Sadoqat ilmiga tolib bo‘laman,
Men vafo ko‘rguzib g‘olib bo‘laman.
Qonimni buzsa ham ming bir xiyonat,
Yana o‘z aslimga borib, o‘laman.
Ushbu to‘rtlik sarlavhasiz she’r hisoblanadi. Uning tarkibida takror qo‘llagan so‘z yoki so‘z birikmalari, shoir nutqi qaratilgan predmet, shaxsni bildiruvchi undalma mavjud emas. Shu sababli turtki so‘zni she’rning tasvir obyektiga qarab belgilaymiz. She’rda muallifning sadoqat haqidagi qarashlari ifoda etilgan. Shu sababli she’rda sadoqat so‘zini turtki so‘z deb qabul qilamiz.
Ushbu to‘rtlikda propozitsiya ifodalovchi quyidagi konstruksiyalar mavjud: 1) sadoqat ilmiga tolib bo‘laman; 2) men vafo ko‘rguzib; 3) (men) g‘olib bo‘laman; 4) qonimni buzsa ham ming bir xiyonat; 5) yana o‘z aslimga borib; 6) o‘laman.
Propozitsiya ifodalovchi mazkur konstruksiyalar tarkibida sadoqat turtki so‘zi bilan bevosita yoki bilvosita assotsiativ bog‘langan birliklar qo‘llangan. Bu birliklar sadoqat turtki so‘zi bilan semantik-mantiqiy jihatdan bog‘lanib, matn yaratilishiga xizmat qilgan.
Birinchi propozitiv konstruksiyada (sadoqat ilmiga tolib bo‘laman) sadoqat ilmi va tolib bo‘lmoq birliklari ajratiladi. Sadoqat ilmi birikmasi sadoqat turtki so‘zi bilan bevosita assotsiativ aloqaga kirishgan. She’rda bu so‘z birikmasiga nisbatan tolib bo‘lmoq assotsiatsiyasi yuzaga kelgan. Demak, shoir lisoniy ongida sadoqat – sadoqat ilmi – tolib bo‘lmoq bog‘li assotsiatsiyasi shakllangan.
Men vafo ko‘rguzib propozitiv konstruksiyasida esa sadoqat turtki so‘zi bilan vafo ko‘rguzmoq birikmasi o‘zaro assotsiativ bog‘langan. Sadoqat – vafo ko‘rguzmoq.
Uchinchi (men) g‘olib bo‘laman propozitiv konstruksiyasidagi g‘olib bo‘lmoq assotsiatsiyasi vafo ko‘rguzmoq birikmasiga nisbatan hosil bo‘lgan. U sadoqat turtki so‘zi bilan bilvosita bog‘langan, ya’ni: sadoqat – vafo ko‘rguzmoq – g‘olib bo‘lmoq.
Qonimni buzsa ham ming bir xiyonat propozitiv konstruksiyasida qonimni buzmoq, ming bir xiyonat so‘z birikmalari ajratiladi. Sadoqat turtki so‘ziga nisbatan ming bir xiyonat assotsiatsiyasi yuzaga kelgan. Qonimni buzmoq assotsiatsiyasi esa ming bir xiyonatga nisbatan hosil bo‘lgan. Bunday assotsiativ aloqa bog‘li aloqa bo‘lib, u quyidagicha shakllangan: sadoqat – ming bir xiyonat – qonimni buzmoq.
Beshinchi propozitiv konstruksiya (yana o‘z aslimga borib) semantik jihatdan to‘rtinchi konstruksiya (qonimni buzsa ham ming bir xiyonat) bilan bog‘liq. Yana o‘z aslimga borib konstruksiyasida o‘z aslimga bormoq assotsiatsiyasi qonimni buzmoq birikmasiga nisbatan yuzaga kelgan. Ya’ni: qonimni buzmoq – aslimga bormoq.
Oltinchi propozitiv konstruksiyada o‘laman assotsiatsiyasi aslimga bormoq birikmasi bilan assotsiativ bog‘langan: aslimga bormoq – o‘lmoq.
Demak, she’rning umumiy assotsiativ maydoni birliklari quyidagicha: SADOQAT: sadoqat ilmi, tolib bo‘lmoq, vafo ko‘rguzmoq, g‘olib bo‘lmoq, ming bir xiyonat, qonimni buzmoq, aslimga bormoq, o‘lmoq.
She’rning assotsiativ maydonidan jami 8 ta assotsiativ birlik o‘rin olgan. Ulardan 3 tasi (sadoqat ilmi, vafo ko‘rguzmoq, ming bir xiyonat) sadoqat turtki so‘zi bilan bevosita bog‘langan, 5 tasi (tolib bo‘lmoq, g‘olib bo‘lmoq, qonimni buzmoq, aslimga bormoq, o‘lmoq) turtki so‘z bilan bilvosita usulda assotsiativ aloqaga kirishgan.
Assotsiativ maydondan 4 ta leksik birlik (tolib bo‘lmoq, g‘olib bo‘lmoq qo‘shma so‘zlari, o‘lmoq so‘zi, vafo ko‘rguzmoq iborasi) shaklidagi, 4 ta so‘z birikmasi tuzilishidagi assotsiativ birlik (sadoqat ilmi, ming bir xiyonat, qonimni buzmoq, aslimga bormoq) qo‘llangan.
She’rdagi assotsiativ birliklarning bog‘li aloqasini chizmada quyidagicha aks ettirish mumkin:
vafo ko‘rguzmoq sadoqat ilmi
САДОҚАТ
g‘olib bo‘lmoq tolib bo‘lmoq
ming bir xiyonat
qonimni buzmoq
aslimga bormoq
o‘lmoq
O.Matjonning sarlavhasiz, ishq mavzusidagi quyidagi she’rining assotsiativ maydoni tuzilishi yanada o‘ziga xos. Uning assotsiativ maydonidan tayyor gaplar o‘rin olganligi xarakterlidir:
Ishqdan hol so‘rdim, ul: –
“Ishq – hol ermas”, – dedi.
“Ishq, aytgil qismatim?!”.
“Ishq – fol ermas”, – dedi.
“Ishq suvrat hadya et!”
“Ishq bu – ma’no”, dedi.
“Ishq, darding o‘ldirur!”
“Ishq bu – davo”, dedi.
“Ishq, hamroh o‘l!” – dedim.
“Ishq – sarbon!”, – dedi ul.
“Ishq, kel, sog‘indim-ay!” – dedim.
“Ishq – armon!”, – dedi ul.
“Ishq, sen qalbimdasan!”
“Xotiring jammu?!”, – dedi.
“Ishq! Diydor istadim!”
“Ishq o‘zi kammu?!”, – dedi.
Ushbu she’rda ishq turtki so‘ziga nisbatan hosil bo‘lgan quyidagi assotsiativ birliklarn ajratish mumkin: ISHQ: ishq (7), ishqdan hol so‘rmoq, Ishq – hol ermas, qismat(im), Ishq – fol ermas, suvrat hadya etmoq, Ishq bu – ma’no, dard o‘ldirmoq, Ishq bu – davo, hamroh o‘lmoq (bo‘lmoq), Ishq – sarbon!, sog‘inmoq, Ishq – armon!, qalb(imdasan), Xotiring jam, diydor istamoq, Ishq o‘zi kam(mu).
She’rning assotsiativ maydonidan quyidagi leksik birliklar o‘rin olgan: ishq (7 marta takrorlangan), hol so‘rmoq, qismat(im), hamroh o‘lmoq, sog‘inmoq, qalb(imdasan).
Shoir she’rda so‘z birikmasi va gap shaklidagi quyidagi assotsiativ birliklardan unumli foydalanilgan: Ishq – hol ermas, Ishq – fol ermas, suvrat hadya etmoq, Ishq, bu – ma’no, dard o‘ldirmoq, Ishq bu – davo, Ishq – sarbon!, Ishq – armon!, Xotiring jam(mu), diydor istamoq, Ishq o‘zi kam (mu).
Ko‘rinadiki, ushbu she’rda 8 ta gap shaklidagi (Ishq – hol ermas, Ishq – fol ermas, Ishq, bu – ma’no, Ishq bu – davo, Ishq – sarbon!, Ishq – armon!, Xotiring jam(mu), Ishq o‘zi kam (mu) va 3 ta so‘z birikmasi (suvrat hadya etmoq, dard o‘ldirmoq, diydor istamoq) tuzilishidagi assotsiativ birlik qo‘llangan. Ishq so‘zining takrori, hatto gap tarkibida ham ishlatilganligi she’rning fonetik-intonasion jihatdan ta’sirchanligini ta’minlagan. She’rdagi gap shaklidagi assotsiativ birliklar ishqning mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan. Umuman, badiiy matnda qo‘llanadigan ko‘p miqdordagi bunday rang-barang assotsiativ birliklar voqelikning biror fragmenti mohiyatini ochib berishga qaratiladi.
Assotsiativ birliklarning turtki so‘z bilan va o‘zaro bog‘li aloqasi quyidagicha:
ishq ishqdan hol so‘rmoq
ИШҚ
qismat(im) Ishq – hol ermas
Ishq – fol ermas ishq
ishq ishq ishq ishq ishq diydor istamoq
Ishq o‘zi kam(mu)
suvrat hadya etmoq / dard o‘ldirmoq / hamroh bo‘lmoq / sog‘inmoq/
qalbimda(san)
Ishq bu – ma’no/ Ishq bu– davo/ Ishq– sarbon!/ Ishq – armon!/
Xotiring jam(mu)
O.Matjon she’rlari assotsiativ maydoni tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, she’riy maydonni turtki so‘z bilan bevosita hamda bilvosita bog‘lanib kelgan birliklar tashkil etadi. Bu birliklar taniqli tilshunos Y.N.Karulov ta’kidlaganidek, she’riy matnning tayanch qurilish materiali79 vazifasini o‘taydi. Ular so‘z, so‘z birikmasi va gap tuzilishidagi assotsiativ birliklardan iborat.
Bu o‘rinda shuni aytib o‘tish lozimki, badiiy matnning bu kabi assotsiativ maydoni til egalari ustida o‘tkazilgan assotsiativ tajribalar asosida hosil qilingan assotsiativ maydondan farq qiladi. Badiiy matnning assotsiativ maydonida faqat muallifning o‘ziga xos bo‘lgan individual assotsiatsiyalar, obrazli ifodalar, uning lisoniy shaxsi, idiostilini namoyon qiluvchi birliklar o‘rin oladi. Til egalari ustida o‘tkazilgan assotsiativ tajriba asosida hosil qilingan assotsiativ maydon, asosan, jamoaviy xarakterga ega.
Rus olimasi N.S.Bolotnova matnning assotsiativ maydoni shartlanganlik xususiyatiga egaligi, bunga muayyan obyektiv omillar sabab bo‘lishini qayd etadi. Uning fikricha, til birliklarining matnda qo‘llanishi funksionallashuv qonuniyatiga asoslanadi, ya’ni matnda so‘zlar tilning tizimlilik parametrlari, so‘z qo‘llashdagi an’analar kabilar bilan bog‘liq holda ishlatiladi. Shuningdek, matnda muallif lisoniy shaxsining namoyon bo‘lishidagi subyektivlik yadro elementlari va uning atrofidagi individual assotsiatsiyalar strukturasining betakrorligi, originalligini ta’minlaydi.80
Xullas, badiiy matnni assotsiativ maydon nazariyasi aspektida o‘rganish matnning leksik-semantik strukturasi haqida batafsil ma’lumot olishga imkon yaratadi. Matnning assotsiativ maydoni birliklari tahlili orqali tilning ma’lum davridagi leksik tarkibi, so‘zlarning assotsiativ ma’nosi bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |