Qo‘qon davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi phD


Olamning badiiy manzarasi va unda assotsiativ birliklarning o‘rni



Yüklə 336,29 Kb.
səhifə7/43
tarix21.10.2023
ölçüsü336,29 Kb.
#159077
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   43
122 бет Dissertatsiya (2)

1.2. Olamning badiiy manzarasi va unda assotsiativ birliklarning o‘rni
Ma’lumki, har bir matnning semantik va sintaktik jihatdan shakllanishida, qismlarining mantiqan bir-biri bilan bog‘lanishida o‘zaro assotsiativ aloqada bo‘lgan til birliklari muhim rol o‘ynaydi. Assotsiativ birliklar matnni nafaqat mantiqiy, semantik-struktur jihatdan shakllantirish xususiyatiga ega, balki unda ifoda etilayotgan axborot mazmunini oldindan tasavvur qilishga ham imkon beradi. Masalan, til egalarida qish leksemasiga nisbatan hosil bo‘lgan sovuq, qahraton, izg‘irin, qor, bo‘ron assotsiatsiyalari bu birliklar ishtirokida tuzilgan matnda qish tasviri o‘z aksini topganligidan darak beradi. Demak, tilshunoslikda ko‘pincha “verbal assotsiatsiyalar” deb nomlanuvchi bunday birliklar, D.Lutfullayeva qayd etganidek, matnni hosil qiluvchi, uni semantik-sintaktik jihatdan shakllantiruvchi asosiy tayanch birliklar vazifasini o‘taydi.28 Bu holat matn tadqiqida uni shakllantiruvchi assotsiativ aloqadagi tayanch birliklarning xususiyatlarini o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Assotsiativ birliklar matnni shakllantirish barobarida til egalarining tashqi olamni idrok etishi, uni qay darajada o‘zlashtirganligi, ya’ni olam haqidagi bilimlari, voqelikka bo‘lgan munosabati kabilarni matnga olib kiradi. Assotsiativ birliklar ijodkor shaxsga olamning badiiy manzarasini tasvirlashida yengillik yaratadi. Chunki assotsiativ bog‘langan birliklar voqelikning bir-biri bilan bog‘liq, ammo alohida xususiyatli qismlarini yaxlit tasvirlash imkonini yaratadi.
Assotsiativ birliklar yozuvchi yoki shoirning olam haqidagi bilimlari va tasavvurlari orqali ularning lisoniy ongida shakllanib, badiiy asarga ko‘chiriladi. Shu sababli ham bir ijodkorda tashqi olamdagi narsa-predmetlar, voqea-hodisalar bo‘yicha uning dunyoqarashi, tasavvurlari, bilimlari bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan o‘z assotsiativ birliklari shakllanadi. Yozuvchi yoki shoir olamning badiiy manzarasini yaratishda, avvalo, o‘z assotsiatsiyalariga tayanadi. Anglashiladiki, olamning badiiy manzarasini yaratishda assotsiativ aloqa-munosabatdagi birliklar muhim o‘rin tutadi.
Keyingi yillarda falsafiy, lingvokognitiv, lingvomadaniy, psixolingvistik, etnomadaniy aspektlardagi tadqiqotlarda olam manzarasi, olamning lisoniy manzarasi terminlari faol qo‘llana boshladi. Tilshunoslar bu ikki terminning mohiyatini, ular anglatgan tushunchani turlicha talqin qilishgan.
Rus kognitiv tilshunosligi vakillari Z.D.Popova va I.A.Sternin olam manzarasi deganda jamoat (jamoaviy va individual) ongida shakllangan tashqi olam haqidagi bilimlar to‘plami tushunilishini ta’kidlashadi. 29 Bizningcha, olam manzarasi insonning nafaqat bilimlari to‘plamini, balki uning uning tashqi olamga bo‘lgan munosabati, qarashlari, hissiyotlarini ham qamrab oladi.
Y.A.Tirishkinaning fikricha, ma’lum bir davrga va jamiyatga xos bo‘lgan olam manzarasi o‘zida, albatta, insonning qadriyatlari yo‘nalishlarini, o‘z-o‘ziga, borliqqa va ushbu terminni keng tushunganda faoliyatga nisbatan bahosini qamrab oladi. 30 Ko‘rinadiki, ushbu ta’rifda olam manzarasi tushunchasi insonning borliqqa munosabati, bahosi bilan bog‘lanadi. Bunday xulosani V.I.Postovalovaning fikridan ham uqish mumkin. Uning fikricha, olam manzarasi dunyoni oynada shunchaki aks ettirish emas va u dunyoga ochiq oyna ham emas, balki dunyoni tushunish, uni interpretasiya qilishdir.31 Inson dunyoni tushunish, uni interpretatsiya qilishda unga o‘z munosabatini ham, albatta, bildirib o‘tadi.
Olamning lisoniy manzarasi tushunchasi olam manzarasining tarkibiga kiradi va uning til bilan aloqador jihatini aks ettirishda qo‘llanadi. Negaki lisoniy ong inson ongidan tashqarida emas, olamning lisoniy manzarasi terminida olam manzarasining tilda namoyon bo‘lishiga urg‘u beriladi. Demak, olamning lisoniy manzarasi va olam manzarasi terminlari o‘zaro bog‘liq, bir-biriga yaqin tushunchalarni anglatadi, ammo bir-biridan farqlanadi.
B.A.Serebrennikovning qayd etishicha, olamning lisoniy manzarasi ong mahsuloti bo‘lib, u tafakkur, borliq va tilning o‘zaro aloqasi natijasida kommunikasiya aktlarida olam haqida fikr ifodalash vositasi sifatida yuzaga chiqadi. 32
Anglashiladiki, olamning lisoniy manzarasi tushunchasi tafakkur – borliq – til munosabatini aks ettiradi. Bu tushuncha til egalariga xos bo‘lgan olamni idrok etish tarzi, u haqidagi bilimlari, tasavvurlari, bahosining tilda aks etgan manzarasidir.
Umumiy planda olganda, tilshunoslikda olam manzarasi tushunchasi dunyoning inson dunyoqarashi va tasavvurlariga asoslangan holda aks ettirilgan yaxlit, global tasviriga nisbatan ishlatiladi.
M. Xaydegger inson olamning manzarasini yaratish orqali o‘zini ham sahnaga, ya’ni hammaning qo‘li yetadigan va barchaga ochiq bo‘lgan doiraga olib chiqishi, bu bilan u o‘zini namoyon qilishi, ko‘rsatishi, o‘sha sahna kabi o‘zini namoyon qilishini qayd etadi.33 Ushbu xulosa asosida aytish mumkinki, ijodkor ham badiiy matnda olam manzarasini yaratar ekan, bu manzarada uning olamni qanday idrok etishi, dunyoqarashi, tasavvurlari namoyon bo‘ladi.
Yozuvchi yoki shoirlar badiiy asarlarida yaratgan olam manzarasida ularning bilimlari qatorida tasavvurlari, hissiyotlari, qarashlari, tashqi olamga munosabati jamlanadi. Ijodkor tashqi olamni idrok etar ekan, uni qalban his qiladi, uni tushunishga harakat qiladi, mavjud bilimlarini ishga solib, o‘xshashliklarni qiyoslaydi, farqlarni ajratadi va shu tariqa tafakkurida individual olam manzarasini chizadi. Yozuvchi yoki shoir yaratgan olam manzarasi badiiy xarakterga ega bo‘lganligi uchun u olamning badiiy manzarasi deb ataladi.
Olamning badiiy manzarasi tashqi olamning ijodkor shaxs tomonidan badiiy tarzda baholanishi sifatida namoyon bo‘ladi. Olamning bunday manzarasi ijodkor bilimlari, tasavvurlari bilan bog‘liq holda turlicha bo‘lishi mumkin.
Olam badiiy manzarasining qamrovi ijodkor shaxs tasavvurlari ko‘lami bilan bog‘liq bo‘ladi. Ijodkor voqelik, uning fragmentini qanchalik keng tasavvur qilsa, u bo‘yicha qancha ko‘p bilimga ega bo‘lsa, bu voqelikning tildagi tasviri shu darajada keng ko‘lamli bo‘ladi.
Olam badiiy manzarasining yaratilishi individual xarakterga ega bo‘lganligi uchun har bir ijodkorda turlicha aks etadi. Y.A. Tirishkinaning ma’lumot berishicha, olam manzarasining yaratilishida an’anaviy tarzda 2 turli yo‘nalish farqlanadi:
1) insonning hayot faoliyati asosida yotuvchi dunyo fragmentlarini anglash, tushuntirish, ajratish, obyektivlashtirish;
2) tizimli xarakterga ega bo‘lgan maxsus refleksiyaning amalga oshishi jarayonida dunyoning yangi obrazlarini yaratish, ijod qilish, rivojlantirish.34
Anglashiladiki, olam badiiy manzarasining yaratilishi uni idrok etish, tushunish, shuningdek, ongda yangi badiiy obrazlarni yaratish bilan bog‘liq holda kechadi.
Olam manzarasining subyekti, ya’ni uni o‘z qarashlari asosida tasvirlovchi inson bo‘lsa, olamning badiiy manzarasi subyekti shunchaki inson emas, balki ijodkor insondir. Olam manzarasining subyekti alohida shaxs, jamoa yoki ma’lum guruh kishilaridan iborat bo‘lishi mumkin. Bu guruhda yozuvchi yoki shoira lohida maqomga ega. Ular o‘z asarlari orqali, unda tasvirlangan personajlar nutqi orqali tashqi olam haqidagi qarashlari, unga bo‘lgan munosabatlarini kitobxonga yetkazishadi. Demak, ijodkor shaxs, ya’ni asar muallifi o‘z asarida olam badiiy manzarasining subyekti maqomida bo‘ladi.
Y.N.Karaulov olam manzarasi va uning subyekti haqida fikr yuritar ekan, “olam manzarasi” uni idrok etuvchisiz mavjud bo‘lmagani kabi, bilim egasisiz bilimning o‘zi ham mavjud bo‘lmasligini ta’kidlaydi.35 Bundan xulosa qilish mumkinki, olamning badiiy manzarasi tushunchasi, avvalo, uni yaratuvchi ijodkor shaxs tushunchasi bilan bog‘lanadi.
Ijodkor shaxs olamni tasavvurlari, dunyoqarashi, unga bo‘lgan munosabati asosida baholaydi, olamni milliy-madaniy qarashlari, hayotiy tajribasidan kelib chiqqan holda qabul qiladi. Demak, olamning badiiy manzarasi ijodkorning dunyoqarashi, voqelikni qanday qabul qilishi, unga nisbatan bahosi nuqtai nazaridan baholanib yaratiladi. Olamning badiiy manzarasi olam konseptual manzarasining muayyan bir fragmenti bo‘lib, badiiy matnda badiiylik uchun xizmat qiluvchi tilning obrazli vositalari orqali namoyon bo‘ladi.
Yozuvchi yoki shoir yaratgan olamning badiiy manzarasi ularning shu olam haqidagi ideal obrazlarining reallashuvidir. Bu obrazlarning ijodkorlar tafakkurida shakllanishida hamda badiiy matnga “ko‘chirilishi”da assotsiativ birliklarning xizmati katta. Badiiy matnda qo‘llangan assotsiativ birliklar konseptual ahamiyatga ega birliklar bo‘lib, badiiy asarning leksik-semantik strukturasi tayanch birliklari hisoblanadi.
Assotsiativ birliklar badiiy matnning leksik-semantik strukturasini tashkil qiluvchi birliklar ekan, olam lisoniy manzarasini yaratishda ham tayanch birliklar bo‘lib qoladi.
Har bir badiiy matnda uning tasvir obyekti olam manzarasining bir fragmenti sifatida namoyon bo‘ladi. O.I.Kornilov turli tillarda bunday tasvir obyekti milliy xususiyatga ega bo‘lishiga urg‘u beradi. Uning fikricha, olamning lisoniy manzarasi uning alohida fragmentlarining muayyan bir tilda milliy o‘ziga xos tasvirlari majmuidir.36
Darhaqiqat, tasvir obyekti tilga ko‘char ekan, unga milliy-madaniy belgi ham qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, badiiy matnning tayanch birliklari vazifasini o‘tovchi assotsiatsiyalar til egalarining madaniy qarashlari, tasavvurlari bilan bog‘liq bo‘lgani sababli ular milliy o‘ziga xos birliklar sanaladi. D.Xudoyberganovaning fikricha, predmetning ongdagi obrazi milliy assotsiatsiyalarni ham ifodalashi mumkin. Masalan, paxta so‘zini boshqa tillarga tarjima qilish mumkin. Bu so‘zning muqobili bo‘lmagan tilda esa mazkur tushunchani so‘z birikmasi orqali ifodalash mumkin. Lekin paxta haqida boshqa millat vakili ongida paydo bo‘lgan assotsiatsiyalar bilan o‘zbek millatiga mansub kishining ongidagi assotsiatsiyalar o‘rtasida muayyan farqlar bo‘lishi tabiiy. 37
D.Lutfullayeva ham assotsiativ birliklarning milliy-madaniy belgiga egaligini ta’kidlab o‘tgan. U badiiy asar tarkibida qo‘llangan assotsiativ birliklar voqelikni aks ettiruvchi shunchaki til birligi yoki muallifning voqelik haqidagi bilimi, assotsiativ tafakkuri ifodasi bo‘lib qolmay, milliy-madaniy qadriyatlar haqida ham ma’lumot beruvchi birliklar ekanligini asoslab beradi. Uning fikricha, buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning “Turmadi ko‘zumda yetkach ul sarvi baland, Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand («Badoyi’ ul-bidoya») baytida qo‘llangan “Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand” misrasi xalqimizning bugungi kundagi “Birovning farzandi birovga farzand bo‘lmaydi” hikmatini kitobxon yodiga tushiradi, bu hikmatning baytda qo‘llangan varianti esa shoir xotirasida farzand leksemasining assotsiatsiyasi sifatida tiklangan assotsiativ birlik hisoblanadi. 38
Ayon bo‘ladiki, assotsiativ birliklar inson tasavvurlari, qarashlari, tashqi olamga munosabati, hissiyotlari bilan bog‘langanligi sababli ko‘pincha milliy xoslanganlik belgisiga ega bo‘ladi. Bu jihatdan aytish mumkinki, assotsiativ birliklar nafaqat olam manzarasi, balki olamning milliy manzarasini yaratishda muhim o‘rin tutuvchi birliklar sanaladi. Assotsiativ birliklar badiiy matnda milliy-madaniy konseptlarni ifodalashda qo‘llanganda olam manzarasi olamning milliy manzarasi tusini oladi.
Olamning badiiy manzarasini yaratishda assotsiativ bog‘langan birliklar muhim rol o‘ynaydi. Bunday birliklar ko‘pincha obrazli ifodalar, metaforik mazmunli ko‘chimlardan tashkil topadi. Demak, badiiy matnning yaratilishida shunchaki leksik birliklar emas, balki ijodkor assotsiatsiyalariga asoslangan obrazli birliklar qatnashadi. Bunday assotsiativ birliklar ijodkorning individual uslubi, lisoniy qobiliyatini namoyish qiladi.
Quyida O.Matjonning QOR konsepti o‘z ifodasini topgan sarlavhasiz matnining assotsiativ strukturasini tahlil qilamiz.
Yer oqardi. Uxlayotgan qushning qanotlarini bosib olgandagiday g‘alati tovushlar chiqadi qadamlardan. Bu oqlikni kimdir qor deb tushundi. Tomlar, yo‘laklarni tozalashga kirishdi. Kimlardir undan «bobo» yasay boshlashdi: kallasiga ko‘hna chelak, ko‘ziga ko‘mir, qo‘liga cho‘ltoq supurgi ravo ko‘rishdi... So‘ng unutishdi.
Qor! Oqlik! U mening nazarimda kumushrang qanotlarini butun borliqqa yoygancha erkalanib yotgan oq kaptarga o‘xshardi. Uning erkin va xotirjam parvoz bilan yana samoga, quyoshga tomon ko‘tarilib ketishiga ishonar, oppoq parlariga nimalarnidir yozib qolgim kelardi.
Ushbu matn tavsifiy-munosabat xarakteridagi badiiy matn bo‘lib, unda qor yoqqandan keyin amalga oshiriladigan ishlar, qorbobo yasash tasviri aks etgan hamda muallifda qor bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan istak-xohish o‘z ifodasini topgan. Matnda qorning oq kaptarga o‘xshatilishi tasviri Qor – oq kaptar tuzilishidagi kognitiv metaforada aks etgan. Bunday o‘xshatishga asoslangan assotsiatsiya matnga metaforik mazmun kasb etgan.
Ushbu matnda qor turtki so‘ziga nisbatan quyidagi assotsiativ birliklar aktuallashganligini ko‘ramiz: yer oqarmoq, qadamlardan g‘alati tovushlar chiqmoq, oqlik (2), qor (2), tomlar, yo‘laklarni tozalamoq, undan (qordan) «bobo» yasamoq, ko‘hna chelak, ko‘mir, cho‘ltoq supurgi, kumushrang qanotlarini yoygancha erkalanib yotgan oq kaptar, erkin va xotirjam parvoz, samoga, quyoshga tomon ko‘tarilmoq, Oppoq parlariga nimalarnidir yozib qolgim kelardi.
Mazkur birliklar muallif tasavvurida tiklangan assotsiatsiyalar bo‘lib, Qor konseptining tasviri uchun xizmat qilgan. Assotsiativ birliklar muallif tasavvurida tiklangan o‘ziga xos mazmuniy obrazni badiiy matnda aks ettirishga hamda uning istak-xohishini yuzaga chiqarishga yordam bergan. Jumladan, matnda qo‘llangan quyidagi assotsiativ birliklar qorning belgi-xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan: oqlik (2), undan (qordan) “bobo” yasamoq, kumushrang qanotlarini yoygancha erkalanib yotgan oq kaptar.
Matnda oqlik assotsiativ birligi 2 marta takrorlangan, u orqali muallif qorning oqlik ramzi ekanligiga ishora qilgan. Undan “bobo” yasamoq assotsiativ birligi esa bolalarning qordan qorbobo yasashi epizodini yodga tushirgan. Bu assotsiativ birlik qordan yasash mumkin bo‘lgan narsalarga aniqlik kiritishga xizmat qiladi. Kumushrang qanotlarini yoygancha erkalanib yotgan oq kaptar murakkab so‘z birikmasi qorni kumushrang qanotli kaptarga o‘xshatish natijasida hosil bo‘lgan assotsiativ birlik hisoblanadi.
Qor yoqqandan keyingi holat tasviri quyidagi assotsiativ birliklar orqali ifoda etilgan: yer oqarmoq, qadamlardan g‘alati tovushlar chiqmoq.
Qor yoqqanidan so‘ng amalga oshiriladigan tozalash ishlari matnda tomlar, yo‘laklarni tozalamoq assotsiativ birliklari orqali yoritilgan.
Matnda qo‘llangan ko‘hna chelak, ko‘mir, cho‘ltoq supurgi assotsiativ birliklari qorbobo so‘ziga nisbatan hosil bo‘lgan, qor so‘zi bilan esa bilvosita bog‘langan assotsiatsiyalar hisoblanadi.
Matnda ajratilgan erkin va xotirjam parvoz, samoga, quyoshga tomon ko‘tarilmoq, Oppoq parlariga nimalarnidir yozib qolgim kelardi assotsiativ birliklari turtki so‘z bilan bilvosita bog‘langan birliklar hisoblanadi. Erkin va xotirjam parvoz, samoga, quyoshga tomon ko‘tarilmoq birliklari qorga o‘xshatilgan oq kaptarga nisbatan hosil bo‘lgan assotsiativ birliklardir. Oppoq parlariga nimalarnidir yozib qolgim kelardi assotsiatsiyasi esa ushbu kaptar – qorga nisbatan muallifning istak-xohishini ifodalab kelgan.
Ko‘rinadiki, QOR konsepti ifodalangan ushbu matnning tayanch qurilish birliklari assotsiativ birliklardir. Ular matnni semantik-sintaktik jihatdan shakllantirish bilan birga, olamning kichik bir fragmenti bo‘lgan QOR konseptining milliy tasvirini yaratishga xizmat qilgan.
Bu o‘rinda aytish joizki, badiiy asar tilini tadqiq etishda unda tasvirlangan olam badiiy manzarasini tahlil qilish yozuvchi yoki shoir lisoniy shaxsiga haqqoniy baho berishga xizmat qiladi. Chunki yozuvchi yoki shoir asarlari tilini “olamning lisoniy manzarasi” nuqtai nazaridan o‘rganish til tadqiqiga yondashuvni sistem-struktur tizim doirasidan tashqariga chiqarib, uni inson omili bilan bog‘liq holda o‘rganish zaruratini yuzaga keltiradi. Badiiy asarni bu aspektda o‘rganish yozuvchi yoki shoir lisoniy shaxsiga tavsif berishda, uning olamni qanday idrok etishi, unga munosabati, tashqi olam fragmentlari haqidagi tasavvur va bilimlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Matnda qo‘llangan assotsiativ birliklar tahlili orqali yozuvchi yoki shoirning poetik dunyosi, ijodining idividual qirralari haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi.
Xullas, olamning badiiy manzarasini yaratishda assotsiativ birliklar tayanch birliklar vazifasini o‘taydi. Ongda shakllangan badiiy konseptlarning matnga ko‘chirilishida bir-biri bilan assotsiativ bog‘langan til birliklari muhim rol o‘ynaydi. Bunday birliklar badiiy matnning individualligini, obrazliligini, ta’sir kuchini, madaniyligini ta’minlovchi tilning maxsus birliklari hisoblanadi.

Yüklə 336,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin