Ko‘z namlamalarini tayyorlash
Ko‘z namlamalari ham xuddi ko‘z tomchilariga o‘xshash talablarga javob berishi kerak. Ular mexanik aralashmalardan tozalangan, izotonik, turg‘unligi oshirilgan, sterillangan va boshqa talablarga javob berishi lozim. Shuning uchun ko‘z namlamalarini tayyorlash usullari ko‘z tomchilari tayyorlash texnologiyasiga o‘xshash bo‘ladi.
Rp: Solutionis Acidi borici 2%—150 ml
Da. Signa. Ko‘z namlamasi.
2% li borat kislota eritmasining osmotik bosimi 1,06% li natriy xlorid eritmasining osmotik bosimiga teng, ya’ni eritma taxminan izotonik.
Aseptik sharoitda 150 ml sterillangan in’eksiya uchun ishlatiladigan suvda 3 g borat kislota eritiladi. Eritma bemorga beriladigan idishga filtrlanadi va idish og‘zi mahkam berkitiladi.
Тayyor eritma bug‘ oqimi yordamida 30 daqiqa sterillanadi va tegishli yorliq yopishtiriladi.
Ko‘z surtmalarini tayyorlash
Ko‘z surtmalari, boshqa ko‘z dorilari kabi aseptik sharoitda tayyorlanadi. Ko‘z surtmalari tayyorlashda asosiy diqqatni asosga qaratish lozim. Ko‘z surtmasida ishlatiladigan asos neytral, steril, ko‘z shilliq qavatida bir xilda tarqalishi lozim.
Shifokor asosni ko‘rsatmasa, unda 1 g suvsiz lanolin va 9 g vazelinning «ko‘z surtmasi uchun» maxsus aralashmasi ishlatiladi. Aralashma sterillangan bo‘lishi lozim (X DF, 720-bet).
Vazelin va lanolin (1:9) aralashmasini ishlatishdan oldin uni issiq havo yordamida 180°C da 20 yoki 30 daqiqa sterillanadi. 100 g asos — 20 daqiqa, 200—500 g asos — 30 daqiqa sterillanadi va steril idishda saqlanadi. Ularga dori moddalari umumiy surtma dorilar tayyorlash qoidasiga asoslangan holda qo‘shiladi.
Suvda eriydigan preparatlar (alkaloidlar tuzi, azotli asoslar, protargol, rux sulfat, rezorsin, pirogallol) oz miqdordagi steril suvda eritilib, keyin surtma dori asosi qo‘shiladi.
Rp: Unguenti Sulfacyli-natrii 30% — 30,0
Da. Signa. Ko‘z surtmasi.
30% sulfasil natriy surtmasi quyidagi tarkib bo‘yicha tayyorlanadi:
Sulfasil natriy 30,0 g
Тozalangan suv 20 ml
Suvsiz lanolin 20,0 g
Vazelin moyi 15,0 g
Vazelin («ko‘z surtma dorilari uchun») 15,0 g
Yuqoridagi tarkibdan kelib chiqqan holda 9 g sulfasil natriy sterillangan 6 ml issiq suvda eritiladi. Eritma sovugandan keyin 6 g suvsiz lanolin bilan aralashtiriladi. 4,5 g vazelin 4,5 g suyuq parafin (vazelin moyi) bilan aralashtirilib, uni sulfasil natriyning lanolin bilan tayyorlangan aralashmasiga qo‘shib, bir xil surtma hosil bo‘lguncha aralashtiriladi. Тayyor surtma dori steril idishga solinib kerakli yorliq yopishtiriladi.
Ko‘zga ishlatiladigan suspenziya tipidagi surtma dori tarkibidagi dori moddalari alohida maydalik darajasiga ega bo‘lishi kerak.
Suvda erimaydigan yoki qiyin eriydigan dori moddalari (sariq simob oksidi, simob amidoxlorid, kseroform va boshqalar) juda mayda poroshok holatiga keltirilib, keyin yordamchi suyuqlikni quruq moddaga nisbatan 1/2 qism miqdorida qo‘shib aralashtiriladi.
Rp: Unguenti Xeroformii 0,5%—10,0
Da. Signa. Ko‘z surtmasi.
Sterillangan hovonchada 0,05 g kseroform bir necha tomchi sterillangan vazelin moyi bilan eziladi. So‘ngra oz-ozdan 10 g asos (1 g lanolin va 9 g vazelin aralashmasi) qo‘shib, kseroform asosda bir tekis tarqalguncha aralashtiriladi.
Suspenziya tipidagi surtma dori sifati XI DF, 2-Т, 146-betida ko‘rsatilgandek tekshiriladi.
Ko‘z surtmasi sterillangan og‘zi keng va jips yopiladigan shisha idishga solinib, tegishli yorliq yopishtiriladi. Surtma dori salqin joyda saqlanadi.
Ko‘z dori shakllari dorixonada 2 kundan ortiq saqlanmaydi
(O‘z R SSV ning 2000 y, 21 aprel, 195-sonli buyrug‘i).
Dostları ilə paylaş: |