Qon sistemasi fiziologiyasi


Temir yetishmovchiligidan paydo bo’ladigan kamqonlik



Yüklə 26,67 Kb.
səhifə3/4
tarix11.04.2023
ölçüsü26,67 Kb.
#96293
1   2   3   4
17.Qon sistemasi fiziologiyasi

Temir yetishmovchiligidan paydo bo’ladigan kamqonlik
Qonda temir miqdori 3,6—5,4 mkmol/l ga tushadi. Bu davrda qonda eritrotsitlar kamayadi, leykotsitlar, trombotsitlar soni o’zgarmaydi. Kamqonlikning 80%ga yaqinini temir yetishmasligidan kelib chiqqan kamqonlik tashkil qiladi. Bunda qon zardobi va suyak ko’migida miqdori kamayib ketadi. Kasallik erkaklarga nisbatan ayollarda ko’p uchraydi. Temir 12 barmoq ichak va ingichka ichakning yuqori qismida so’riladi, uning so’rilishi 2 bosqichda kechadi:

  1. Temirning ichak shilliq qavati hujayralari orqali so’rilishi.

  2. Temirning hujayralardan zardobga o’tishi.

Etiologiyasi va patogenezi. Kasallikning kelib chiqishiga asosiy sabablardan biri qon yo’qotishdir. Oz-ozdan bo’lsa ham uzoq vaqt davomida qon yo’qotilganda organizmda temir miqdori kamayadi. Ovqat tarkibidagi temirning fiziologik so’rilishi chegaralangan. Erkaklar ovqat orqali 18 mg temir iste’mol qilsa, shundan 1—1,5 mg so’riladi. Ayollarda esa iste’mol qilingan 12—15mg temirdan 1—1,5 mg so’riladi. Agar organizmdan sutkasiga 2 mg dan ortiq temir yo’qotilsa, temir yetishmovchiligi belgilari paydo bo’ladi. O’zini sog’lom hisoblovchi ayollarning 10—25% da hayz ko’rish vaqtida 40 mg dan ortiq temir yo’qotiladi. Hayz ko’rish vaqtida ko’p qon yo’qotish tufayli ayollarda temirga bo’lgan talab sutkasiga 2,5—3 mg dan ortiq bo’ladi. Ammo bunday miqdordagi temir ichakda so’rilmaydi. Shunday qilib, bir oyda 15—20 mg temir yetishmasa, bir yilga borib temir yetishmasligi 180—240 mg ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, har bir homiladorlik, tug’ish va emizish davrlarida ayol 700—800 mg dan kam temir yo’qotmaydi. Temir yetishmasligidan kelib chiqadigan kamqonlikning rivojlanishida oshqozon-ichak yo’lidan qon yo’qotish ham katta o’rin egallaydi, bu hol ko’proq erkaklarda uchraydi. Siydik yo’li orqali qon yo’qotish kamqonlikka olib kelmasa ham, har holda siydik orqali doimo eritrotsitlarni yo’qotish temir tanqisligiga olib kelmay qolmaydi. Doimiy qon topshirib yuruvchi donorlarda ham temir yetishmasligidan kelib chiqadigan kamqonlik uchrab turadi. Ba’zan tug’ma temir tanqisligi bo’lishi mumkin. Erta xloroz yosh qizlarda uchrab, balog’atga yetish davriga to’g’ri keladi. Me’da shirasi miqdorining pasayishi natijasda ham kamqonlik kelib chiqishi mumkin. Uni gastrogen kamqonlik yoki axlorgidrid kamqonlik yoki kechikkan xloroz deyiladi.
Klinik manzarasi. Klinik belgilari har xil va turli sabablarga bog’liq bo’ladi. Temir yetishmasligining belgilari birdaniga bilinmaydi. Qondagi gemoglobin miqdori keskin kamayib ketganda to’qimalarning kislorod bilan yetarli ta’minlanmaslik belgilari paydo bo’ladi. Temir yetishmasligidan kelib chiqqan kamqonlikda bemor umumiy holsizlik, tez charchash, bosh aylanib, quloqlarda shovqin borligi, havo yetishmasligi va yuragining tez urishidan shikoyat qiladi. Ba’zan bemor yurak sohasida og’riq sezadi. Bemorning teri qoplamlari oqargan bo’lib, ba’zan yashilnamo tusda bo’ladi (xloroz so’zi shundan kelib chiqqan). Bemorni tekshirib ko’rilganda yurak tomonidan taxikardiya, yurak cho’qqisi sohasida sistolik shovqin qayd qilinadi, qon bosimi pasayishi mumkin. EKG da T tishcha izoelektrik chiziqda yoki manfiy bo’lishi mumkin.
Kamqonlikning boshqa turlaridan farq qilib, temir yetishmasligidan kelib chiqqan kamqonlikda sideropeniya belgilari bo’ladi. Bunda bemorning teri qoplamlari, tirnoqlari va sochlarida o’zgarishlar qayd qilinadi. Teri qoplamlari quruq bo’lib, oyoq va qo’llarda yorilishlar paydo bo’ladi. Bemorlarning 10—15% da og’iz burchaklari yorilgan bo’ladi. Og’ir turlarida tirnoqlar yupqalashib tez sinadigan bo’lib qoladi. Koylonixiya — qoshiqsimon tirnoq temir yetishmasligidan kelib chiqqan kamqonlikning belgilaridan hisoblanadi. Bemorning tili qizarib og’rishi mumkin (glossit), til so’rg’ichlari atrofiyaga uchrashi natijasida u yaltiroq va silliq bo’lib qoladi. Temir tanqisligi anemiyasining belgilaridan yana biri— mushaklarning bo’shashishi, yosh qizlarda tunda siydik tutolmaslikdir. Bemor qattiq kulganda, yo’tolganda siydik tutolmay qoladi. Temir yetishmasligidan oshqozon-ichak yo’lida ham o’zgarishlar paydo bo’ladi—me’da sekretsiyasi buziladi. Kechikkan xloroz bilan kasallangan bemorlarda ta’m bilish sezgisi buziladi. Bor, kesak, ko’mir kabilarni yeyish istagi paydo bo’ladi. Bemor kerosin, aseton, naftalin, mashinalardan chiqadigan gazlarning hidi kabilarni yoqtiradi.
Laborator tekshirishlari. Qonni tekshirganda eritrotsitlar soni o’rtacha kamayganda gemoglobin miqdori anchagina pasayganligi aniqlanadi. Anemiyaning bu turi gipoxrom anemiyalar qatoriga kiradi. Surtmadagi eritrotsitlar yomon bo’yalgan, ularning diametri kamaygan, leykotsitlar soni normada bo’ladi. Erta xloroz yoki kamqonlik gormonal buzilishlar, xususan, tuxumdonlar gormonlarining suyak ko’migiga rag’batlantiruvchi ta’sirining pasayishi natijasi hisoblanadi. Temir yetishmasligidan paydo bo’ladigan kamqonlikda qon zardobidagi temir miqdorini aniqlashning ahamiyati katta. Bunda bemor tekshirishga qon topshirish uchun 5 kungacha tarkibida temir bo’lgan preparatlarni qabul qilmay turishi kerak. Qon zardobidagi temir miqdori normada 70—170 mkg % yoki 12,5—30,4 mmol/l bo’ladi. Temir yetishmasligidan kelib chiqadigan kamqonlikda esa qon zardobidagi temir 10—30 mkg% (1,8—5,4 mkmol/l) gacha pasayib ketishi mumkin.
Davolash. Bemorga tarkibida temir moddasi ko’p bo’lgan ovqatlarni ko’proq iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Temir miqdori go’sht, jigar, tuxumda ko’p bo’ladi. Darhol qon quyishga shoshilmaslik kerak, chunki zardob orqali o’tadigan gepatit 0,5— 20% ni tashkil qiladi. Temir yetishmasligidan kelib chiqqan kamqonlikni davolashda temir preparatlari ishlatiladi. Preparatlarni, asosan, ichishga buyuriladi. Ichakda so’rilish buzilgandagina temir prepartalari parenteral yo’l bilan yuboriladi. Temir preparatlaridan ferrokal yaxshi natija beradi, sutkasiga 6 tabletka ichiladi, shuningdek, ferropleks, konferen, orferon, ferramid, ferbitol, ferkoven, ferrumlek kabi dorilar qo’llaniladi. Davolash muddati 2—3 oy.
Kasallikning oldini olish. Homilador va emizikli ayollar, uzoq vaqt qon yo’qotgan kishilar, o’smir qizlar, donorlarga tarkibida temir ko’p bo’lgan mahsulotlarni ko’proq iste’mol qilish tavsiya qilinadi (jigar, go’sht, tuxum). Temir preparatlari berib turiladi (masalan, kuniga 2 tabletka ferropleks). Ba’zida qon tekshirib turiladi. Temir tanqisligi aniqlanganda bemorga uzoq muddat davo qilinadi.

Yüklə 26,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin