MASAL Sim halqada bir it yugurar, Bo‘lar-bo‘lmas akillab turar. Hurar yaqin mehmon kelsa ham, Yaxshi kelsa, yomon kelsa ham. Huraverar, kattami-kichik, Bezor qildi shu ola kuchuk! Zanjirining qisqaligini, O‘g‘rilarning ustaligini Bilsa hamki juda ko‘p hurar, Sim halqada tinmay yugurar... Boshqa uyda yuvosh bir it bor: U ko‘p hurmas va lekin hushyor! Hajviy ruhda yozilgan ushbu masalda hamma bilan bo‘lar-bo‘lmasga urishaverdigan, odamlarga kun bermaydigan kishilar hatti-harakati o‘tgan-ketganga huraveradigan ola kuchuk obrazi orqali qoralangan.
She’rda O.Matjonning ushbu it bilan bog‘liq assotsiatsiyalari quyidagi birliklarda aks etgan: sim halqa (2), it, yugurmoq, akillab turmoq, hurmoq, huravermoq, bezor qilmoq, ola kuchuk, zanjirining qisqaligi, juda ko‘p hurmoq, tinmay yugurmoq, yuvosh bir it, ko‘p hurmas, hushyor. She’rda qo‘llangan bu assotsiativ birliklar shoirning bo‘lar-bo‘lmasga akillab huraveradigan it obrazini tasvirlashda tayanch birliklar vazifasini o‘tagan. Bu assotsiativ birliklar muallif lisoniy ongidan o‘rin olgan leksik birliklar, sintaktik konstruksiyalar haqida ma’lumot berib, uning lisoniy qobiliyatini aniqlashda ahamiyatlidir.
Muallif lisoniy shaxsi shoirning hadeb huraverib, hammani bezor qiladigan it obrazi bilan aloqador bilimi, tasavvurlari, bunday itlar qiyofasidagi insonlarga bo‘lgan munosabati ifodasida namoyon bo‘lgan. Shoir “bo‘lar-bo‘lmasga huraveradigan it” qiyofasida yaxshimi, yomonmi, hamma bilan urishaveradigan, ko‘pchilikni bezor qilgan insonlarni tasavvur qilgan. Bunday insonlar ko‘p shovqin solsa-da, hushyor emas. Aksincha, yuvosh, bo‘lar-bo‘lmasga urishmaydigan xushhulq insonlar doim sergak bo‘lishadi.
She’rda muallif lisoniy shaxsining yaratilganligi quyidagilar bilan belgilanadi:
1. Shoir til me’yorlariga mos holda matn (badiiy matn) yarata olgan va bu matnni kitobxon hech qiyinchiliksiz idrok eta oladi.
2. She’rga muallifning bo‘lar-bo‘lmasga huraverib, barchani bezor qiladigan it haqidagi tasavvurlari “ko‘chirilgan”. Boshqacha aytganda, shoirning bunday itlar qiyofasidagi insonlar haqidagi bilim va tasavvurlari xotirasida jonlanib, assotsiativ birliklar vositasida masalga “ko‘chgan”.
3. Shoirning bo‘lar-bo‘lmasga huraverib, barchani bezor qiladigan it bilan bog‘liq assotsiatsiyalari muallif lisoniy shaxsini yuzaga chiqarishga xizmat qilgan.
She’r tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, muallif lisoniy shaxsi uning yaratgan asarlarida nutqi orqali namoyon bo‘ladi. Assotsiativ birliklar shoirning tasvir obyekti bo‘yicha tasavvurlari, bilim va qarashlari, munosabatini aks ettirishga xizmat qilgan.
O.Matjonning ayrim she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklar uning shaxsiga oid sifatlarni tilda aks ettirishga xizmat qilgan. Shoirning ruhiy kechinmalari aks etgan lirik she’rlarida muallif lisoniy shaxsi oshiq, g‘olib, vafodor, o‘ch oluvchi, so‘z ustasi sifatida gavdalanadi. Qiyoslang:
Hajringda oy kabi yiroqqa botdim, Qora g‘amim bilan chiroqqa botdim... *** Bolalikda o‘ch olishga o‘ch edim juda, Tinmas edim bir turtganni ikki turtmasdan... *** Sadoqat ilmiga tolib bo‘laman, Men vafo ko‘rguzib g‘olib bo‘laman... *** Tilimda gohi gul undi, goh tikan, Lekin har so‘zimni elim tushundi... Ushbu she’riy parchalardan ayon bo‘ladiki, O.Matjon she’rlarida muallif lisoniy shaxsi turli insonlar obrazi orqali gavdalangan. Bu holat shoirning har bir she’rida “o‘z shaxsi”ni qayta idrok etganligidan dalolat beradi.
Xullas, O.Matjon she’rlarida muallif lisoniy shaxsi tashqi olam haqidagi bilimlari, qarashlari, tasavvurlari, shaxsiga xos sifatlari, lisoniy qobiliyatini ochiq namoyish etuvchi insondir. O.Matjon lisoniy shaxsining she’rlarida yuzaga chiqishida tasvir obyekti bo‘yicha xotirasida tiklangan bir-biri bilan bog‘liq assotsiatsiyalari muhim ahamiyat kasb etadi.