2-reja bayoni. Global terrorizmga qarshi global hamkorlikning yo‘nalishlari: BMTning global antiterror strategiyasining asosiy yo‘nalishlari: terrorizmning tarqalishi uchun qulay sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar, terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlatlarning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga umumiy hurmatni ta’minlash. 2022 yil 3-4 mart kunlari Toshkent shahrida “BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzuida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya g‘oyat muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu global anjuman mintaqa mamlakatlari va jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini terrorizmga qarshi hamjihatlik bilan kurashish uchun birlashish hamda faollashishga da’vat etishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutug‘imiz bo‘ldi”. Davlatimiz rahbari BMT minbaridan so‘zlagan ushbu nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.
O‘z navbatida, Prezidentimiz: “Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz”, deb ta’kidladi.
Bo‘lajak Toshkent xalqaro anjumani O‘zbekiston Prezidentining ayni shu tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda. Konferensiyaning BMT shafeligida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilayotgani O‘zbekiston olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan e’lon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo hududi mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga – siyosat va iqtisodiyot, ekologiya va madaniy-gumanitar mezonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlar davrini bosib o‘tmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qayd etganidek, “Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga ko‘ra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida bo‘lib kelgan. Bizning mintaqamiz doimo o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan noyob ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan”. Bunday yondashuv mintaqaning yalpi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar manzarasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ushbu siyosat asosini “Markaziy Osiyoni xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylantirish ustuvorligi” tashkil etadi. Hozirgi paytda mintaqamizda, koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, hamkorlikning chuqurlashuvi bo‘yicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda.