Qo‘qon davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi phD


Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi



Yüklə 336,29 Kb.
səhifə6/43
tarix21.10.2023
ölçüsü336,29 Kb.
#159077
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   43
122 бет Dissertatsiya (2)

Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Dissertatsiya natijalari
4ta ilmiy-amaliy konferensiya materiallarida, jumladan, 2 ta respublika hamda 2 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ma’ruza shaklida aprobatsiyadan o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Dissertasiya natijalari jami 5 ta ilmiy maqolada o‘z ifodasini topgan. Shundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 3 ta maqola, jumladan, 3 tasi respublika va 2 tasi xorijiy jurnalda nashr qilingan.
Tadqiqotning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish, uchta bob hamda xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat. Ishning umumiy hajmi 122 betni tashkil etadi.

I BOB. BADIIY MATNDA ASSOTSIATIVLIK VA UNING O‘RGANILISHI


1.1. Badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etishning nazariy asoslari
O‘tgan asrning so‘nggi choragidan boshlab dunyo tilshunosligiga antropotsentrik paradigmaning kirib kelishi matnni uni yaratgan insonga xos xususiyatlar bilan bog‘liq holda o‘rganish zaruratini yuzaga keltirdi. Bu yo‘nalishda olib borilgan ko‘plab tadqiqotlarda matn yaratilishi jarayonini til egalarining olamni idrok etishi, assotsiativ tafakkuri, tasavvurlari, xotirasi, leksin zahirasi, til bilimi bilan bog‘liq holda o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. N.Mahmudov qayd etganidek, “Tilning ana shunday obyektiv xususiyatiga muvofiq ravishda antropotsentrik paradigmada inson asosiy o‘ringa chiqariladi, til esa inson shaxsini tarkib toptiruvchi bosh unsur hisoblanadi. Mutaxassislar taniqli rus adibi S.Dovlatovning “inson shaxsiyatining 90 foizini til tashkil qiladi” degan hikmatomuz gapini tilga oladilar. V.A.Maslova ta’kidlaganiday, inson aqlini, insonning o‘zidan, tildan va nutq yaratish hamda nutqni idrok qilish qobiliyatidan tashqarida tasavvur etib bo‘lmaydi”7.
Shunday ekan, matn tadqiqiga antropotsentrik yondashuvda matnni yaratish va uni idrok etish, xotirada saqlash masalalarining inson bilan bog‘lanishi, matnning muallif pozitsiyasi, ijodiy tafakkuri, bilimi, tasavvurlari, voqelikka munosabati kabilar nuqtayi nazaridan o‘rganish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Ma’lumki, badiiy matn ijodiy tafakkur mahsuli bo‘lib, uni ijodkor shaxs, uning olam haqidagi bilim va tasavvurlarisiz yaratib bo‘lmaydi. Badiiy matn yaratish jarayoni tasvir obyektining barcha xususiyatlari, shu jumladan, yashirin qirralarini ham mukammal o‘rganish, uni o‘ziga yondosh hodisalar bilan birgalikda “obrazli obyekt” sifatida tasavvur qilib, “tafakkur prizmasi”dan o‘tkazish, o‘xshash obyektlar bilan qiyoslash, farqlash va shu asosda qayta idrok etish va ongda tasvir obyektining konseptual manzarasi yaratilishiga erishish hamda uni matnga ko‘chirishdek ko‘pbosqichli murakkab jarayonni qamrab oladi. Bu esa yozuvchi yoki shoirdan tasvir obyekti bo‘yicha chuqur bilim, obrazli tafakkur, keng ko‘lamli tasavvur imkoniyati, va nihoyat, til vositalaridan o‘rinli foydalana bilish qobiliyatiga ega bo‘lishlikni talab qiladi. Shu sababli badiiy matn tadqiqiga antropotsentrik yondashuvda uni yaratuvchi yozuvchi yoki shoir shaxsiga, uning lisoniy qobiliyatini tekshirishga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Dunyo tilshunosligida badiiy matnni inson omili bilan bog‘liq holda tadqiq etish masalasi dastlab psixolingvistik tadqiqotlarda o‘rtaga tashlangan bo‘lsa, keyinchalik bu muammo pragmalingvistika, kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiyada ham katta qiziqish bilan o‘rganila boshlandi. Ushbu ilmiy yo‘nalishlarning har birida badiiy matn ularning yo‘nalishi mohiyatidan kelib chiqqan holda tekshirildi. Jumladan, psixolingvistikada badiiy matn ijodiy kommunikativ faoliyat mahsuli sifatida qaralib, unda inson ruhiy kechinmalarining aks etishi, kitobxonnning matn mazmunini idrok etishi, xotirada saqlashi va bu jarayonda resipiyent, uning ruhiy holatining roli kabi masalalar tahliliga e’tibor qaratildi. 8
Kognitiv tilshunoslikda esa, avvalo, matnga til egasining tashqi olam haqidagi bilimini namoyish etuvchi murakkab tuzilma sifatida qaraldi. Bu yo‘nalishda matn, shu jumladan, badiiy matnni yaratishning kognitiv mexanizmlari o‘rganildi, badiiy matnni idrok etish, tushunish, ongda shakllangan konseptlarni matnga ko‘chirish, badiiy matnda olamning konseptual manzarasini yaratish kabi masalalar tahlili bilan shug‘ullanildi. 9
Lingvokulturologiyada badiiy matnning lingvomadaniy xususiyatlarini o‘rganishga e’tibor berildi. Badiiy matnda madaniy konseptlarning ifodalanishi, lingvomadaniy birliklarning badiiy matn yaratilishidagi o‘rni kabi masalalar tadqiq etildi. 10
Pragmalingvistika sohasida olib borilgan tadqiqotlarda badiiy matnga muayyan maqsadga yo‘naltirilgan murakkab tuzilishli nutqiy akt, kontekst sifatida qaralib, til birliklari shu badiiy nutqiy aktlar, kontekst doirasida, u bilan bog‘liq holda tadqiq etildi, ijodkorning diskursiv faoliyati, badiiy matn yaratishda tanlagan kommunikativ strategiyasi va taktikasi tahlil qilindi, badiiy matnning konnotativ, presuppozitsion xususiyatlari o‘rganildi 11 va hokazo.
Ammo e’tirof etish joizki, uzoq yillar davomida badiiy asarning til xususiyatlari tadqiq etilgan ishlarda yozuvchi yoki shoirning til vositalaridan foydalanish mahoratini o‘rganish bilan chegaralanildi. Yozuvchi yoki shoir yaratgan badiiy matnda uning shaxsiga xos xususiyatlarning namoyon bo‘lishi masalasi deyarli tadqiq etilmadi, ijodkorning matn yaratishda tasvir obyekti haqidagi bilimlari, u haqidagi tasavvurlari, assotsiativ tafakkuri, xotirasining imkoniyatlari kabi masalalar tahliliga e’tibor qaratilmadi. D.Xudoyberganova to‘g‘ri qayd etganidek, “Biror yozuvchi yoki ijodkorning nutqiy uslubini uning so‘z qo‘llash yoki jumla tuzish mahorati nuqtayi nazari bilan tadqiq qilish usuli bugungi kun talabiga javob bermaydi. Shu boisdan matn yaratilishi masalasini shaxs uslubi nuqtayi nazaridan o‘rganish matnning lingvistik jihatlariga teranroq nazar bilan qarashga olib keladi.”12
So‘nggi yillarda badiiy matn assotsiativ tilshunoslikning ham tadqiq obyektiga aylandi. Assotsiativ tilshunoslikda badiiy matnning semantik-sintaktik shakllanishida muhim o‘rin tutuvchi, qismlarining mantiqan uzviyligini ta’minlovchi assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishi, badiiy matndagi vazifasi, insonning tasvir obyekti haqidagi tasavvurlari, bilimlari bilan bog‘lanishi, yozuvchi individual uslubini shakllantirishdagi o‘rni kabi masalalar tahliliga jiddiy e’tibor qaratildi.13
Badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etishga bag‘ishlangan ishlarda ko‘pincha matnda qo‘llangan assotsiativ birliklarni o‘rganishga e’tibor qaratildi. Assotsiativ birliklar muallifning individual-obrazli assotsiatsiyalari hamda muayyan tilning lug‘at tizimida assotsiativ me’yorga aylangan birliklarga ajratilib tahlil qilindi. Xususan, rus tilshunosligida bu yo‘nalishda olib borilgan ayrim tadqiqotlarda assotsiativ birliklar asar muallifi tomonidan hosil qilingan individual assotsiatsiyalar sifatida maxsus o‘rganildi.14 Ayrim tadqiqotlarda esa bu kabi individual assotsiatsiyalar muallifning idiostili nuqtai nazaridan tekshirildi.15
Rus tilshunosligida badiiy matnning assotsiativ tadqiqiga bag‘ishlangan ishlar sirasida N.S.Bolotnovaning “Лексическая структура художественного текста в ассоциативном аспекте” nomli tadqiqoti ahamiyatlidir. Ushbu tadqiqotda rus shoirlari M.I.Svetayeva, B.L.Pasternak hamda O.E.Mandelshtam she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklar tahlilga tortilib, badiiy matnning assotsiativ strukturasi haqida qimmatli xulosalar chiqarilgan. Tadqiqotda ushbu ijodkorlar asarlarida qo‘llangan assotsiativ birliklar referent, kognitiv, lisoniy assotsiativ birliklarga ajratilib, har biri misollar asosida izohlangan. Shuningdek, ushbu ishda assotsiativ birliklar orasidagi paradigmatik va sintagmatik munosabatlar aniqlanib, ularning hosil bo‘lishi omillari ochib berilgan. 16
A.M.Novikovaning “Ассоциативные поля в языке и в структуре художественного текста”nomli tadqiqotida esa rus tili assotsiativ lug‘atlarida berilgan assotsiativ maydon va badiiy asarlarda ajratilgan assotsiativ maydonlar bilan o‘zaro qiyoslanib, ular o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlar ochib berilgan. 17
V.A.Yefremovning “Ассоциативно-вербальная организация цикла лирических новелл H.A.Бунина “Тёмные аллеи” mavzusidagi tadqiqotida rus yozuvchisi I.A.Buninning idiostiliga xos assotsiativlikni tekshirish maqsad qilingan. Shu asosda tadqiqotda lirik prozada ritm hosil bo‘lishining assotsiativ mexanizmi o‘rganilgan, asar personaji nomlarining asosiativ mohiyati ochib berilgan. “Тёмные аллеи”novellasi sarlavhalarining assotsiativ aloqasi, presedent matnlarning assotsiativ strukturasi tahlil qilingan, shuningdek, “Тёмные аллеи”novellasida “Muhabbat”, “O‘lim” konseptlarining ifodalanishida assotsiativ birliklarning roli va vazifasi aniqlangan.18
Ushbu tadqiqotning boshqa tadqiqot ishlaridan farqi shundaki, unda novelladagi sarlavhalarning, shuningdek, unda qo‘llangan presedent matnlarning bir-biri bilan assotsiativ aloqasi haqida qiziqarli xulosalar chiqarilgan.
S.M.Karpenkoning rus shoiri N.S.Gumilev she’rlari assotsiativ tadqiqiga bag‘ishlangan dissertatsiyasida ushbu shoirning she’riy matnlarida qo‘llangan assotsiativ birliklar tekshirilgan, ularning muallif idiostilini shakllantirishdagi o‘rniga baho berilgan. Olima rus shoiri N.S.Gumelev she’rlarining assotsiativ tahlili asosida tildagi uzual va shoir assotsiatsiyalari bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan degan xulosaga kelgan. Uning fikricha, badiiy asar muallifi tomonidan hosil qilingan assotsiatsiyalar bor-bora kishilar lisoniy ongida o‘rnashadi va uzusga aylanadi, shu bilan birga, matnni yaratishda har doim uzual assotsiatsiyalarga ham tayaniladi. Aks holda she’riy matnni tushunishda qiyinchilik yuzaga kelishi mumkin.19
Ko‘rinadiki, S.M.Karpenko N.S.Gumilev she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklarni rus tili assotsiativ lug‘atlariga me’yor sifatida kiritilgan assotsiatsiyalar bilan qiyoslab, ularning umumiy va muallif idostili bilan boliq jihatlarini aniqlagan.
D.V.PsursevningСмыслоформирующий аспект образно-ассоциативных компонентов художественного текста” mavzusidagi dissertatsiyasida badiiy matnning obrazli assotsiativ komponentlari aniqlanib, ularni tahlil qilish sxemalari tavsiya etilgan. Badiiy asarda qo‘llangan turli takrorlarning obrazli assotsiativ imkoniyatlari va matndagi roli ochib berilgan. Olima tadqiqotida obrazli komponentlar, assotsiativ komponentlar va matn bilan bog‘liq assotsiatsiyalarni farqlagan, assotsiativ komponentlarning matn mazmunini shakllantirishdagi roliga baho bergan. 20
Y.A. Tirishkinaning “Ассоциативное поле как элемент поэтической картины мира В.Набокова” mavzusidagi dissertatsiyasida esa asosiy e’tibor V.Nabokov she’riy matnlari assotsiativ maydonini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotda assotsiativ birliklar tasnifi masalasiga munosabat bildirilgan, so‘zlar orasidagi assotsiativ aloqaning muallif lisoniy shaxsini namoyon qilishdagi ahamiyati ochib berilgan. V.Nabokovning poetik asarlari assotsiativ xususiyatlari yoritilgan. Xususan, ushbu ijodkor poetik asarlarida matn ichidagi assotsiativ munosabatdagi so‘zlar muallif yaratgan poetik olam manzarasini aks ettiruvchi vosita sifatida baholangan. Shuningdek, tadqiqotda matnlar orasidagi assotsiativ bog‘lanish masalasi ham o‘rganilgan. Tadqiqotchi V.Nabokovning poetik asarlarida “Igra”, “Reka”, “Uzor”, “Mir” dominantali assotsiativ maydonlarni ajratib, har birini alohida tahlil qilgan. 21
A.A.Vasilyeva esa shoir O.Mandelshtam asarlarida qo‘llangan assotsiativ birliklarni o‘rgangan. Uning ishida muallif assotsiatsiyalari rus tili assotsiativ lug‘atlarida berilgan uzual assotsiatsiyalar bilan taqqoslanib, ularning bir-biriga muvofiq kelish-kelmasligi holatlari aniqlangan. Ushbu ishda O.Mandelshtam she’rlarida “Yedinstvo” va “Uzor” assotsiativ maydonlari ajratilib, ularning tarkibidan o‘rin olgan assotsiativ birliklarning matnda stimul so‘z bilan bog‘lanishi, she’riy matnda joylashuvi masalasi tekshirilgan.22
Tadqiqotchi T.D.Braynina Sasha Sokolov asarlarida qo‘llangan assotsiativ birliklarni tahlil qilib, ular orqali badiiy obraz yaratish masalasi tahliliga e’tiborini qaratgan. Olima S.Sokolovning assotsiativ birliklari asosida uning idiostiliga xos xususiyatlarni aniqlagan. Asosiy e’tiborini yozuvchi lisoniy ongida voqelik haqidagi obrazlarning shakllanishida assotsiativ birliklarning rolini aniqlashga qaratgan.23
Assotsiativ tilshunoslik masalalari bo‘yicha qator izlanishlar olib borgan Y.N.Karaulov ham badiiy matnni assotsiativ aspektda o‘rganish masalasiga e’tiborini qaratgan. U badiiy matnda assotsiativ maydonni ajratish metodikasini tavsif etgan, ushbu maydondagi assotsiativ birliklarning rus tili assotsiativ lug‘atlarida berilgan birliklarga deyarli muvofiq kelishini asoslab bergan. 24
Rus tilshunosligida amalga oshirilgan ushbu ishlar tahlili asosida aytish mumkinki, bu tilshunoslikda badiiy matnni inson omili bilan bog‘liq holda o‘rganish vazifasiga jiddiy kirishilgan. Assotsiativ aspektda olib borilgan tadqiqotlar badiiy matnni yaratuvchi ijodkor shaxsning tafakkuri, tasavvurlari, olamni idrok etishi kabilarni aniqlashda, muallif idiostiliga xos xususiyatlarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etgan.
So‘nggi yillarda o‘zbek tilshunosligida ham badiiy matnni antropotsentrik aspektda o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu sohada olib borilgan tadqiqotlarda badiiy matn lingvokulturologik, pragmalingvistik, psixolingvistik, kognitiv aspektlarda o‘rganildi. Ammo hanuzgacha o‘zbek tilidagi badiiy asarlar matni assotsiativ aspektda tadqiq etilgan emas. Tilshunosligimizda bu masalaga ayrim ishlarda munosabat berib o‘tilgan bo‘lsa-da, maxsus tadqiqini kutayotgan dolzarb muammolardan biri sanaladi. Masalan, D.Xudoyberganovaning “Badiiy matnning antropotsentrik tadqiqi” mavzusidagi tadqiqotida badiiy matn lingvokulturologik, kognitiv, psixolingvistik aspektlarda tahlil obyekti bo‘lgan. Dissertasiyada badiiy matnning yaratilishida assotsiativ tafakkurning o‘rni masalasiga ham munosabat bildirilgan. Olimaning qayd etishicha, “Matnda psixologik holatlarni ifodalashda assotsiativ so‘zlar ham muhim o‘rin egallaydi. Bunday so‘zlar matnda o‘ziga xos assotsiativ maydon hosil qilib, matn o‘quvchisining ruhiyatida ham muayyan holatni yuzaga keltiradi. Bunday holatning yuzaga kelishiga matnda qo‘llangan, psixologik jihatdan o‘zaro aloqador bo‘lgan so‘zlar haqidagi obrazlarning qayta tiklanishi sabab bo‘ladi.
Ma’lumki, so‘zlar o‘z ma’nosi bilan inson psixikasiga ta’sir etish xususiyatiga ega. Inson o‘z xotirasida so‘zlarning ma’nolari bilan birga ularning obyektiv olamda o‘z sezgi a’zolari orqali his etgan xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni ham saqlaydi. Shu sababli muayyan so‘z uni eshituvchi odam xotirasida muayyan assotsiatsiyalarni paydo qiladi. Agar matnda bir assotsiativ maydonga kiruvchi so‘zlar qo‘llangan bo‘lsa, ular o‘quvchi psixikasiga yanada kuchliroq ta’sir etadi.”.25
Ayon bo‘ladiki, olima D.Xudoyberganova badiiy matnda qo‘llangan assotsiativ birliklarning emosionallik, ta’sirchanlikni ta’minlashdagi o‘rniga baho bergan. Ammo bu ishning maqsadi badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etish bo‘lmaganligi sababli olima bu masalaga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan xolos.
D.Lutfullayevaning “Assotsiativ tilshunoslik nazariyasi” kitobida esa badiiy matnning yaratilishida assotsiativ birliklarning roli, ularning badiiy matndagi funksiyasi, muallif tasavvurlari, bilimi bilan bog‘lanishi masalasi tahlil qilingan. Ishda o‘zbek xalqining sevimli shoirlari A.Navoiy va E.Vohidovning she’rlari misolida assotsiativ tafakkur, verbal assotsiatsiyalar, badiiy matnning assotsiativ maydoni tushunchalariga izoh berilgan, ularning mohiyati ochib berilgan. 26
Olima A.Navoiy she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklarni tahlil qilar ekan, shoirning “Men o‘lsam, ishq naqdi xud erur ko‘nglumga mavrusi, Kishi farzandi garchi bo‘lsa besomon, erur voris” baytida farzand – voris assotsiativ juftligi ilgari surilgan asosiy g‘oyani yuzaga chiqarishga xizmat qilganligini, muallifning voqelik bo‘yicha yuzaga kelgan verbal assotsiatsiyalari, uning ko‘lami matnning mantiqiy-semantik strukturasini belgilab berganligini ta’kidlaydi. Yoki Alisher Navoiy g‘azallarida ko‘p qo‘llangan oraz ko‘z, ko‘z qosh, ko‘z yosh, oshiq ma’shuqa, oshiq ishq g‘avg‘osi, shoh gado, yulduz quyosh assotsiativ juftliklari g‘azallar matnni shakllantirishda tayanch qurilish materiali vazifasini bajarish bilan birga, tazod, tanosub she’riy san’atlarini hosil qilib, badiiylikni ta’minlashga xizmat qilganligi, bunday assotsiativ birliklar shoir tafakkuri va xotirasi mahsuli bo‘lib, she’riy matnning yaratilishida muhim o‘rin tutganligini qayd etadi. 27
Ko‘rinadiki, ushbu ishda badiiy matnni assotsiativ aspektda o‘rganish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Ammo bu muammo faqat A.Navoiy va E.Vohidovning ayrim she’riy matnlari tahlili misolida o‘rtaga tashlangan. Zero, har bir ijodkor shaxsning assotsiatsiyalari asosan individual xarakterda bo‘lib, badiiy matnda qo‘llangan bunday assotsiativ birliklarni turli ijodkorlar yaratgan badiiy matnlar misolida o‘rganish badiiy matnning assotsiativligini ochib berishda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilish mumkinki, badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etish uni yaratgan muallifning assotsiativ tafakkuri, tashqi olam haqidagi tasavvurlari, bilimi, qarashlari, shuningdek, individual uslubidagi o‘ziga xos qirralarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu mummo bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.



Yüklə 336,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin