1.3. Assotsiativ birliklar muallif lisoniy shaxsini namoyon qiluvchi birliklar sifatida Ijodkor tashqi olam, unda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, narsa-predmetlar, hatti-harakatlarni “ijodiy tafakkuri prizmasi”dan o‘tkazar ekan, bu jarayonda unda hayotiy tajribasi, olam haqidagi bilim va tasavvurlariga bog‘liq holda turli assotsiatsiyalar yuzaga keladi. Bunday assotsiatsiyalar badiiy matnda individual assotsiatsiyalar sifatida aktuallashadi hamda yozuvchi idiostili, uning lisoniy shaxsini namoyon qilishga xizmat qiladi.
Har bir badiiy asarda yozuvchining lisoniy shaxsi u yoki bu darajada namoyon bo‘ladi. Sh.Safarov ta’kidlaganidek, “muallif yaratgan matn olam manzarasini voqelantirishning individual shakli, bunda nutq subyekti lisoniy shaxs sifatida namoyon bo‘ladi”.39 Darhaqiqat, badiiy asar muallifi yaratgan individual xarakterdagi olamning badiiy manzarasida uning lisoniy shaxsiga xos turli qirralar namoyon bo‘ladi. Yozuvchi yoki shoirning badiiy asari va uning hayot tajribasi o‘rtasida olamning lisoniy manzarasini o‘zida mujassam qilgan o‘ziga xos “poetik dunyo”si o‘rin oladi. Bu jihatdan qaraganda badiiy asarni uning muallifi lisoniy shaxsini yuzaga chiqaruvchi o‘ziga xos vosita deb hisoblash mumkin.
Tadqiqotchi D.Niyozova bu haqida fikr yuritar ekan, quyidagilarni yozadi: “…har qanday badiiy asarning markazida yozuvchi shaxsi turadi. Asarda ilgari surilgan g‘oya aslida yozuvchining g‘oyasi, uning xulosa va qarashlari majmuidir. Yozuvchi asar personajlari orqali o‘z tashvish-muammolari, o‘y-xayollari, orzu-umidlarini ifoda etadi, goho o‘z xatti-harakatlarini qahramonlariga ko‘chiradi yoki ularning xatti-harakatlarini “boshqarib turadi”. Ba’zan o‘zi, ba’zan personajlari orqali kitobxonlar bilan kommunikativ aloqaga kirishadi. Bularning barchasi, garchi ijodkor asarda voqea-hodisalarni tasvirlovchi yoki hikoya qilib beruvchi shaxs sifatida ishtirok etsa-da, u o‘z asarining “markaziy qahramoni” hisoblanadi. Shu jihatdan har qanday badiiy asarda dastlab yozuvchi lisoniy shaxsi ajratiladi.”40 Yozuvchi yoki shoirning lisoniy shaxsiga xos xususiyatlarni aniqlash maqsadida keyingi yillarda psixolingvistik, lingvopersonologik tadqiqotlarda badiiy matnda lisoniy shaxs tiplari, xususan, yozuvchi va personaj lisoniy shaxslarini o‘rganishga keng e’tibor qaratila boshlandi.41 Badiiy matn personajlarini lisoniy shaxs modellari sifatida o‘rganish g‘oyasini birinchilardan bo‘lib ilgari surgan tilshunos Y.N.Karaulov edi. Uning fikricha, lisoniy shaxs til (matnlarda) va til orqali yuzaga chiqqan, til vositalari asosida asosiy xususiyatlari qayta tiklangan shaxsdir.42 Demak, lisoniy shaxs har qanday shaxs emas, balki nutqida lisoniy qobiliyatini namoyish qila olgan inson, yaratgan matnida o‘z xususiyatlari bilan qayta tiklangan shaxsdir. Lisoniy shaxs uchun individuallik va konkretlik xos, ya’ni u har bir nutq egasida alohida namoyon bo‘ladi. Y.G. Belyayevskayaning qayd etishicha, “lisoniy shaxs tilning milliy tizimini, shuningdek, tashqi olamni individual his qilish hamda tilda aks etgan ijtimoiy tizim va insonning individul ijodiy nutqiy faoliyatini ham namoyish qiladi.43 Anglashiladiki, tilshunoslikda lisoniy shaxs muammosini o‘rganish dolzarb muammolardan biri bo‘lib, tadqiqotchiga nutq egasining lisoniy qobiliyati, leksikoni, uning ko‘lami, nutqida qanchalik darajada umumiy til fondidan foydalanishi kabi masalalarga oydinlik kiritishga xizmat qiladi.
Ammo bugungi kunda badiiy matnda muallif lisoniy shaxsini aniqlash, personaj va muallifni matnda aks etgan kommunikativ faoliyatning asosiy subyektlari sifatida baholab, ularning nutqini tahlil qilish tilshunoslikning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Assotsiativ tilshunoslikda badiiy matnda muallif qo‘llagan assotsiativ birliklar orqali yozuvchi lisoniy shaxsining namoyon bo‘lishi masalasini o‘rganish uning olam haqidagi tasavvurlari, qarashlarining nutqida qay darajada aks etganligini aniqlashda ahamiyatlidir.
Rus olimasi L.Y.Churilina badiiy matnda lisoniy shaxs muammosini o‘rganish masalasiga munosabat bildirar ekan, ko‘psubyektli badiiy matnlar leksik strukturasining antropotsentrik tahlili tadqiqotchi uchun kamida ikki yo‘lni ochib berishini qayd etadi:
1) leksik eksplikatorlar va individual (personajga xos) leksik tizim, uning orqasida turgan konseptual tizimlarning o‘zaro muvofiqligini tekshirish asosida matnning invariant (muallif yoki kitobxonga xos emas, balki sof “lisoniy”) ma’nosini tushunish;
2) personaj tomonidan “yaratilgan” matnning leksik tarkibi va strukturasini tekshirish asosida matn ichi kommunikasiyasi subyekti sifatida personaj lisoniy shaxsi shakllanishining turli darajalariga tavsif berish.44 Anglashiladiki, badiiy matnda aks etgan muallif va personaj lisoniy shaxsi masalasini tadqiq etish lingvopersonologiya qatorida matnda inson omili muammosini o‘rganuvchi boshqa yo‘nalishlarda ham ahamiyatlidir.
Ma’lumki, badiiy asarda matn ichi kommunikasiyasida uning subyekti asar muallifi va personajlar hisoblanadi. Bu o‘rinda personajga shartli ravishda kommunikasiya subyekti sifatida qarash lozim. Aslida uning nutqi ham asar muallifi, ya’ni yozuvchi yoki shoirga tegishlidir. Shu sababli muallif nutqi va personaj nutqi tushunchalari shartli ravishda ajratilishi lozim deb hisoblaymiz.
D.Niyazova yozuvchi lisoniy shaxsi tushunchasiga tavsif berar ekan, quyidagilarni bayon qiladi: “Ijodkor badiiy asarda “jonli nutq” yarata olsa, unga shaxsiga xos sifatlarni ko‘chira olsa, til birliklaridan o‘rinli va maqsadga muvofiq foydalana olish qobiliyatini namoyon etsa, u lisoniy shaxs darajasiga ko‘tariladi. Shu bilan birga, badiiy asar ham ijodkorning lisoniy shaxs maqomiga ega bo‘lishi uchun muayyan talab va shartlarni qo‘yadi. Bunday talablar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: ijodkor yaratgan matnda aks etgan nutqning “jonli” nutq darajasini egallashi, yaratilgan matnning kitobxon tomonidan aniq va to‘g‘ri idrok etilishi, matnning yolg‘on tasavvurlar hosil qilmasligi, matn kitobxonni tasvirlanayotgan voqea-hodisaga ishontira olishi kabilar.”45 Bu tavsif asosida xulosa qilish mumkinki, muallif lisoniy shaxsi deganda o‘z asarida “jonli kommunikasiya akti”ni yarata olgan, unda shaxsiy sifatlari, shuningdek, lisoniy qobiliyatini namoyon qila oladigan nutq egasi tushuniladi. Badiiy asarda muallif lisoniy shaxsi uning badiiy matnlari orqali, ularda qo‘llangan leksik birliklar, o‘ziga xos sintaktik konstruksiyalar, shuningdek, yaratgan rang-barang badiiy obrazlari orqali namoyon bo‘ladi.