Elash (cribratio). Dorixona sharoitida poroshoklarni maydalik darajasi oddiy ko‘z bilan qarab tekshiriladi. O‘simlik xom ashyolari va ayrim moddalar XI DF ning II qism 19-betidagi maxsus maqolada ko‘rsatilgan elaklarda elanadi.
Bu elaklarning katta-kichikligi va soni har xil bo‘ladi. Asosan 16 ta nomerli elaklar ishlatilib, teshiklari diametrining kattaligi 0,1—10 mm gacha bo‘ladi.
1. Eng mayda poroshok 61-sonli elaklardan o‘tkaziladi, uning teshiklarining diametri — 0,1mm. Bu elaklardan ko‘z poroshoklari, sepma dorilar, purkash uchun ishlatiladigan poroshoklar o‘tkaziladi.
2. Mayda poroshoklar teshiklarining diametri — 0,16 mm li 38-sonli ipak elakdan o‘tkaziladi. Agar farmakopeyada moddalarning maydalik darajasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shu elakdan foydalaniladi.
Dozalarga bo‘lish (divisio). Oddiy va murakkab poroshoklar dorixonada faqat qo‘l tarozida qadoqlanadi. Asosan poroshoklarning og‘irligi 0,3—0,5 g gacha bo‘ladi.
DF XI nashridagi ko‘rsatmaga asosan poroshoklarni miqdor (doza) larga taqsimlashda xatolik quyidagi me’yordan oshmasligi lozim.
0,1 g gacha 15%
0,11 g - 0,3 g gacha 10%
0,31 g - 1,0 g gacha 5%
1,0 g dan yuqori 3%
Dorixonalarda poroshoklarni qadoqlashni tezlashtirish maqsadida ТK-3 qadoqlash asboblaridan foydalaniladi.
4-rasm. Qadoqlash asbobi ТK - 3.
1— metall korpus, 2– tekislagich, 3– dozalovchi bunker,
4–me’yorlashtiruvchi murvat, 5–tirgagich.
Qiyin maydalanadigan moddalar bilan poroshoklar tayyorlash
Qiyin maydalanadigan moddalarga yod, kamfora, mentol, timol, fenilsalisilat, benzonaftol, salisilat kislota, tetraborat natriy, streptotsid va boshqalar kiradi.
Bularni maydalash uchun uchuvchan erituvchilar ishlatiladi, so‘ngra boshqa moddalar qo‘shiladi. Erituvchilar sifatida spirt, efir, spirt-efir aralashmasi ishlatiladi.
Rp.: Camphorae 0,1
Sacchari 0,2
Misce fiat pulvis
Da tales doses N 6
Signa. Bitta poroshokdan 3 mahal ichilsin.
Тayyorlanishi: hovonchaga 1,2 g qand kukuni solinib maydalanadi va u kapsulaga olib qo‘yiladi. So‘ngra hovonchada 0,6 g kamfora bir necha tomchi etil spirti bilan birga maydalanadi. Keyin unga oz-ozdan kapsuladagi qand kukuni qo‘shib aralashtiriladi, toki bir xil poroshok hosil bo‘lguncha. Тayyor poroshok 6 ta pergament qog‘ozga 0,3g dan qadoqlanadi. So‘ngra qog‘oz xaltachaga joylashtirilib, yorlig‘i yopishtiriladi.
Dostları ilə paylaş: |