Eshigingdan o‘taman Kuz yoysa ham yo‘llarga xazon, Qor ko‘msa ham borliqni butun Ko‘klam kelib, ursa ham xandon Eshigingdan o‘turman bir kun.
Sochlaringga tushsa hamki oq, Peshonamni bossa ham ajin, Kirganda ham gavdamga titroq, Eshigingdan o‘turman bir kun.
Mayli, shunda tanimasang ham Yoki desang, ko‘rmayin turqin Yoshim yutib, boshim qilib ham, Eshigingdan o‘turman bir kun.
Meni demay yumsang ham ko‘zing Xonang qolsa, zulmatga tutqun, Xotirangga sham bo‘lib o‘zim, Eshigingdan o‘turman bir kun.
Vaqtim yetib chiqsa bu jonim, Dardlarimga yasalsa yakun, Bu dunyoni tark etar onim, Eshigingdan o‘turman bir kun. She’rda yoriga yetisha olmagan oshiq yigit iztiroblari tasvirlangan. U kuzning xazonli kunlariga qaramay, qishda qor yog‘sa ham, bahor fasli kelib, xandon ursa ham yorining eshigi tagidan bir kun o‘tishni orzu qiladi. Yori sochlariga oq kirib, o‘zi qarib, qaltirab qolsa ham, bir kun uning eshigi tagidan o‘tishni istaydi. Oshiq yigit yorining tanimasligiga ham rozi, uni ko‘rishni xohlamasa ham, boshini ham qilib bo‘lsa-da, uning eshigi tagidan bir kun o‘tishni xohlaydi. Yori uni demay bu olamdan o‘tsa ham, xotirasiga sham yoqib, uning eshigi tagidan o‘tishni istaydi. Vaqti soati yetib, o‘zi ham bu dunyoni tark etar vaqtida yorining eshigi tagidan o‘tishni istab qoladi.
Anglashiladiki, ushbu lirik she’rda sevgilisiga yetisha olmaganligi armon bo‘lib qolgan oshiq yigit obrazi o‘ziga xos badiiy chizgilarda tasvirlangan. She’r oson o‘qiladi, uning tili ravon.
Mazkur she’r bo‘yicha sinaluvchilarda o‘tkazilgan assotsiativ tajribada jami 26 ta quyidagi javob reaksiyasi olindi: abadiy sevgi (2), ayriliq, armonli xotira, bahor, diydor, inson umri, insonlarning orzu-intilishi, ishonch, qafasdagi qalb, maktab va yoshlik, mahalla, muhabbat, og‘riqli kunlar, odamlarning yashash joyi, tobut, to‘qnashuv, o‘z bilganimni qilaman, umrimning oxirigacha seni sevaman, o‘tmish, uchrashuv, xotira, hayotning sinovli davri, Hamidjon degan ism, yaxshi ko‘rgan insonining ko‘chasidan o‘tish. Assotsiativ tajriba orqali shakllantirilgan she’rning ushbu assotsiativ maydonida abadiy sevgi javob reaksiyasi 2 marta takrorlangan. Qolgan javob reaksiyalari faqat bir marta qayd etilgan. Sinaluvchilarda javob reaksiyalarining hosil bo‘lish omillarini aniqlaymiz. She’rning assotsiativ maydonidan sevgi-muhabbat tushunchasini anglatuvchi quyidagi javob reaksiyalari o‘rin olgan: abadiy sevgi (2), muhabbat. Bu javob reaksiyalari she’r mazmuni bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Assotsiativ maydondagi quyidagi javob reaksiyalari lirik qahramonning ruhiy holatini ochib berishga xizmat qilgan: ayriliq, armonli xotira, diydor, qafasdagi qalb, og‘riqli kunlar. Quyidagi javob reaksiyalari she’rda tasvirlangan voqelikni makon bilan bog‘lash asosida yuzaga kelgan: maktab va yoshlik, mahalla, odamlarning yashash joyi. Assotsiativ maydondan o‘rin olgan quyidagi javob reaksiyalari esa she’rda tasvirlangan shoir ruhiy kechinmalarini zamon bilan bog‘laydi: bahor, o‘tmish, hayotning sinovli davri. O‘z bilganimni qilaman, umrimning oxirigacha seni sevaman javob reaksiyalari she’r matni bo‘yicha sinaluvchilarda yuzaga kelgan subyektiv munosabatni aks ettiradi. Hamidjon degan ism javob reaksiyasi sinaluvchining Hamidjon ismli yigitni lirik qahramonga o‘xshatishi asosida hosil bo‘lgan. Uchrashuv, to‘qnashuv javob reaksiyalari she’rda lirik qahramonning yorining uyi eshigi tagidan o‘tishini istashi tasviri bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Bu tasvir she’rda 5 marta takrorlangan. Bu holat, nazarimizda, sinaluvchi tasavvurida oxir oqibat oshiqning yori bilan uchrashganligi tasavvurini hosil qilgan. Uchrashuv, to‘qnashuv javob reaksiyalarini mana shu tasavvur hosilasi deyish mumkin. Ishonch javob reaksiyasining shakllanishiga ham, bizningcha, she’rda Eshigingdan o‘turman bir kun misrasining 5 marta takrorlanishi sabab bo‘lgan. Yaxshi ko‘rgan insonining ko‘chasidan o‘tish javob reaksiyasi Eshigingdan o‘turman bir kun misrasiga nisbatan uning sintaktik sinonimi sifatida yuzaga kelgan. Tobut javob reaksiyasi esa she’rda lirik qahramonning vaqti soati yetib, bu dunyoni tark etar onida ham yori eshigidan o‘tishni niyat qilganligi tasviri bilan bog‘liq holda hosil bo‘lgan.
Shuningdek, sinaluvchilar tomonidan inson umri, insonlarning orzu-intilishi javob reaksiyalari ham berilgan bo‘lib, ular oshiq yigit kechinmalarini uning umri, orzu-umidlari bilan bog‘lash orqali yuzaga kelgan. Tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, O.Matjonning “Eshigingdan o‘taman” she’riga nisbatan sinaluvchilar tomonidan berilgan javob reaksiyalari lingvistik va ekstralingvistik omillar ta’sirida yuzaga kelgan. Ko‘klam so‘zining sinonimi sifatida hosil bulgan bahor javob reaksiyasi, shuningdek, eshigingdan o‘turman bir kun misrasiga nisbatan uning sintaktik sinonimi sifatida yuzaga kelgan yaxshi ko‘rgan insonining ko‘chasidan o‘tish javob reaksiyasi lingvistik omilga ko‘ra shakllangan.
Assotsiativ maydonda ekstralingvistik omillar asosida hosil bo‘lgan javob reaksiyalari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bular, asosan, quyidagilardir: 1) lirik qahramon ruhiy holatini tasvirlash; 2) lirik qahramon ruhiy kechinmalarini zamon bilan bog‘lash; 3) lirik qahramon hatti-harakatini muayyan makon bilan bog‘lash; 4) she’rda aks etgan voqelikka subyektiv munosabat bildirish; 5) ma’lum bir subyektni lirik qahramonga o‘xshatish. O.Matjonning “Eshigingdan o‘taman” she’rining sinaluvchilar javob reaksiyalari majmuidan iborat assotsiativ maydoni strukturasini, uning yadro va chegara qismlarini diagrammada quyidagicha tasvirlash mumkin: Ko‘rinadiki, ushbu assotsiativ maydonning yadro qismidan she’rning sarlavhasi “Eshigingdan o‘taman” va yuqori chastotali, ya’ni sinaluvchilar tomonidan takror qo‘llangan abadiy sevgi javob reaksiyalari o‘rin olgan. Assotsiativ maydonning yaqin chegara qismiga yadroga eshigingdan o‘taman turtki so‘zi bilan zich assotsiativ bog‘langan birliklar joylashtirildi. Uzoq chegaradan turtki so‘z bilan bilvosita bog‘langan javob reaksiyalari o‘rin oldi. Xullas, O.Matjonning “Eshigingdan o‘taman” she’ri sinaluvchilar ongida shoir ifoda etgan mazmunda aniq aks etadi. She’rning assotsiativ maydoni uning mazmunini oldindan tasavvur qilishga imkon yaratgan. Sinaluvchilar tomonidan berilgan javob reaksiyalari muallif tomonidan yaratilgan oshiq yigit ruhiy holatining badiiy tasviriga haqqoniy tavsif berish, uni baholashga xizmat qilgan.