Non faqat umrimga jon, bir qarasam,
Umrimu olamninggu bor xislati – Burda nonichra nihon, bir qarasam. Jins-tur, ya’ni gipo-giponimik munosabat asosida hosil bo‘lgan assotsiatsiyalar shoirning “Ayollarga” she’rida kuzatiladi. Ushbu she’rda ayol(lar) stimul so‘ziga nisbatan shoir xotirasida tiklangan ona assotsiativ birligi jins-tur munosabatini aks ettiradi:
Tilim sizdan ona deb so‘z olgandir, Siz so‘zlagach, qushlar tildan qolgandir. Siz aytsangiz – bizning aytgan yolg‘ondir, Har shevangiz yurt-millatning bayrami. Quyidagi she’riy parchada esa, aksincha, tur-jins munosabatiga asoslangan qayin – daraxat(lar) birliklari qo‘llangan:
Qaydan kelib qolding, qayin, oq qayin Bu turfa daraxtlar tig‘iz o‘rmonga?! Nega kerak ekan nozik vujuding Bu qorlar mulkiga, bu qahratonga?! Misollar tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, O.Matjon she’rlarida qo‘llangan sinonimik, antonimik, uyadoshik, partonimik, gipo-giperonimik munosabatdagi birliklar bir-biri bilan assotsiativ bog‘lanib, she’riy matnning shakllanishida “qurilish materiali” vazifasini o‘taydi.
So‘zlarning sintagmatik aloqasi ham ularning bir-biri bilan assotsiativ bog‘lanishini yuzaga keltiradi. Masalan, kelmoq so‘zi nutq egasining bu so‘z bilan bog‘liq tasavvurlari asosida uyga, to‘yga, maktabga, ishga kabi birliklarni yodiga soladi. Bunday aloqa ushbu so‘zlarning ko‘pincha kelmoq so‘zi bilan bog‘lanib kelishi, bu so‘z bilan sintagmatik aloqaga kirishuvi asosida shakllanadi. Demak, so‘zlarning sintagmatik aloqasi ham lisoniy ongda muhrlanadi.
Turtki so‘z va assotsiativ birlik o‘rtasidagi tobelik munosabati sintagmatik assotsiatsiyalarni yuzaga keltiradi. Sintagmatik assotsiatsiyalar orqali nutqda so‘z birikmalari va gaplar hosil bo‘ladi. O.Matjonning har bir she’rida bu turdagi assotsiativ birliklar kuzatiladi. Shoirning “O‘rtamizda birgina olma” she’ridan olingan quyidagi parchani tahlil qilamiz: