Quyosh qizarishlari Nechun quyosh bir qizarib oladir, Tongda – yerga tushganida kezishi?! Uni balki bu kuylarga soladir Tunda qilgan ba’zi gunohli ishi?!
Nechun quyosh bir qizarib oladir – Kechqurun-da, olovlanib yanoqlar?! Endi uni bu kuylarga soladir Bizning kuppa-kunduzdagi gunohlar… She’rda tasvirlanishicha, shoir quyoshning qizarishi uning tunda qilgan gunohli ishlari bilan bog‘liqmikan degan xayolga boradi. Shoir insonlarning kuppa-kunduzi qilgan nojo‘ya ishlaridan quyoshning yanoqlari olovlanib, qizaradi degan xulosaga keladi. Anglashiladiki, she’rda insonlarning kuppa-kunduzi qilayotgan gunohlari qoralangan, hatto bundan quyoshning ham uyalib qizarishi obrazli tarzda ifodalangan.
O‘quvchi yoshlarning ushbu she’rni qay darajada idrok etishganini ular tomonidan berilgan quyidagi javob reaksiyalari orqali aniqlaymiz.
Ushbu she’r bo‘yicha sinaluvchilarda o‘tkazilgan assotsiativ tajribada jami 31 ta javob reaksiyasi olindi. Bular: yorug‘lik (2), insonlarning xatolari (2), yolg‘izlik (2), tun (2), ayrilgan sevgi, armon, gunohlar, dunyo azoblari unutilishi, yorug‘likdagi yomonliklar, jilo, insonlar har xilligi, yo‘l, kelajak, qizargan yanoqlar, qiynoqlar, mehr, namoz o‘qish vaqti, odamlarning gunohlarini kechirishlarini so‘rash, oy, tong otishi, o‘tmishdagi gunohlar, hayot, shom. Berilgan assotsiativ maydonda yorug‘lik (2), insonlarning xatolari (2), yolg‘izlik (2), tun (2) javob reaksiyalari takror qo‘llangan. Qolgan javob reaksiyalari bir marta berilgan. Assotsiativ maydondan o‘rin olgan bu birliklar lingvistik va ekstralingvistik omillar asosida hosil bo‘lgan. Assotsiativ maydonda sinaluvchilar xotirasida saqlanib qolgan she’rning leksik, sintaktik birliklari asosida hosil bo‘lgan javob reaksiyalari mavjud. Masalan, oy javob reaksiyasi she’rda qo‘llangan quyosh so‘ziga nisbatan uyadoshlikka asoslangan assotsiatsiya sifatida hosil bo‘lgan. Ikki sinaluvchi tomonidan takrorlangan tun javob reaksiyasi she’rda qo‘llangan tun so‘zining ularning yodiga tushishi asosida hosil bo‘lgan. Yoki sinaluvchi tomonidan berilgan qizargan yanoqlar javob reaksiyasi metaforik mazmunga ega bo‘lib, she’rdagi olovlanib yanoqlar birikmasining xotirasida qisman tiklanishi asosida yuzaga kelgan.
Tahlil qilingan ushbu barcha javob reaksiyalari lingvistik omillar asosida hosil bo‘lgan. Assotsiativ maydonda ekstralingvistik omillar asosida hosil bo‘lgan javob reaksiyalari nisbatan ko‘p uchraydi. Masalan, shom javob reaksiyasi quyosh botayotgan vaqt, ya’ni shom vaqtining xotirada tiklanishi natijasida yuzaga kelgan. Yoki quyoshning qizarishi turtki so‘ziga nisbatan sinaluvchi tomonidan namoz o‘qish vaqti javob reaksiyasining berilganligi uning yodiga quyosh qizarib botishi vaqtida shom namozining o‘qilishi tushganligi bilan bog‘liq. Sinaluvchilar tomonidan berilgan barcha javob reaksiyalari she’rda tasvirlangan voqelik bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Masalan, shye’rda insonlar tomonidan kuppa-kunduzi qilinayotgan gunohli ishlar tasviri bilan bog‘liq sinaluvchilar assotsiatsiyalari quyidagi javob reaksiyalarida aks etgan: insonlarning xatolari (2), gunohlar, yorug‘likdagi yomonliklar, o‘tmishdagi gunohlar. She’rda tasvirlangan quyoshning qizarishi manzarasi ikkita sinaluvchida yorug‘lik assotsiatsiyasini yuzaga keltirgan. Bir sinaluvchida quyosh qizarganda nurning jilolanishi haqidagi bilimi jilo assotsiatsiyasini yuzaga keltirgan.
Quyoshning qizarishini ma’lum vaqt bilan bog‘lash quyidagi javob reaksiyalarida kuzatiladi: tun (2), namoz o‘qish vaqti, tong otishi, shom. Ayrim javob reaksiyalari sinaluvchilarning gunoh, uning javobsiz qolmasligi kabi diniy bilimlari bilan bog‘liq holatda yuzaga kelgan. Bir sinaluvchi kuppa-kunduzi qilinayotgan gunohlarni u dunyo azoblarini unutish bilan bog‘lagan. Sinaluvchilarning bu gunohli ishlarni qilganlar azob-uqubatga uchrashi haqidagi qarashlari asosida ularda quyidagi javob reaksiyalari yuzaga kelgan: dunyo azoblari unutilishi, qiynoqlar, odamlarning gunohlarini kechirishlarini so‘rash. Assotsiativ maydonda sinaluvchilarning tasvirlangan voqelikka nisbatan yakuniy xulosasi, baho munosabatini anglatuvchi javob reaksiyalari ham mavjud. Masalan, kuppa-kunduzi gunoh qiluvchi insonlar haqidagi tasvir bir sinaluvchida insonlar har xilligi javob reaksiyasining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Bitta sinaluvchi esa ushbu voqelikni hayot bilan bog‘lagan. Assotsiativ maydonda uchragan quyidagi javob reaksiyalari ayrim sinaluvchilarning she’r mazmunini aniq tushunmaganliklarini anglatadi: yolg‘izlik (2), ayrilgan sevgi, armon, yo‘l, kelajak, mehr. Tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, O.Matjonning “Quyosh qizarishlari” she’riga nisbatan sinaluvchilar tomondan berilgan javob reaksiyalarida she’rda yaratilgan olam badiiy manzarasining quyidagi aspektlari qamrab olingan: 1) predmet; 2) makon; 3) zamon; 4) baho munosabati aspekti. Bular ichida predmet ifodalovchi javob reaksiyalari ustunlik qiladi. Ushbu she’rning sinaluvchilar javob reaksiyalari majmuidan iborat assotsiativ maydoni strukturasi, yadro va chegara qismlarini diagrammada quyidagicha tasvirlash mumkin: Ushbu assotsiativ maydonning yadro qismidan she’rning sarlavhasi “Quyosh qizarishlari” va yuqori chastotali yorug‘lik (2), insonlarning xatolari (2), yolg‘izlik (2), tun (2) javob reaksiyalari joylashgan. Yaqin chegara qismdan esa quyosh qizarishlari turtki so‘zi bilan bevosita assotsiativ bog‘langan javob reaksiyalari o‘rin olgan. Uzoq chegaradan quyosh qizarishlari turtki so‘zi bilan bilvosita bog‘langan javob reaksiyalari o‘rin olgan. Xulosa qilish mumkinki, sinaluvchilar tomonidan “Quyosh qizarishlari” she’riga berilgan javob reaksiyalari turtki so‘z bilan bevosita yoki bilvosita bog‘lanishiga ko‘ra assotsiativ maydonda joylashadi. Yadrodan she’r sarlavhasini bildirgan birlik va yuqori chastotali javob reaksiyalari, chegara qismdan kam chastotali yakka javob reaksiyalari o‘rin olgan. Tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, she’riy matn jamoa ongida barcha murakkabliklari, ya’ni she’rning mazmuni, unda ilgari surilgan g‘oya, badiiy o‘ziga xos jihatlari, yaratilgan badiiy ifodalari bilan aks etadi. Assotsiativ tajriba orqali olingan natijalar she’rda muallif tomonidan yaratilgan olamning badiiy manzarasini baholashga yordam beradi. O.Matjonning “Eshigingdan o‘taman” she’ri bo‘yicha sinaluvchilar ustida o‘tkazilgan assotsiativ tajriba natijalari ham o‘ziga xos. Ushbu tajriba ham Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi 17-18 yoshdagi 24 ta maktab bitiruvchilari ustida o‘tkazildi.