Bob bo‘yicha xulosa Tilning lug‘at tarkibi, undagi davriy o‘zgarishlarni aniqlashda, leksik birliklarning o‘zaro assotsiativ, paradigmatik, sintagmatik aloqasini kuzatishda, so‘z birikmasi, gapning hosil bo‘lish mexanizmini tadqiq etishda, so‘zga xos ma’nolarni aniqlashda, matnda lisoniy shaxs, unga xos xususiyatlarning namoyon bo‘lishini o‘rganishda assotsiativ maydon muhim ahamiyatga ega. Assotsiativ maydon o‘zaro assotsiativ bog‘langan til birliklari majmuidir.
Badiiy matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda uning hajmi ahamiyatlidir. Yirik hajmli badiiy asarlarda tasvir obyekti ko‘p bo‘lganligi sababli assotsiativ birliklar rang-barang va turlicha bo‘lishi tabiiy. Shu sababli bunday asarlarda bir nechta assotsiativ maydonlar ajratiladi. Kichik hajmli badiiy asarlarda ko‘pincha muayyan bir voqelik tasvirlanishi sababli assotsiativ birliklar faqat shu voqelik mohiyatini, muallif ruhiy kechinmasi yoki personajlar xarakterini ochishga qaratiladi.
Matnning assotsiativ maydonini shakllantirishda quyidagi amallar bajariladi: 1) she’riy matnda turtki so‘z vazifasini bildiruvchi birlik aniqlanadi; 2) she’riy matn propozitsiyalar to‘plamiga ajratib chiqiladi; 3) har bir propozitsiya ifodalovchi konstruksiyada turtki so‘zga bevosita hamda bilvosita bog‘langan assotsiativ birliklar ajratiladi; 4) assotsiativ birliklar grammatik belgidan xoli etiladi.
O.Matjon she’rlari assotsiativ maydonida yadro va chegara qismlar ajratiladi. Assotsiativ maydonning yadro qismida joylashgan birliklar qo‘llanish darajasi yuqori bo‘lgan birliklardir. Assotsiativ maydonning yadrosidan, eng avvalo, she’rning sarlavhasi o‘rin egallaydi.
She’r sarlavhasiz bo‘lsa, she’rda eng ko‘p qo‘llangan birlik assotsiativ maydonning yadrosi hisoblanadi. Bunday birlik she’rda lirik qahramonni bildiruvchi so‘z bo‘lishi ham mumkin. Chunki she’r lirik qahramon tavsifiga, uning ruhiy kechinmalari tasviriga bag‘ishlangan bo‘lganda, u matn tarkibida ko‘p takrorlanadi.
Assotsiativ maydonning yadrosi va u bilan bog‘langan assotsiativ birliklar o‘rtasida kuchli va kuchsiz aloqa kuzatiladi. Yadro qism bilan kuchli aloqada bo‘lgan assotsiativ birliklar yaqin chegara qismdan o‘rin oladi, yadro qism bilan kuchsiz aloqada bo‘lgan assotsiativ birliklar uzoq chegara qismda joylashadi.
Badiiy matnni assotsiativ aspektda tadqiq etishda quyidagi masalalarni o‘rganish muhim: 1) badiiy matnning assotsiativ maydonida qo‘llangan muallif assotsiatsiyalarini o‘rganish; 2) assotsiativ tajribada aniqlangan kitobxon assotsiatsiyalari orqali badiiy matnning poetik tasviriga baho berish.
Badiiy matn bo‘yicha kitobxonlarda o‘tkaziladigan assotsiativ tajriba ularning badiiy matnni tushunishi, idrok etishi jarayonida xotirasida tiklanadigan assotsiativ birliklarni aniqlashda ahamiyatlidir. Badiiy matnga berilgan javob reaksiyalari muallif yaratgan olamning badiiy manzarasi xarakteri, uning sinaluvchilar lisoniy ongida qay tarzda namoyon bo‘lganini aniqlashga imkon beradi.
O.Matjonning “Quyosh qizarishlari”, “Eshigingdan o‘taman” she’rlari assotsiativ maydonida ekstralingvistik omillar asosida hosil bo‘lgan javob reaksiyalari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular quyidagi omillarga ko‘ra hosil bo‘lgan: 1) lirik qahramon ruhiy holatini tasvirlash; 2) lirik qahramon ruhiy kechinmalarini zamon bilan bog‘lash; 3) lirik qahramon hatti-harakatini muayyan makon bilan bog‘lash; 4) she’rda aks etgan voqelikka subyektiv munosabat bildirish; 5) ma’lum bir subyektni lirik qahramonga o‘xshatish.