Bob bo‘yicha xulosalar Matn tadqiqiga antropotsentrik yondashuvda matnni yaratish va uni idrok etish, hotirada saqlash masalalarining inson bilan bog‘lanishi, matnning muallif pozisiyasi, ijodiy tafakkuri, bilimi, tasavvurlari, voqelikka munosabati kabilar nutqtai nazaridan o‘rganish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etishda uning semantik-sintaktik shakllanishida muhim o‘rin tutuvchi, qismlarining mantiqan uzviyligini ta’minlovchi assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishi, badiiy matndagi vazifasi, insonning tasvir obyekti haqidagi tasavvurlari, bilimlari bilan bog‘lanishi, yozuvchi individual uslubini shakllantirishdagi o‘rni kabi masalalar tahliliga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Olamning lisoniy manzarasi tushunchasi tafakkur – borliq – til munosabatini aks ettiradi. Bu tushuncha til egalariga xos bo‘lgan olamni idrok etish tarzi, u haqidagi bilimlari, tasavvurlari, bahosining tilda aks etgan manzarasidir. Yozuvchi badiiy asarida yaratgan olam manzarasida uning bilimi, tasavvurlari, hissiyotlari, qarashlari, tashqi olamga munosabati jamlanadi. Ijodkor yaratgan olam manzarasi badiiy xarakterga ega bo‘lganligi uchun u olamning badiiy manzarasi hisoblanadi.
Olam manzarasining subyekti, ya’ni uni o‘z qarashlari asosida tasvirlovchi inson bo‘lsa, olamning badiiy manzarasi subyekti shunchaki inson emas, balki ijodkor insondir. U yaratgan olamning badiiy manzarasi shu olam haqidagi ideal obrazlarining reallashuvidir.
Assotsiativ birliklar badiiy matnning leksik-semantik strukturasini tashkil qiluvchi birliklar sifatida olam lisoniy manzarasini yaratishda ham tayanch birliklar bo‘lib qoladi. Assotsiativ birliklar badiiy matnda milliy-madaniy konseptlarni ifodalashda qo‘llanganda olam manzarasi olamning milliy manzarasi tusini oladi.
Yozuvchi asarlari tilini “olamning lisoniy manzarasi” nuqtai nazaridan o‘rganish til tadqiqiga yondashuvni sistem-struktur tizim doirasidan tashqariga chiqarib, uni inson omili bilan bog‘liq holda o‘rganish zaruratini yuzaga keltiradi. Asar tilini bu aspektda o‘rganish ijodkor lisoniy shaxsiga tavsif berishda, uning olamni qanday idrok etishi, unga munosabati, tashqi olam fragmentlari haqidagi tasavvur va bilimlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir badiiy asarda yozuvchining lisoniy shaxsi u yoki bu darajada namoyon bo‘ladi. Muallif yaratgan matn olam manzarasini voqelantirishning individual shakli, bunda nutq subyekti lisoniy shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Muallif lisoniy shaxsi o‘z asarida “jonli kommunikasiya akti”ni yarata olgan, unda shaxsiy sifatlari, lisoniy qobiliyatini namoyon qila oladigan nutq egasidir. Badiiy asarda muallif lisoniy shaxsi uning badiiy matnlari orqali, ularda qo‘llangan leksik birliklar, o‘ziga xos sintaktik konstruksiyalar, shuningdek, yaratgan rang-barang badiiy obrazlari orqali namoyon bo‘ladi.
Nasriy asarlar yoki murakkab syujetli she’riy asarlarda personajlar kommunikasiyaning asosiy subyektlari sifatida harakatlanishi sababli muallif lisoniy shaxsi ochiq namoyon bo‘lmaydi. Shoir ruhiy kechinmalari tasvirlangan she’rlarda esa, aksincha, muallif lisoniy shaxsi ochiq namoyon bo‘ladi. Bunday she’rlarda muallif shaxsi badiiy asarning bosh subyektiga aylanadi va butun e’tibor uning ruhiy kechinmalari, tasvir obyekti bilan bog‘liq tasavvurlari, voqelikka munosabati kabilarni obrazli ifoda etishga qaratiladi.