3-§. Temir yo‘l tsisternalari va quyish-to‘kish estakadalariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 87. Estakadada mahsulotlarni to‘kish va quyish vaqtida manevr ishlarini bajarish taqiqlanadi.
Ikki tomonlama estakadalarda yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni quyish va to‘kishda, quyish-to‘kish jarayoni tugamaguncha ikkinchi yo‘lga tsisterna kiritilishi taqiqlanadi.
88. Quyish-to‘kish ishlari boshlanishidan oldin tsisternalar uchqun hosil qilmaydigan materialdan tayyorlangan maxsus tormoz boshmoqlari yordamida relsga mahkamlanadi.
89. Sisternaning nosoz ostki quyish qurilmalarini ularning konstruksiyalarida ko‘zda tutilmagan moslamalar, shuningdek, uchqun chiqaruvchi materialdan yasalgan moslamalar yordamida ochishga ruxsat etilmaydi.
90. Mahsulotni quyish-to‘kish harakatlari tugagach quyish-to‘kish ustunlari, quvurlar, vakuum va ochish uchun mo‘ljallangan idishlar, o‘lchagichlar, mahsulot qabul qilgichlar va boshqa jihozlardan mahsulot bo‘shatilishi va tsisternalarning lyuk qopqoqlari germetik ravishda yopilishi kerak.
91. Quyish-to‘kish estakadalari hududida tsisternalarni ta’mirlash taqiqlanadi.
92. Sisternalardan yonuvchi gazlar to‘kilayotgan sig‘imlar, to‘kish quvurlariga ega bo‘lgan tsisternalar, shuningdek, to‘kish vaqtida ishlayotgan nasos va kompressorlar qarovsiz qoldirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
93. Quyish-to‘kish ishlari amalga oshirilmayotgan vaqtda tsisternani kommunikatsiyalarga ulab turish taqiqlanadi. Yonuvchi gazlarni quyish yoki to‘kish paytida uzoq tanaffus paydo bo‘lsa, ulash shlanglari tsisternadan uzib qo‘yilishi lozim.
94. Yonuvchi gazlar bilan tsisternani to‘ldirish jarayonida tsisterna qozonidagi gaz darajasini nazorat qilish kerak. Agar mahsulot oqishi (sizib chiqishi) aniqlansa, tsisternani to‘ldirish to‘xtatiladi, mahsulot to‘kiladi, bosim tushiriladi va nosozlikni aniqlash va bartaraf etish choralari ko‘riladi.
95. Ta’mirlash ishlarini olib borishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) qozonni yuklangan va bo‘sh holatida uni degazatsiya qilinishidan oldin ta’mirlash;
b) tsisterna qozoniga zarba berish;
v) uchqun chiqaruvchi vositadan va tsisternaga bevosita yaqin tarzda ochiq olovdan foydalanish.
96. Suyultirilgan uglevodorod gazi oqishida (sizib chiqishida) quyidagilarni bajarish lozim:
a) suyultirilgan uglevodorod gazini to‘kish (quyish) bo‘yicha barcha texnologik operatsiyalarni to‘xtatish, shuningdek, yong‘in xavfi holatini qurshab olish va bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lmagan poyezdlar harakati va manevr ishlarini to‘xtatish, potensial yonish manbaini (olov, uchqun va boshqalar) bartaraf qilish;
b) suyultirilgan uglevodorod gazi to‘kilgan joydan yonuvchan moddalarni olib tashlash;
v) oqishni to‘xtatish va (yoki) tsisterna ichidagi suyultirilgan uglevodorod gazini boshqa soz tsisternaga (sig‘imga) o‘tkazish;
g) suyultirilgan uglevodorod gazi bilan to‘ldirilgan tsisterna-vagonni xavfsiz zonaga olib borish;
d) voqea sodir bo‘lgan joyga avariya-qutqaruv bo‘linmalarini va gaz ta’minoti xizmatini chaqirish;
e) suyultirilgan uglevodorod gazini tunnellar, yerto‘lalar, kanalizatsiyaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rish.
97. Agar intensiv oqim bo‘lsa, gazning tsisternadan butunlay chiqib ketishiga imkon yaratish, bunda 200 m radiusdagi gaz yig‘ilishi mumkin bo‘lgan zonalarni gaz tarqalib ketkunga qadar kuzatib turish kerak.