Qisqichbaqasimonlar sinfi sistematikasi.Qisqichbaqasimonlar sinfi 40000 ga yaqin turni o`z ichiga oladi. Eng yirigi hisoblangan krablar Uzoq Sharq dengizlarida uchraydi. Kamchatka krabining og`irligi 6-7 kg, uzunligi esa 1,5 m ga yetadi. Yapon krabi oyoqlarining uzunligi 3 m ga etadi. Kamchatka krabi 20 yildan ortiq yashaydi, u umrining 8-10 yilidagina ovlanadigan darajaga yetadi. Dengizlarda yashaydigan qisqichbaqasimonlarning yana bir yirik turi omarlar tuzilishi bilan daryo qisqichbaqasiga o`xshaydi, lekin ancha yirik bo`ladi. Omarlarning uzunligi 80 sm, og`irligi 15 kg ga yetishi mumkin.
Qisqichbaqasimonlar jabraoyoqlilar, sefalokaridlar, maksillopodlar (jag`oyoqlilar), chig`anoqli qisqichbaqasimonlar va yuksak qisqichbaqasimonlar kabi kenja sinflarga ajratiladi.
Jabraoyoqlilar (Branchiopoda) eng tuban tuzilgan qisqichbaqasimonlar; tana bo`g`imlari deyarli bir xil: boshi ko`kragi bilan qo`shilmagan; bo`g`imlari soni doimiy bo`lmaydi. Bargsimon ko`krak oyoqlari harakatlanish, nafas olish, oziqni og`ziga haydash vazifasini bajaradi. Qon aylanish sistemasi sodda tuzilgan. Jabraoyoqlilar va bargoyoqlilar turkumlariga bo`linadi. Jabraoyoqlilar turkumiga dafniya misol bo`ladi.
Dafniyaning (Daphnia) tanasi 1-3 mm kattalikda bo`ladi. Tanasi orqa tomondan qattiq xitin sovut bilan qoplangan. Xitin sovut shaffof bo`lgani tufayli u orqali ham ichki organlar yaqqol ko`rinib turadi. 5 juft qorinoyoqlarining asosida joylashgan jabralari yordamida nafas oladi. Dafniyaning bosh qismida ikki juft mo`ylovi bo`lib, ularning bir jufti ancha uzun va juda ko`p mayda shoxchalar hosil qiladi. Bular dafniyaning harakatlanish organidir. Ular uzun shoxdor mo`ylovlarini tepadan orqaga qarab siltab suzib yuradi. Ularning bu harakati burganing sakrashiga o`xshaganligi tufayli suv burgasi deb atalgan.
Dafniyalar ayrim jinsli, erkaklari urg`ochilariga nisbatan kichikroq bo`ladi. Urg`ochilarining yelka tomonida chig`anog`ining ostida nasl kamerasi efippiy joylashadi. Uning ichida urug`langan va qishlab qoluvchi tuxumlar yig`iladi. Efippiy bu tuxumlarni qish sharoitida saqlaydi va ular shamol yordamida tarqalishiga yordam beradi. Lekin efippiylarda faqat urug`lanmagan tuxum bo`ladi. Butun yoz davomida dafniyalarning faqat urg`ochilari paydo bo`ladi. Bunday urg`ochi dafniyalar urug`lanmagan tuxum qo`yib, ya'ni partenogenez yo`l bilan ko`payadi. Bunday tuxumlarning soni 50 dan 100 tagacha bo`lishi mumkin. Efippiylarning ichida tuxumlardan oldin harakatchan embrion, keyin esa kichik dafniyalar rivojlanadi va tashqi muhitga chiqadi. Yozda har 1-2 kunda tuxumlardan dafniyalar rivojlanaveradi.
Kuzda suvning harorati pasayishi yoki suvning ifloslanishi dafniyalarning tuxumiga ta'sir ko`rsatadi. Natijada bunday holatda nasl kamerasidagi urug`lanmagan tuxumlardan urg`ochilari o`rniga erkaklar chiqa boshlaydi. Dafniyalarning erkaklari juda mitti bo`ladi. Birinchi juft mo`ylovlari uzun, ko`krak oyoqlarining uchi esa tirnoqcha bilan tugaydi. Erkaklari, odatda, kuzda paydo bo`ladi. Urg`ochi dafniyalar urug`langan tuxum qoldirgach nobud bo`ladi. Kelgusi yil bahorda ulardan yana partenogenetik urg`ochi dafniyalar rivojlanib chiqadi.
Jag`oyoqlilarning og`iz organlari yaxshi rivojlangan; ozig`ini suvdan ajratib olish uchun xizmat qiladi. Faqat oddiy ko`zlari bor; jabralari bo`lmaydi. Odatda qon aylanish sistemasi rivojlanmagan yoki soddalashgan, dengiz va ko`llarda uchraydi. Ayrim turlari suv hayvonlarida parazitlik qiladi. Ular mistakaridlar, kurakoyoqlilar, karpxo`rlar, mo`ylovoyoqlilar turkumlariga bo`linadi. Kurakoyoqlilardan chuchuk suvda sikloplar, mo`ylovoyoqlilardan dengizlarda balanuslar keng tarqalgan. Sakkulina mo`ylovoyog`i karblarda parazitlik qiladi.