Qo‘qon davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi phD


III. O.MATJON SHE’RLARI ASSOTSIATIV MAYDONI STRUKTURASI



Yüklə 336,29 Kb.
səhifə32/43
tarix21.10.2023
ölçüsü336,29 Kb.
#159077
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43
122 бет Dissertatsiya (2)

III. O.MATJON SHE’RLARI ASSOTSIATIV MAYDONI STRUKTURASI


3.1. Matnning assotsiativ maydonini shakllantirish tartibi
Tilshunoslikda biror til birligi, ya’ni turtki so‘zga nisbatan inson xotirasida tiklangan, bir-birini yodga tushiruvchi birliklar assotsiativ birliklar sifatida e’tirof etiladi. Til egalari ustida o‘tkazilgan assotsiativ tajribalar asosida hosil qilingan bunday birliklar majmui assotsiativ maydon deb ataladi.
“Энциклопедический словарь”da qayd etilishicha, “Assotsiativ maydon – bu inson ongida shakllanuvchi tasavvurlar va u bilan bog‘liq tushunchalar, so‘z, til birliklari guruhi majmuidir”73.
D.Lutfullayeva assotsiativ maydonning ongdagi bilim va tasavvurlarni namoyish etuvchi birliklar ekanligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, “Assotsiativ maydon – struktur jihatdan leksikografik xususiyatga ega bo‘lgan, mohiyatan inson ongida aks etgan muayyan voqelik, uning hamrohlari obrazining verbal ifodasi, u haqdagi tasavvuri, bilimlarini namoyish etuvchi tilning o‘zaro assotsiativ bog‘langan semantik va grammatik munosabatdagi birliklari yig‘indisidir”.74
Ta’rifdan ma’lum bo‘ladiki, inson tasavvurlari va bilimi bilan bog‘liq holda o‘zaro assotsiativ bog‘langan birliklar majmui bo‘lgan assotsiativ maydon turli sath birliklarini qamrab oladi. Uning tarkibidan nafaqat leksik-semantik birliklar, balki grammatik va fonetik birliklar ham o‘rin oladi.
Assotsiativ maydon so‘zlarning assotsiativ ma’nosini tekshirishda, tilning leksik tarkibi, undagi o‘zgarishlarni aniqlashda, leksik birliklarning o‘zaro paradigmatik, sintagmatik aloqasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Y.N.Karaulov assotsiativ maydonni o‘rganishning ahamiyati haqida quyidagilarni ko‘rsatgan edi: 1) turtki so‘z va javob reaksiyasining birikuvidan tashkil topgan har qanday so‘z birikmasi nutqiy model sifatida ko‘rilishi mumkin, demak, assotsiativ maydon so‘z birikmasi bo‘yicha o‘quv topshiriqlari, mashqlarni tuzishda manba vazifasini bajaradi; 2) ikki so‘zli modellar to‘liq gap uchun qurilish materiali hisoblanadi; 3) assotsiativ maydondan o‘rin olgan birliklar majmuidagi boy axborot ko‘pqiymatli turtki so‘zga xos barcha ma’nolarning ro‘yobga chiqishini namoyish etish, uning sinonimik, antonimik, paronimik, omonimik va boshqa munosabatlarini aniqlash imkonini beradi; 4) assotsiativ verbal tarmoq nafaqat leksik va grammatik, balki kognitiv va pragmatik ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi, assotsiativ maydon strukturasi, unda yadro va chegara qismlarning ajratilishi esa rus lisoniy shaxsini o‘rganish uchun materiallarni taqdim etadi. 75
Anglashiladiki, assotsiativ maydon nutq yaratilishi, xususan, so‘z birikmasi, gapning hosil bo‘lish mexanizmini tadqiq etishda, so‘zga xos ma’nolarni aniqlashda, matnda lisoniy shaxs, unga xos xususiyatlarning namoyon bo‘lishini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Assotsiativ tilshunoslikda assotsiativ maydon, asosan, 2 xil usulda shakllantiriladi: 1) til egalari ustida o‘tkaziladigan assotsiativ tajriba usuli. Bunday tajriba ko‘p sonli til egalari ustida o‘tkaziladi. Bunda til egalaridan ma’lum bir vaqt ichida o‘qib eshittirilgan turtki so‘z bo‘yicha xotirasiga kelgan birinchi so‘zni yoki so‘z birikmasi, gapni tarqatilgan anketaga yozish so‘raladi. Bu tajriba og‘zaki ravishda o‘tkazilganda sinaluvchining turtki so‘zga bergan birinchi javobi tajriba o‘tkazuvchi tomonidan diktofonga yozib olinadi. So‘ngra barcha natijalarni jamlash asosida assotsiativ maydon shakllantiriladi; 2) tayyor matnning assotsiativ maydonini belgilash usuli. Ushbu usul yozuvchi, shoir yoki boshqa shaxslar tomonidan yaratilgan matnlarni ular ishtirokisiz ham assotsiativ maydonlarini hosil qilish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Bu usulda matn tarkibida qo‘llanib, turtki so‘z bilan assotsiativ-semantik bog‘langan barcha til birliklari, ular so‘z, so‘z birikmasi, gap shaklida bo‘lishi mumkin, ajratilib assotsiativ maydonga birlashtiriladi. Matnning assotsiativ maydoni uning egasi ifoda etmoqchi bo‘lgan mazmun, xulosa haqida oldindan tasavvur hosil qiladi. Matn egasining tasvir obyekti haqidagi bilimlari, tasavvuri va leksikoni haqida ma’lumot beradi.
Tadqiqotda O.Matjonning ayrim she’rlari assotsiativ maydonini hosil qilishda har ikki usuldan foydalanildi.
Tilshunoslikda badiiy matnning assotsiativ maydonini shakllantirishning bir qancha usullari ko‘rsatilgan. Mashhur rus tilshunosi Y.N.Karaulov “DE” operatsiyasi deb nomlangan matnning assotsiativ maydonini belgilash metodikasini ishlab chiqqan. Unga ko‘ra dastlab matn bir qancha mustaqil parchalarga ajratiladi, ya’ni dekompozisiyalashtiriladi. Bu parchalar nisbiy mustaqil, ammo bir-biri bilan bog‘langan gipermatn birliklari to‘plamiga aylantiriladi. Keyingi bosqichda bunday gipermatn birliklariga mansub bo‘lgan so‘zshakllari ajratilib, grammatik shaklidan soqit qilinadi, ya’ni degrammatikalizasiyalashtiriladi. So‘ngra propozitsiyalar to‘plami buzilib yuboriladi (depropozitsiyalanadi) va ularni tashkil etuvchilar turli assotsiativ maydonlarga taqsimlanadi. Oxirgi bosqichda assotsiativ birliklardan shaxs diskursi soqit qilinadi, ya’ni ular depersonallashtiriladi. 76
Ko‘rinadiki, “DE” operasiyasida badiiy matn bir qancha mayda bo‘laklarga ajratilib, uning tarkibidan grammatik shakllardan xoli qilingan turtki so‘zga nisbatan va o‘zaro assotsiativ bog‘langan birliklar ajratiladi.
Rus tilshunosligida matnning assotsiativ maydonini shakllantirish masalasiga O.Bolotnova, S.M.Karpenko, I.I.Babenko ham munosabat bildirishgan. Ular matnning assotsiativ maydonini belgilashda so‘zlarning assotsiativ-semantik aloqasini asos qilib olishgan.77
Matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda uning tarkibida qo‘llangan til birliklarining semantik aloqasi muhim o‘rin tutadi. Semantik jihatdan bog‘langan so‘zlar bir vaqtda assotsiativ aloqaga ham kirishadi. Masalan, sinonim so‘zlar ma’noviy birxillik yoki ma’noviy yaqinlik asosida semantik munosabatda bo‘ladi. Bunday so‘zlar birvaqtda assotsiativ aloqaga ham kirishadi, shu sababli doimo bir-birini yodga solib turadi. Bu ularning assotsiativlik belgisiga egaligini ko‘rsatadi. Sinonimik qatorlarni hosil qiluvchi chiroyli so‘zi go‘zal, xushro‘y, ko‘xlik so‘zlari lisoniy ongimizda bir assotsiativ guruhga birlashadi. Antonimik munosabatdagi so‘zlarda assotsiativlik yanada kuchli ifodalanadi. Shu sababli oq so‘zi qora so‘zini, yaxshilik so‘zi yomonlik so‘zini xotiramizda oson tiklaydi. Bu holat ularning inson lisoniy ongida ham assotsiativ juftliklarga birlashganligini ko‘rsatadi. Boshqa leksik-semantik guruhga mansub so‘zlarda ham assotsiativlik kuchli ifodalanadi. Demak, matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda so‘zlar orasidagi semantik aloqaga e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega.
Badiiy matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda uning hajmi, katta-kichik ekanligi muhim ahamiyatga ega. Yirik hajmli badiiy asarlarda tasvir obyekti ko‘p bo‘lganligi, murakkab syujetga asoslangan yirik voqelik aks ettirilganligi sababli assotsiativ birliklar rang-barang va turlicha bo‘lishi tabiiy. Shu sababli bunday asarlarda turli mavzulardagi bir nechta assotsiativ maydonni ajratishga to‘g‘ri keladi. Bu holat tadqiqotchining tahlil obyektini kengaytirib yuborishi, unga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, badiiy asarlarda qo‘llangan assotsiativ birliklarning individualligi, har bir yozuvchida o‘ziga xos bo‘lishi assotsiativ maydonning tarkibi, tuzilishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Kichik hajmli badiiy asarlarda matnning assotsiativ maydonini shakllantirish murakkablik tug‘dirmaydi. Bunday asarlarda kichik voqelik tasvirlanishi sababli assotsiativ birliklar faqat shu voqelik mohiyatini, muallif ruhiy kechinmasi yoki personajlar xarakterini ochishga qaratiladi.
Badiiy asarlarda leksik birliklar syujet mazmuniga mos tarzda tanlanadi, shuning uchun bir leksik turli badiiy asarda har xil assotsiativ maydonlarda ishtirok etishi mumkin. Bu jihatdan badiiy matnda qo‘llangan muayyan til birligiga biror assotsiativ maydonni “tirkash” to‘g‘ri bo‘lmaydi. Badiiy asarda so‘zlarning ko‘chma ma’noda ishlatilishi, ayniqsa, metaforik-obrazli ifodalarni shakllantirishda qo‘llanishi inobatga olinsa, badiiy matnning assotsiativ maydoni birliklari tildagi assotsiativ maydon birliklariga doimo mos keladi deb aytib bo‘lmaydi.
Tadqiqotda matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda Y.N.Karaulov tavsiya etgan metodikaga asoslanildi. Olimning ushbu metodikasida matnning assotsiativ maydonlarining tildagi assotsiativ maydonlarga qay darajada muvofiq kelish-kelmasligini tekshirish ham maqsad qilingan. Ammo o‘zbek tilshunosligida milliy-madaniy semali 100ta so‘z bo‘yicha tuzilgan assotsiativ lug‘atni inobatga olmaganda78, kundalik turmushda faol qo‘llanadigan so‘zlar bo‘yicha o‘zbek tilining ko‘p jildli assotsiativ lug‘atlari hali yaratilmagan. Shu sababli tadqiqotimizda O.Matjonning kichik hajmli she’rlari misolida matnning assotsiativ maydonini shakllantirish, uning tahlili bo‘yicha tavsiyalarimizni bayon qilamiz.
Kichik hajmli she’rlarning assotsiativ maydonini shakllantirishda quyidagi vazifalarni amalga oshirishni tavsiya etamiz:
1. She’riy matnda turtki so‘z vazifasini bildiruvchi birlik aniqlandi. She’r saralavhali bo‘lganda, uning sarlavhasi turtki so‘z vazifasini bajardi. Sarlavhasiz she’rlarda turtki so‘z lirik qahramonni bildiruvchi so‘z, she’rdagi tasvir obyektini bildiruvchi so‘z (u matnda eng ko‘p qo‘llangan so‘z, shoir nutqi qaratilgan birlik bo‘lishi mumkin) turtki so‘z sifatida qabul qilindi.
2. She’riy matn propozitsiyalar to‘plamiga ajratib chiqildi.
3. Har bir propozitsiya ifodalovchi konstruksiyada turtki so‘zga bevosita hamda bilvosita bog‘langan birliklar ajratildi. Bu birliklar turtki so‘z bilan paradigmatik, sintagmatik aloqadagi so‘zlardan tashkil topib, turtki so‘zning mohiyatini ochib berishga, u anglatgan predmet, hodisa, belgi, miqdor, hatti-harakat kabilarga izoh berishga, tavsiflashga, u bilan bog‘liq, yondosh narsa-predmet, voqea-hodisalarni eslatish, ularga munosabat bildirish kabilar uchun xizmat qiladi.
4. She’riy matnda turtki so‘zi bilan assotsiativ bog‘langan birliklar ajratilgach, ular grammatik belgidan xoli etildi, shaxs, zamon, obyektiv modallik ma’nolaridan soqit qilindi.
5. Assotsiativ birliklarning she’rdagi qo‘llanish tartibi saqlab qolindi va assotsiativ maydonga ketma-ketlikda joylashtirildi. Bu holat assotsiativ maydon orqali she’riy matn mazmunini, unda ifodalangan g‘oyani tasavvur qilish imkonini yaratdi.
6. Ajratilgan assotsiativ birliklar statistik tahlil qilindi, takror birliklar umumlashtirilib, raqamlarda soni ko‘rsatildi.
Quyida shu usul asosida O.Matjon she’rlari assotsiativ maydonini shakllantiramiz.

Yüklə 336,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   43




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin