3. Ma’lumki, barcha dinlarda elchilarni o‘ldirish haromdir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Joriy bo‘lgan sunnatga ko‘ra, elchilar qatl qilinmaydi”.
4. Bu ulkan, muhim, uzun mavzu borasidagi gapni muxtasar qiladigan bo‘lsak, sizlar ayollarni qamoqlardagi, kontslagerlardagi sharoitga solib qo‘ydingiz. Ularni o‘z qarashingizga ko‘ra kiyinishga majburladingiz, ko‘chaga chiqishlarini va ta’lim olishlarini man qildingiz. Holbuki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” deganlar. Qur’oni Karimdan birinchi tushgan so‘z “O‘qi!” bo‘lgan. Alloh taolo Niso surasida “Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko‘plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo‘rqinglar! U bilan o‘zaro so‘rovda bo‘ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik(aloqalari)dan qo‘rqing. Albatta, Alloh ustingizdan kuzatib turuvchidir” degan (1-oyat). Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ayollarga yaxshilik qiling”, deganlar.
5. Sizlar bolalarni urushda, odam o‘ldirishda qatnashishga majburladingiz, ularni shunga o‘rgatdingiz. Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi: “Sizlarga nima bo‘ldiki, Alloh hamda «Robbimiz, bizni ushbu aholisi zolim shahardan chiqargin, bizga O‘z tomoningdan valiy ato qilgin va O‘z tomoningdan yordamchi bergin”, deyayotgan xo‘rlangan erkagu ayol va bolalar yo‘lida jang qilmaysizlar?!” (75-oyat).
6. Hadlar islom shariatida vojibdir, bundan boshqacha emas. Lekin, hadlarni tatbiq qilish uchun avval ogohlantirish, hushyorlikka chaqirish lozim. Qiyinchilik paytlarda hadlar tatbiq qilinmaydi. Masalan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zi holatlarda hadlarni qoim qilmas edilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ochlik yillarida hadlarga amal qilmay qo‘ygani ma’lum va mashhurdir. Barcha shar’iy mazhablarda hadlarni ijro qilish ochiq-oydin bo‘ladi, rahm-shafqat bilan tatbiq qilinadi, ularning shartlari had tatbiq qilishni og‘ir bir ishga aylantirib qo‘yadi.
7. Jangchilaringiz odamlarni faqat o‘ldirish bilan kifoyalanib qolishmadi, balki qatlga xorlash, tahqirlash, masxara qilishni qo‘shishdi. Alloh taolo Hujurot surasida: “Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir” (11-oyat).
8. Shar’iy va fiqhiy jihatdan xalifalik – rahbarlikni anglatadi. Xalifa esa lug‘aviy va shar’an islom ummatining rahbaridir va xalq nomidan ish ko‘ruvchi vakilidir.
Mazkur guruhning (ID) xalifalikni e’lon qilishi uni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli emas va bu yuqoridagi shar’iy haqiqatlarga mutlaqo ziddir.
9. Islomda barcha davlat va shar’iy boshqaruv ishlari “sho‘ro” (maslahat kengashi) asosida amalga oshiriladi. Bu borada Alloh taolo: “...Ularning ishlari o‘zaro maslahat (bilan) bo‘lur...”, degan (Sho‘ro,38) va yana “...va ular bilan kengashib ish qiling!...” deydi (Oli Imron, 159). Umar ibn Xattobni, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib (r.a.)larni xalifalikka saylash maslahat kengashi bilan amalga oshirilgan.