9-bob. Moddalar va materiallarni saqlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 1-§. Umumiy qoidalar 66. Moddalar va materiallarni saqlash (joylashtirish) ularning agregat holati, saqlash muvofiqligi, shuningdek, o‘chiruvchi moddalarning bir xilligini hisobga olgan holda ushbu Qoidalarga 10-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi. Obyektlarda noma’lum tarkibli, portlovchi va yonish xavfi bo‘yicha xususiyatlari o‘rganilmagan moddalar va materiallardan foydalanish va saqlash taqiqlanadi.
67. Havo, suv, yonuvchan moddalar bilan tasirlashganda o‘z-o‘zidan yonib ketishi yoki portlovchi aralashmalar (kalsiy karbidi va boshqa karbidlar, ishqoriy metalllar, natriy gidridi, bariy peroksidi va boshqalar) hosil qilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy reaktivlar bunday tasirlanishni butunlay istisno qiladigan, shuningdek, yuqori harorat va mexanik ta’sirlardan xoli maxsus sharoitlarda saqlanishi kerak.
68. Mahsulotlarni omborlarda saqlash uning holatini nazorat qilish uchun erkin kirish imkoni yaratilgan holda amalga oshirilishi kerak. O‘tish joylari va saqlash joylari polda aniq ko‘rinadigan chegara chiziqlari bilan belgilanishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi o‘tish yo‘llari bo‘sh bo‘lishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi kengligi kamida 1 m bo‘lgan yo‘laklar, maydoni 300 m2 dan ortiq bo‘lgan omborxonalarda esa devor bilan shtabellar (stellaj) o‘rtasida qo‘shimcha ravishda 0,8 m yo‘laklar qoldirilishi lozim.
Chiroqlardan saqlanadigan tovarlargacha bo‘lgan masofa 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
69. Omborxona binolari va xonalarida moddalar va materiallarni joylashtirish rejasi osib qo‘yilishi kerak. Ushbu rejalarda moddalar va materiallarning saqlash joylari, shuningdek, ularning fizik va kimyoviy xususiyatlari aks ettirilishi lozim.
70. Portlab yonish va yong‘in xavfi bo‘lgan moddalar va mahsulotlarni ishlab chiqarish xonalarida (agar bu ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lsa), bir smena ehtiyojlaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda saqlashga ruxsat etiladi. Bunda ular maxsus ajratilgan joylarda, mahkam berkitiladigan yonmaydigan shkaf yoki qutilarda saqlash shart.
71. Konteynerlarni ochish, sozligini tekshirish hamda kichik ta’mirlash ishlari, mahsulotlarni qadoqlash, yong‘inga xavfli suyuqliklarning (nitro bo‘yoqlar, lok va boshqa yonuvchi suyuqliklarning) aralashmalarini tayyorlash bilan bog‘liq barcha ishlar saqlash joylaridan ajratilgan (izolatsiyalangan) xonalarda amalga oshirilishi kerak.