Efir moyi qo‘shib poroshok tayyorlash
Efir moyi poroshok tarkibiga qand bilan aralashgan holda qo‘shiladi va bu aralashmani efir moy-qand aralashmasi (eleosaccharum) deb ataladi. Efir moyi poroshok tarkibiga ta’sir etuvchi va ma’lum ta’m beruvchi modda sifatida ham qo‘shiladi.
Efir moy-qand aralashmasi 2,0 g qandga 1 tomchi efir moyi qo‘shib tayyorlanadi. Ammo efir moy-qand aralashmasi atirgul va achchiq apelsin efir moyidan tayyorlanadigan bo‘lsa, u holda 4,0 g qandga 1 tomchi efir moyi qo‘shiladi. Efir moy-qand aralashmasi kerak bo‘lganda tayyorlanadi, chunki efir moylari oddiy sharoitda ham uchuvchan bo‘ladi. Тayyor efir moy-qand aralashmasi og‘zi jips berkiladigan shisha idishlarda, miqdorlarga bo‘lingani esa pergament qog‘ozlarda beriladi.
Rp.: Elaeosacchari Menthae 0,4
Natrii hydrocarbonatis 0,1
Misce fiat pulvis
Da tales doses N10
Signa. Kuniga bitta poroshokdan 3 mahal ichilsin.
Тayyorlanishi: 4 g qand kukuni hovonchaga solib yaxshilab maydalanadi, uning ustiga 2 tomchi yalpiz efir moyi tomizib aralashtiriladi. Тayyor bo‘lgan yalpiz efir moy-qand aralashmasi pergament qog‘ozga olib qo‘yiladi. So‘ngra hovonchaga 1,0 g natriy gidrokarbonat solib maydalanadi, uni ustiga tayyorlab qo‘yilgan yalpiz efir moyi-qand aralashmasi solib, sochiluvchan poroshok hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. Тayyor poroshok 0,5 g dan pergament qog‘ozga qadoqlanib, qog‘oz xaltachaga solinadi, so‘ng kerakli yorliq yopishtiriladi.
Suyuqliklar bilan poroshok tayyorlash
Murakkab poroshoklar tarkibiga ayrim hollarda nastoykalar kiradi. Nastoyka deb, o‘simlik va hayvon mahsulotlaridan har xil konsentratsiyali spirt, spirt-efir yordamida olingan ajratmalarga aytiladi. Nastoykalar odatda 1:5 va 1:10 nisbatda tayyorlanib, dorixonalarga tayyor holda keltiriladi. Suyuqliklar poroshok tarkibiga qo‘shib tayyorlanganda, ularning sochiluvchanlik darajasiga ta’sir etmasligi kerak. Agarda sochiluvchanligi talabga javob bermasa, u holda quyidagi ikki usulning biridan foydalaniladi:
1. Poroshok tarkibidagi nastoykani ta’sir etuvchi moddasi uchmaydigan bo‘lsa (masalan, belladonna nastoykasi) u holda poroshok qizdirilgan hovonchada tayyorlanadi.
2. Poroshok tarkibidagi nastoykani ta’sir etuvchi moddasi uchsa (masalan, valeriana nastoykasi), u holda poroshokka indifferent modda (qand, sut qandi) qo‘shib tayyorlanadi. Indifferent modda poroshok tayyor bo‘lguncha qo‘shiladi va qancha olinganligi retsept hamda signaturada ko‘rsatiladi.
Rp.: Tincturae Belladonnae gtt. II
Sacchari 0,3
Misce fiat pulvis
Da tales doses №6
Signa. Bitta poroshokdan kuniga 2 mahal ichilsin.
Тayyorlanishi: bu retsept bo‘yicha 1,8 g qand kukuni qizdirilgan hovonchada maydalanib, uning ustiga 12 tomchi belladonna nastoykasi tomiziladi va sochiluvchan poroshok hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. Тayyor poroshok 0,3 g dan 6 ta mumli qog‘ozga qadoqlanib, qog‘oz xaltachaga solinadi, so‘ng kerakli yorliq yopishtiriladi.
Dostları ilə paylaş: |