Nеyron, nerv tolasi va neyrogliyaning tuzilishi, vazifalari. Nerv to‘qimasi orqa va bosh miyani tashkil etadi. U odam organizmining hamma to‘qima va a’zolari ishini boshqaradi. Nerv to‘qimasi ikki xil hujayralardan tashkil topgan. 1. Nerv hujayrasi, ya’ni neyron. 2. Neyrogliya. Nerv hujayrasi bajaradigan funksiyasiga ko‘ra ikki xil: sezuvchi va harakatlantiruvchi bo‘ladi. U har xil shakllarga ega: doirasimon, yulduzsimon, ovalsimon, noksimon va h.k. Neyronning hajmi ham turlicha bo‘ladi. Boshqa hujayralardan farqi shundaki, unda membrana, sitoplazma va yadrodan tashqari bitta uzun va bir nechta kalta o‘simtalar ham bor. Uzun o‘simtasi akson, kalta o‘simtalar dendritlar deyiladi. Nerv hujayrasining uzun o‘simtasi bosh va orqa miyadan chiqib to‘qima va a’zolarga boradi. Uning uzunligi bir necha sm dan 1,5 metrgacha bo‘lishi mumkin, ayniqsa qo‘l va oyoq muskullarini ta’minlaydigan nerv tolalari uzun bo‘ladi. Uzun o‘simtalar ustidan yupqa, yumshoq, oq rangli, miyelin parda bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bu parda nerv tolasini himoya qilish funksiyasini bajaradi. Nerv hujayralarining kalta o‘simtalari bosh va orqa miyadan tashqariga chiqmaydi. Ular bir hujayrani uning atrofidagi boshqa nerv hujayralari bilan bog‘lab turadi.
Neyrogliya. Nerv to‘qimasi tarkibiga kiruvchi hujayra bo‘lib, neyronlar uchun tayanch, himoya va oziqlantirish funksiyalarni bajaradi, nerv impulslarining kelib chiqishida va o’tkazishda ishtrok etadi. Neyrogliya orqa va bosh miyadagi nerv hujayralari orasida joylashib, bosh miyaning qon bilan ta’minlashida ahamiyati katta. Qon bilan miya o’rtasidagi (gematoensefalitik) to’siqni astrositlar ta’minlaydi.
Vеgеtativ va periferik nerv tizimi haqida umumiy tushuncha.Vеgеtativ nerv tizimi XIX asrning boshida fransiyalik fiziolog F.K.Bishning taklifiga muvofiq, bajaradigan funksiyasiga ko’ra nerv tizimi ikki qismga: somatik va vеgеtativ nerv tizimiga bo’linadi.
Somatik nerv tizimi odam tanasining skеlеt muskullari, sеzgi a`zolari ishini boshqaradi.
Vеgеtativ nerv tizimi ichki a`zolar (nafas olish, qon aylanish, ovqat hazm qilish, ayirish, jinsiy va hokazo) ichki sеkrеtsiya bеzlarining ishini hamda moddalar almashinuvi jarayonini boshqaradi.
Skеlеt muskullaridagi moddalar almashinuvi jarayoni ham vеgеtativ nerv tizimi tomonidan, ammo bu muskullarning sеzish va harakatlanish funksiyalari somatik nerv tizimi orqali boshqariladi.
Somatik va vеgеtativ nerv markazlarining joylashishi ham bir-biridan farq qiladi. Chunonchi, somatik nerv tizimining markazlari orqa miya va bosh miyaning hamma qismlarida bir tеkis joylashgan. Vеgеtativ nerv tizimining markazlari esa orqa va bosh miyaning ma'lum qismlaridagina joylashgan.