2-§. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni hamda yonuvchi gazlarni saqlash, tashish va tarqatishga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 72. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni ish joylariga yetkazib berish markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi kerak. Smena ehtiyoji 200 L gacha bo‘lganda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni xavfsiz germetik qadoqlarda ish joyiga yetkazib berishga ruxsat etiladi.
73. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarni to‘kishda (quyishda) sig‘imlarning germetikligini ta’minlovchi va bug‘larni ushlab turuvchi avtomatlashtirilgan quyish moslamalaridan foydalanish lozim. Bunda hudud atrofidagi havoda gaz yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
74. Texnologik apparatlarni va sig‘imlarni to‘ldirish va bo‘shatish uchun uskunalardan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni ochiq oqim bilan quyilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
75. To‘kilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni sorbent materiallar (qipiq, qum) yoki boshqa yong‘inga qarshi vositalar yordamida zudlik bilan yig‘ib olish hamda binolar va tashqi qurilmalar hududidan olib chiqilishi lozim. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning avariyaviy to‘kilishini bartaraf etish uchun obyektda avariyaviy sorbent zaxirasi bo‘lishi kerak.
76. Texnologik shartlarga ko‘ra ochiq qurilmalar, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bo‘lgan sig‘imli idishlar va konteynerlardan foydalanishni taqiqlab bo‘lmaydigan sexlarda quyidagilarni ta’minlash zarur:
a) ochiq vannalar va sig‘imlarda soz holatdagi uchqundan xavfsiz qopqoqlarning bo‘lishini hamda ularni ishlatilmayotgan paytda va yong‘in davrida yopilishini;
b) suyuqlikni statsionar vannalar va sig‘imlardan avariyaviy to‘kib olinishini.
77. To‘kish-quyish jarayonida idishlar toshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Isitiladigan yoki yozda uzoq muddat saqlanadigan rezervuarni yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bilan to‘ldirishda suyuqlik miqdori (rezervuarning toshib ketishining oldini olish uchun) qizdirilganda suyuqlikning kengayishini hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
78. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar bilan ishlashda sintetik matolardan tikilgan maxsus kiyimlardan foydalanish taqiqlanadi.
79. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar omborlari hududiga, shuningdek, ushbu omborlar estakadalariga qayta ishlangan gazni chiqarib yuborish tizimlarida uchqun so‘ndirgichi bo‘lmagan va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari bilan jihozlanmagan traktorlar, avtomobillar, teplovozlar va boshqa ichki yonish dvigatelli transport vositalarining kirishi taqiqlanadi.
80. Yuklarni tushirish paytida, rezervuarlarni ko‘rikdan o‘tkazishda, namuna olish yoki suyuqlik darajasini o‘lchashda ish joyini yoritish uchun portlashdan himoyalangan fonarlardan foydalanish kerak. Yuklarni ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylarda ochiq olovdan foydalanish taqiqlanadi.
81. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar saqlanadigan shisha idishlar germetikligi yo‘qotilishini istisno qilish maqsadida yonmaydigan taglik va bo‘sh joylari singdiruvchi materiallar bilan to‘ldirilgan yog‘och, plastmassa, metalldan tayyorlangan mustaxkam qutilarga qadoqlanadi. Qutilarning devorlari yopilgan shisha idishlardan 5 sm dan balandroq bo‘lishi kerak.
82. Sig‘imi 30 L dan ortiq bo‘lgan yengil alangalanuvchi suyuqliklar saqlanadigan shisha idishlarni ustma-ust saqlanishi hamda ularni stellajlarga yoki shtabellarga qo‘yish taqiqlanadi.
83. Omborlarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar barabanlarini qo‘lda joylashtirishda polga 2 qatordan ko‘p bo‘lmagan tarzda o‘rnatish kerak, mexanizatsiyalashtirilgan joylashtirishda — yonuvchi suyuqliklar 5 qatordan oshmasligi, yengil alangalanuvchi suyuqliklar esa — 3 ta qatordan oshmasligi kerak. Shtabelning kengligi 2 ta barabandan katta bo‘lmasligi lozim. Barabanlarni tashish uchun asosiy o‘tish joylarining kengligi kamida 1,8 m, shtabellar orasi esa kamida 1 m bo‘lishi kerak.
84. To‘ldirilgan barcha ballonlarning ventillari va rezbali ulanish joylarining germetikligi tekshirilishi kerak.
85. Yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlar oqib (sizib) chiqish holatlarida quyidagilarni bajarish kerak:
a) barcha texnologik operatsiyalarni, shuningdek, yong‘inga xavfli vaziyatni qurshab olish va bartaraf qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan transport vositalarining harakatini to‘xtatish, mumkin bo‘lgan yondirish manbaini (olov, uchqun va boshqalar) bartaraf etish;
b) voqea joyiga avariya xizmatlarini va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarini chaqirish. Temir yo‘l liniyalari kirgan obyekt hududida avariya holati yoki to‘kilgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning yonishi kuzatilganda darhol temir yo‘l stansiyasi navbatchisiga xabar berish kerak. Xabarda yong‘in xavfi yoki yong‘inning xususiyati, tsisterna-vagonlarda tashilayotgan yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda yonuvchi gazlarning nomi, ularning miqdori ma’lum qilinishi kerak.
86. Havo sharlarini va shunga o‘xshash boshqa buyumlarni to‘ldirish (shishirish) uchun yonuvchi gazlardan foydalanish taqiqlanadi.