Qovun pashshasi Muiorardalis rardalipa Vig. Pashsha lichinkalari qovun etini yeb, tamomila yaroqsiz qilib qo’yadi. Odatda pashsha tekkan qovunlar chiriydi. Tarvuz ham pashsha lichinkalaridan qisman zararlanadi.
Voyaga yetgan pashsha xira, sariq yoki och zarg’aldoq tusli, ko’kragi esa tilla rang tuk bilan qoplangan, ko’kragi bo’ylab ikkita ravshan yo’l o’tadi, ular uchta zarg’aldoq chiziq bilan chegaralangan, qalqoni oq.
6-rasm. Qovun pashshasi imagosi.
Tanasining pastki tomoni va oyoqlari ustki tomonidan ravshanroq, qanotlarida uchtadan sariq ko’ndalang yo’li bor. Orqa oyoq sonlari birmuncha yo’g’on. Lichinkasi oq, tanasi oldingi uchidan orqa uchiga qarab sekin-asta yo’g’onlashib boradi, qornining orqa uchi tikka kesilib tushgan, so’nggi segmentining uchida ikkita do’mboqcha bor, anal teshigi uzunasiga ketgan, tanasining uzunligi 1 sm gacha boradi. Soxta pillasi cho’zinchoq oval shaklda, sariq-qo’ng’ir, uzunligi 7-8 sm. Qovun pashshasi yangi mintaqalarga asosan lichinkalik stadiyasida ( shu lichinkadan zararlangan qovun va tarvuz bilan) o’tadi. Qovun pashshasi poliz tuprog’ining yuza qatlamida g’umbaklik stadiyasida qishlaydi. Tuproq harorati 20°C dan past bo’lmaganda g’umbakdan pashsha paydo bo’lib, yuzaga chiqadi. Erkak va urg’ochi pashshalar qovun va tarvuz shirasi bilan oziqlanadi. Urg’ochi pashsha qovun bilan tarvuzni tuxum qo’ygichi bilan teshadi. Pashsha g’umbakdan chiqqach 6-7 kundan keyin tuxum qo’ya boshlaydi; tuxum qo’yish bir oygacha cho’ziladi. Urg’ochi pashsha tuxumlarini qovun-tarvuz po’stining ostiga (ayniqsa qovunga) qo’yadi: pashsha qovun-tarvuzni tuxum qo’ygichi bilan teshib, unga bitta tuxum qo’yib ketadi. Bir qovun yoki tarvuzga bir necha tuxum qo’yishi mumkin. Urg’ochi pashsha umrida 100-200 ta tuxum qo’yadi.2-7 kundan keyin tuxumdan chiqqan lichinkalar qovun-tarvuz eti bilan oziqlanadi. Lichinkalar yozda 8-13 kunda rivojlanadi, kuzda esa rivojlanish 18 kunga cho’ziladi. Oziqlanib bo’lgan lichinkalar qovun-tarvuzdan chiqib, yaqin oradagi tuproqda g’umbakka aylanadi. Soxta pillalardan bir qismi (taxminan 27 %) kelgusi yil ko’klamgacha diapauzaga kiradi, qolganlaridan esa 13-20 kundan keyin yangi nasl pashshalari chiqadi, ular tez orada tuxum qo’ya boshlaydi.
Qovun pashshasi yiliga 2-3 nasl beradi, shu bilan birga ikkinchi nasl g’umbaklari diapauzaga birinchi nasl g’umbaklaridan ko’ra ko’proq kiradi.
Qovun pashshasi tushgan joylardan bu hasharot yo’q joylarga qovun-tarvuz keltirishni ta’qiqlash karantin chorasi hisoblanadi.
Qovun pashshasi soxta pilla stadiyasida bo’lgan davrda tuproqqa, masalan, dixloretan yoki serouglerod solib fumigasiya qilishni perspektiv chora deb hisoblashga asos bor, ammo tuproqni bunday fumigasiya qilish hali amaliyotda sinab ko’rilgani yo’q. Agrotexnika choralaridan-qovun va tarvuz ekiladigan dalalarni kuzda shudgorlab qo’yib, qovunni mumkin qadar ertaroq ekib olish usuli qo’llaniladi.