3.3. O.Matjon she’rlarining tajriba materiallariga asoslangan jamoaviy assotsiativ maydoni Badiiy matnda muallif yaratgan olamning poetik tasvirini aniqlashda matnning assotsiativ maydonini o‘rganish ahamiyatlidir. Chunki assotsiativ maydon badiiy matnda yaratilgan tasvir obyektini tasavvur qilishga, unda qanday voqelik aks etganini oldindan aniqlashga yordam beradi.
Badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etishda quyidagi masalalarni o‘rganish muhim:
1) badiiy matnning assotsiativ maydonini shakllantirib, unda qo‘llangan muallif assotsiatsiyalarini o‘rganish;
2) assotsiativ tajribada aniqlangan kitobxon assotsiatsiyalari orqali badiiy matnning poetik tasviriga baho berish.
Bobning avvalgi faslida O.Matjonning ayrim she’rlarining assotsiativ maydoni shakllantirilib, unda qo‘llangan muallif assotsiatsiyalari tahlil qilingan edi. Quyida shoirshe’rlari bo‘yicha til egalarida o‘tkazilgan assotsiativ tajriba natijalari tahlili asosida kitobxonlarda yuzaga kelgan assotsiatsiyalar orqali shoir yaratgan olamning poetik manzarasiga baho beramiz.
Badiiy matn bo‘yicha kitobxonlar ustida o‘tkaziladigan assotsiativ tajribalar til egalarining badiiy matnni tushunishi, idrok etishi jarayonida xotirasida tiklanadigan assotsiativ birliklarni aniqlashda ahamiyatlidir.
Bu turdagi assotsiativ tajribada badiiy matn turtki so‘z (matn) vazifasini o‘taydi. Sinaluvchilar tomonidan bu turtki so‘z-matnga berilgan javob reaksiyalari (assotsiatsiyalar) kitobxonning ikkilamchi kommunikativ faoliyatini aks ettiradi. Sinaluvchi matnni idrok etadi, so‘ngra matn bo‘yicha xotirasida tiklangan assotsiativ birliklarni bayon qiladi. Shu ma’noda muallif tomonidan yaratilgan badiiy matn birlamchi nutqiy faoliyat, sinaluvchilar tomonidan berilgan javob reaksiyalari esa ikkilamchi nutqiy faoliyat natijasi hisoblanadi.
Badiiy matnga sinaluvchilar tomonidan berilgan javob reaksiyalari matn strukturasi, uning tarkibi, kitobxonning fikrlashga majbur qiluvchi til birliklari haqida ma’lumot olishga xizmat qiladi. Shuningdek, muallif yaratgan olamning badiiy manzarasi xarakteri, uning sinaluvchilar lisoniy ongida qay tarzda namoyon bo‘lganini aniqlashga imkon beradi. Sinaluvchilarning matnga bo‘lgan subyektiv munosabatini ular bergan javob reaksiyalari orqali bilish mumkin bo‘ladi. Sinaluvchilar badiiy matnni to‘liq idrok etishganda, tushunishganda unga haqiqiy baho bera olishadi.
Assotsiativ tajriba O.Matjonning “Quyosh qizarishlari”, “Eshigingdan o‘taman” she’rlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi 17-18 yoshdagi 24 ta maktab bitiruvchilari ustida yozma tarzda o‘tkazildi. Tajribani boshlashdan avval sinaluvchilarga assotsiativ tajribaning mohiyati, maqsadi, vazifasi, uni o‘tkazish tartibi haqida ma’lumot berildi. So‘ngra sinaluvchilarga javob varaqasi (so‘rovnoma) tarqatildi. Uning titul varag‘iga sinaluvchilardan o‘zlari haqidagi ma’lumotlar (ismi familiyasi, yoshi, jinsi, ma’lumoti, o‘qish va yashash joyi)ni qayd etish so‘raldi. Sinaluvchilar o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni yozishgach, ularning tajriba o‘tkazish uchun tayyor holatda ekanligi tekshirildi. Shundan so‘ng tajriba ish o‘tkazildi. Assotsiativ tajriba o‘tkazish tartibiga ko‘ra she’riy matn sinaluvchilarga bir marta sekin o‘qib eshittiriladi. Shundan so‘ng sinaluvchilar she’r bo‘yicha xotirasiga kelgan birinchi so‘zni javob varaqasiga o‘ylab o‘tirmay yozishlari zarur bo‘ladi. Dastlab O.Matjonning “Quyosh qizarishlari” she’ri bo‘yicha assotsiativ tajriba o‘tkazildi.