Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar. Kecha va bugun



Yüklə 73 Kb.
səhifə1/3
tarix20.10.2023
ölçüsü73 Kb.
#158225
  1   2   3
Melio 15-mavzu

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar. Kecha va bugun



Reja:



  1. Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari

  2. Soliqqa tortish va soliq to‘lash mexanizmini soddalashtirish

  3. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar

  4. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari

Mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, qayta ishlash sanoati tarmoqlarining esa xom-ashyoga bo‘lgan talabini qondiradi. Oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizga yaqini agrar tarmoqda tayyorlanadi. 2012 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 17,5 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keldi. Agrar tarmoq yurtimiz aholisining salmoqli qismini ish o‘rinlari bilan ta’minlab kelmoqda. Shu jihatdan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalasi respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.


Mustaqillik yillarida Prezidentimiz tashabbusi va bevosita rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Ishlab chiqarishga fan-texnika yutuqlarini, yangi texnika va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ishlari yildan-yilga jadallashmoqda. Cheklangan yer va suv resurslaridan, kapital va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi yuksalmoqda.
Agar 1990 yilda iste’mol uchun zarur bo‘lgan g‘allaning 82 foizi chetdan keltirilgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda yurtimiz ishlab chiqarishni rivojlantirish, hisobidan aholining g‘allaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq ta’minlanishiga g‘alla maydonlarini kengaytirish va hosildorligini oshirish natijasida boshoqli don yetishtirish hajmi 1990 yilgi 2038,2 ming tonnadan 2013 yilda yetti yarim miliion tonnadan ziyod yetkazish natijasida erishildi.
Mustaqillik yillari mobaynida qishloq xo‘jaligi sohasida bozor munosabatlarini joriy etish va xususiy mulkchilik shaklini rivojlantirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlar bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Fermerlikni rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy va moliyaviy mustaqilligi uchun mustahkam huquqiy asoslar va kafolatlarni yaratib beruvchi Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonun hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Fermer xo‘jaliklarining yer, suv va moddiy-texnika resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga ishlab chiqarish hajmi muttasil oshib borishi, fermer xo‘jaliklari samaradorligi va rentabelligi o‘sishini ta’minlash imkonini beradigan moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning yer maydonlarini maqbullashtirish borasidagi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qishloqda fermer xo‘jaliklariga barcha zarur xizmatlarni ko‘rsatayotgan zamonaviy ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi shakllantirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi yerlarining uzoq muddatli ijara mulki qilib berilishi va qishloqda bozor munosabatlarining joriy qilinishi fermer xo‘jaliklarini shakllantirish hamda rivojlantirishning eng muhim omili va asosi bo‘ldi. Buning natijasida yerga va ishlab chiqarilayotgan mahsulotga haqiqiy egalik tuyg‘usi mustahkamlandi. Mamlakatda fermerlik harakati qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchisiga hamda agrar soha va u bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tarmoqlar, ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini oshirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan qudratli ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib bormoqda.
Shu o‘rinda, dastlab fermerlik harakatini tashkil etish va boshqarish tizimida amal qilgan Fermer xo‘jaliklari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini isloh qilish va uning mahsuldorligini oshirish jarayoniga hamda fermerlik oldida turgan vazifalarni tezkorlik bilan hal qilishda sust faoliyat olib borganligini qayd etish o‘rinli. Shu sababli, 2012 yil 22 oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4478 sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Fermerlari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarning fermerlar kengashlari tashkil etildi.
Mamlakatimiz agrar tarmog‘ida amalga oshirilayotgan tub iqtisodiy islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlar natijasida qishloq xo‘jaligining asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib bormoqda.
O‘tgan 2005-2012 yillar davomida qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining o‘rtacha yillik barqaror o‘sish sur’atlari dinamikasi ta’minlandi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2005 yilda 105,4 %ni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilda 107,0 %ga teng bo‘ldi. Mamlakat yalpi ichki mahsulotida qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti salmog‘ining 2005 yildagi 26,3 %dan 2012 yilda 17,5 %ga pasayishi ijobiy holdir. Bu, avvalo, mamlakatimiz iqtisodiyotida industrial sanoat tarmoqlari va xizmatlarning jadal rivojlanib borayotgani bilan izohlanadi.
Yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligining asosiy tayanchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ekin maydonlari tarkibini optimallashtirish, ishlab chiqarishga yangi va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ekin navlari va chorva mollari zotini, urug‘chilik-seleksiya ishlarini tubdan yaxshilash borasida keng qamrovli hamda puxta o‘ylangan ishlar amalga oshirildi.
2012 yilda O‘zbekistonda deyarli barcha qishloq xo‘jalik ekinlari – g‘alla, paxta, sabzavot, poliz ekinlari va uzumdan yuqori hosil olindi. Mamlakatimiz dehqonlari mo‘l hosil yetishtirdi – 3 million 460 ming tonnadan ortiq paxta, 7 million 500 ming tonna g‘alla, 2 million tonnadan ziyod kartoshka va 9 million tonnadan ortiq sabzavot hamda poliz mahsulotlari yig‘ib-terib olindi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining oshishi faqat ekin maydonlarini kengaytirish evaziga emas, balki asosan intensiv rivojlanish, ya’ni ekinlar hosildorligi va chorva mollari mahsuldorligini oshirish hisobidan ta’minlanmoqda.
Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning barqarorligi hisobidan aholining asosiy iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji deyarli yuz foiz o‘z ishlab chiqarishimiz hisobidan ta’minlanmoqda. 2012 yil yakunlariga ko‘ra 2052,6 ming tonna meva va rezavorlar, 1204,6 ming tonna uzum, 1418,4 ming tonna poliz ekinlari, 2056,1 ming tonna kartoshka, 7766,5 ming tonna sabzavotlar, 7515,2 ming tonna donli va dukkakli ekinlar yetishtirildi. Mustaqillik yillarida agrar sohada bosqichma-bosqich olib borilgan izchil islohotlar tufayli respublikamizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish miqdori barqaror o‘sib bordi. Jumladan, 2012 yilda go‘sht mahsulotlari 1672,9 ming tonna, sut mahsulotlari 7310 ming tonna, tuxum esa 3873,7 mln.dona yetishtirildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yilda mamlakatimiz aholisi iste’moli uchun zarur bo‘lgan g‘allaning 82 foizi, go‘sht mahsulotlarining 50 foizi, sut va sut mahsulotlarining 60 foizga yaqini, kartoshkaning 50 foizi, shakar va quruq sutning barchasi chetdan keltirilgan. Hozirda mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning barqarorligi hisobiga aholining asosiy iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji deyarli to‘liq o‘z ishlab chiqarishimiz hisobidan ta’minlanmoqda. Jumladan, agar 1991 yilda aholi jon boshiga hisoblaganda me’yorga nisbatan yetishtirilgan mahsulot hajmi mevada 42,6 % ni, uzumda 93,8 %ni, kartoshkada 29,8 %ni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilga kelib bu ko‘rsatkich mevada 119,7 %ni, uzumda 156,3 %ni, sabzavotda 229,2 % ni, kartoshkada 135,4 %ni va polizda 245,1 %ni tashkil etdi. 2012 yilda 1991 yilga nisbatan meva ishlab chiqarish hajmi 281,2 %ga, uzum 166,7 % ga, sabzavot 186,9 %ga va kartoshka 453,6 %ga oshganligi bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilganini tasdiqlaydi (1-jadval).

Yüklə 73 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin