III. O.MATJON SHE’RLARI ASSOTSIATIV MAYDONI STRUKTURASI. 3.1. Matnning assotsiativ maydonini shakllantirish tartibi..................
3.2. O.Matjon she’rlari assotsiativ maydoni birliklarining xususiyatlari, yadro va chegara qism birliklari.......................................................................
3.3. O.Matjon she’rlarining tajriba materiallariga asoslangan jamoaviy assotsiativ maydoni...............................................................................................
Bob bo‘yicha xulosa……………………………………….……………….
UMUMIY XULOSA…………………………………………………..
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR………………………………
KIRISH (filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi annotatsiyasi)
Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Dunyo tilshunosligida o‘tgan asrning so‘nggi choragidan boshlab badiiy matn tadqiqiga yondashuvlar o‘zgardi. Bu davrga kelib jahon tilshunosligiga antropotsentrik tilshunoslik tamoyillari kirib kelgach, badiiy matn lingvokulturologik, pragmalingvistik, lingvokognitiv, sotsiolingvistik aspektlarda o‘rganila boshlandi. Natijada badiiy matnda ijodkor shaxs omili, uning olamni idrok etishi, assotsiativ tafakkuri, olam haqidagi tasavvurlari, ruhiy kechinmalari, milliy-madaniy qarashlari, voqelikka munosabatining badiiy nutqiga “ko‘chishi”, matn yaratishida lisoniy qobiliyatining namoyon bo‘lishi kabi masalalar tadqiqi dolzarblik kasb etdi. Bu yo‘nalishda, ayniqsa, yozuvchi va shoirlarning assotsiativ fikrlash tarzini o‘rganish, tasvir obyekti bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan assotsiatsiyalarining badiiy matnni yaratishdagi roliga baho berish, ijodkor idiostilini shakllantirishdagi o‘rnini belgilash muhim vazifalardan biri sanaladi. Ushbu masalalar dunyo tilshunosligida mustaqil yo‘nalish sifatida shakllanib ulgurgan assotsiativ tilshunoslikning dolzarb muammolari sifatida baholanadi.
Jahon tilshunosligida o‘tgan asrning so‘nggi choragi assotsiativ tilshunoslik yo‘nalishining shakllanishida yakuniy bosqich sifatida e’tirof etildi.1 Bu davrga kelib assotsiativ tilshunoslik yangi ilmiy yo‘nalish sifatida psixolingvistikadan ajralib chiqdi. Dunyo tilshunoslari tomonidan assotsiativ tilshunoslik masalalariga qiziqishning ortishi va bu yo‘nalishda ko‘plab tadqiqotlarning amalga oshirilganligi, juda ko‘p tillarda assotsiativ lug‘atlarning yaratilganligi, assotsiativ grammatikaning tuzilganligi ushbu yo‘nalishning mustaqil rivojlanayotgan soha sifatida e’tirof etilishiga olib keldi. Bugungi kunga kelib assotsiativ tilshunoslikning o‘rganish obyekti, predmeti aniq belgilangan, tadqiq metodlari ishlab chiqilgan, nazariy masalalari, dolzarb muammolari belgilangan. Assotsiativ tilshunoslikda matn yaratuvchi ijodkor shaxsning assotsiativ tafakkuri, tasavvurlari bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan assotsiatsiyalarning badiiy matnga ko‘chishi, bunday birliklarning badiiy matndagi roli, ijodkor idiostilini shakllantirishdagi o‘rni kabilarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Ushbu muammoni muayyan ijodkor badiiy asari misolida tadqiq etish assotsiativ tafakkur – til – matn munosabati masalasiga doir ilmiy-nazariy qarashlarni yangi bilimlar bilan boyitishi muqarrar.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab yurtimizda ilm-fanni rivojlantirishga, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi mavqeini ko‘tarishga jiddiy e’tibor qaratildi. Bu masalada qator farmon, qarorlar qabul qilindi va “davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish” vazifasi belgilab qo‘yildi.2 “O‘zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi shart”3 etib qo‘yilgach, barcha fan sohalari qatorida o‘zbek tilshunosligi ham rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tdi. O‘zbek tilshunos olimlari respublika hukumati tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida antropotsentrik tilshunoslikning nisbatan yangi yo‘nalishlari hisoblangan sosiolingvistika, etnolingvistika, pragmalingvistika, lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, psixolingvistika sohalarida chuqur izlanishlar olib borib, tilimizning nutqda inson omili bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadigan xususiyatlarini o‘rganishga kirishishdi. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida til birliklarining assotsiativ xususiyatlarini aniqlash borasida ham muayyan tadqiqotlar olib borilmoqda. Ammo bu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muammolar hali ko‘p. Jumladan, tilshunosligimizda matn turlarini assotsiativ aspektda o‘rganish, uni yaratuvchi shaxsning assotsiativ tafakkur faoliyatiga baho berish, til me’yoriga aylangan assotsiatsiyalarning muallif assotsiatsiyalari bilan muvofiq kelish-kelmasligini aniqlash, buning sabablarini belgilash, assotsiativ birliklarning matn yaratishdagi rolini ochib berish masalasi dolzarb vazifa hisoblanadi. Mazkur holat tadqiqotimiz uchun tanlangan mavzuning bugungi kunda dolzarbligi, bu muammo bo‘yicha hanuz o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar mavjudligini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 2017-yil
7-fevraldagi PF-4947-son farmoni, shuningdek, 2019-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4479-son qarori, 2019-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son qarori hamda 2020-yil 20-oktabrda e’lon qilingan PF-6084-son “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirishda tadqiqot muayyan darajada xizmat qiladi.