6. So‘zlarning ijtimoiylik va gender belgisiga ko‘ra aloqadorligi. O.Matjon she’rlarida qo‘llangan ayrim so‘zlarning ijtimoiylik va gender belgisi asosida ham assotsiativ qatorlarga birlashganligi kuzatiladi.
Ayrim so‘zlar bir vaqtda ham ijtimoiylik, ham gender belgisi asosida assotsiativ aloqaga kirishadi. Fikrimizni shoirning “Kuz” she’ridan olingan quyidagi parcha misolida asoslaymiz:
Haq maqsadli odam doim bezovta, Umidning yo‘llari bo‘lmas unga berk, Go‘yo eski lip-lip kinoda ota Beiz ketgan o‘g‘lin ilgab qolgandek... Ushbu she’riy parchada ota va o‘g‘il so‘zlarining ikki tomonlama assotsiativ aloqasi kuzatiladi. Ota va o‘g‘il so‘zlari shaxsning oiladigai ijtimoiy rolini aks ettirishiga ko‘ra bir-biri bilan assotsiativ bog‘lanadi. Shuningdek, bir jinsga ishora qilishiga ko‘ra bir-birini yodga solib turadi. Bu holat ularning assotsiativ aloqasidan dalolat beradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O.Matjon she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklarning umumiy lingvistik belgi-xususiyatlari ularning assotsiativ aloqasini ta’minlagan.
O.Matjon she’rlarida assotsiativ birliklarning ekstralingvistik omillar asosida ham hosil bo‘lganligini ko‘ramiz. Masalan, shoirning quyidagi she’rida predmetlarning shakli va rangiga asoslangan assotsiatsiya kuzatiladi:
O‘rtamizda birgina olma Olam ichra yumaloq ilinj. O‘rtamizda birgina olma – Balki g‘am u yo balki sevinch.
O‘rtamizda birgana olma, Yarmi qizil, yarmi och yashil. Hayo tug‘yonidan qizil u, U sog‘inchning ramzidir asil. Ushbu she’rda olma turtki so‘ziga nisbatan uning shaklini ko‘rsatuvchi yumaloq assotsiatsiyasi, rangini anglatuvchi qizil, och yashil assotsiatsiyalari qo‘llangan.
Quyidagi misrada esa predmet va u joylashgan o‘rinni bildiruvchi so‘zlarning o‘zaro aloqadorligi asosida yulduz(lar) – falak so‘zlarining assotsiativ bog‘lanishi yuz bergan:
Azizam, yulduzlarfalakda baxtli, inson o‘z qalbida – yurakda baxtli... O.Matjonning “Turg‘unlik yillari” she’ridan olingan quyidagi parchada berilgan rus – alkash assotsiatsiyasining yuzaga kelishi ekstralingvistik asosga ko‘ra, ya’ni shoirning ayrim rus kishilari spirtli ichimlikka ruju’ qo‘yishi haqidagi shoir ma’lumotlari bilan aloqador.