Bob bo‘yicha xulosa Assotsiativ birliklar o‘xshashlik, yondoshlik va shu kabi boshqa umumiy belgilari asosida inson lisoniy ongida muayyan guruhlarga birlashgan uning xotirasida bir-birini tiklovchi, yodiga soluvchi birliklardir. Ijodkor badiiy matn yaratar ekan, o‘zaro aloqadorlik, bog‘liqlik, yondoshlik qonuniyati asosida assotsiativ aloqa-bog‘lanishda bo‘lgan va lisoniy ongidan tayyor holda o‘rin olgan bunday birliklardan unumli foydalanadi.
O.Matjon she’rlarida assotsiativ aloqa turtki so‘z va assotsiativ birliklar munosabatida hamda she’rdagi o‘zaro assotsiativ bog‘langan so‘zlar orasida kuzatiladi. Turtki so‘z va assotsiativ birlik o‘rtasidagi assotsiativ aloqa bevosita aloqa, she’rdagi assotsiativ birlik boshqa so‘z bilan aloqaga kirishib, so‘ngra turtki so‘z bilan bog‘lansa, bilvosita aloqa turi yuzaga keladi va u ketma-ketlik tamoyiliga asoslanadi.
Shoirning sarlavhali she’rlarida turtki so‘z vazifasini she’r sarlavhasi bajaradi. Assotsiativ birliklar shu turtki so‘zga nisbatan hosil bo‘ladi. Sarlavhasiz she’rlarida esa turtki so‘z vazifasini matnda aks etgan tasvir obyektini bildiruvchi so‘zlar bajaradi. Bunday so‘zlar ko‘pincha she’r matnida eng ko‘p qo‘llangan so‘zlar, radif vazifasini bajargan birliklar, muallif nutqi qaratilgan undalmalardan tashkil topadi. O.Matjon she’rlarida turtki so‘zga nisbatan hosil bo‘lgan assotsiativ birliklar so‘z, so‘z birikmasi va gap tuzilishida shakllangan.
Tilda assotsiativ birliklar turli omillar ta’sirida yuzaga keladi. Assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishida til birliklarining lingvistik xususiyatlari hamda til egalarining tashqi olam haqidagi bilimlari, tasavvurlari, hayotiy tajribalari, yoshi, jinsi, kasb-kori, ijtimoiy mavqei, qiziqishlari ta’sir ko‘rsatadi.
O.Matjon she’rlarida qo‘llangan assotsiativ birliklar lingvistik va ekstralingvistik omillarga ko‘ra hosil bo‘lgan. So‘zlarning paradigmatik va sintagmatik aloqasi, uslubiy, derivatsion, dialektal, milliy-madaniy, ijtimoiylik hamda gender belgisiga ko‘ra o‘zaro aloqadorligi assotsiativ birliklarni hosil qiluvchi lingvistik omillar sanaladi. Shoirning tashqi olam haqidagi bilim va tasavvurlari ekstralingvistik omil sifatida uning she’rlarida turli assotsiativ birliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan.
Assotsiativ birliklarning o‘xshash, yondoshlik belgisi asosida badiiy matn tarkibida birlashuvi ularning paradigmatik munosabatiga asoslansa, bu birliklarning o‘zaro grammatik jihatdan bog‘lanib, matn sintaktik strukturasiga asos solishi sintagmatik munosabatiga ko‘ra amalga oshadi.
Turtki so‘z – assotsiativ birlik yoki assotsiativ birlik – assotsiativ birlik o‘rtasidagi paradigmatik aloqa so‘zlarning sinonimik, antonimik, omonimik, uyadoshlik, partonimik, giper-giperonimik munosabati asosida yuzaga chiqadi. O.Matjon she’rlarida paradigmatik munosabatga asoslangan assotsiatsiyaning barcha turlari qayd etildi.
Turtki so‘z va assotsiativ birlik o‘rtasidagi tobelik munosabati sintagmatik assotsiatsiyalarni yuzaga keltiradi. Sintagmatik assotsiatsiyalar orqali nutqda so‘z birikmalari va gaplar hosil bo‘ladi. O.Matjonning har bir she’rida bu turdagi assotsiativ birliklar kuzatildi.
O.Matjonning xotirasida oq rangi, avvalo, oqlik xususiyatiga ega bo‘lgan predmetlar: qor, oq kaptar, oq qog‘oz, paxta xirmonini jonlantirgan. Shu bilan birga, bu leksema ko‘chma ma’nolarda qo‘llanib, «soflik», «tinchlik» ma’nolariga ham ega bo‘lgan.
Shoirning qora rangi bilan bog‘liq tasavvurlari va qarashlari xalqimiz qarashlari bilan deyarli hamohang. U qora leksemasini, avvalo, shu rangdagi predmet, hodisalarga nisbatan qo‘llagan. Shuningdek, qora leksemasi shoirda jamiyatdagi yomon illatlar, kishilarga xos salbiy xislatlar haqidagi assotsiatsiyalarni ham uyg‘otgan.