nazoratga olinib, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (o‘t o‘chirgich, suv bilan to‘ldirilgan sig‘im, belkurak va boshqalar) bilan ta’minlanganda. Ovqat tayyorlanib bo‘lgandan so‘ng, yonayotgan va cho‘g‘lanayotgan materiallar to‘liq o‘chirilishi kerak.
29. Tandirlarni joylashtirishda ushbu hududda shamol esishining asosiy yo‘nalishi hisobga olinishi hamda tandir xo‘jalik qurilmalari va turar joyga nisbatan shamol esadigan tomonga qaratib o‘rnatilishi lozim.